Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Prezident Farg‘onadagi «Neftchi» futbol akademiyasi faoliyati bilan tanishdi

Prezident Farg‘onadagi «Neftchi» futbol akademiyasi faoliyati bilan tanishdi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasida viloyat futbol assotsiatsiyasiga qarashli futbol markazi hamda «Neftchi» bolalar futbol akademiyasida yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Farg‘ona viloyati mamlakatdagi eng kuchli futbol maktablaridan biri sifatida tanilgan bo‘lib, bu hudud ko‘plab iqtidorli futbolchilarni yetishtirib kelmoqda. Xususan, 1962-yilda tashkil etilgan «Neftchi» futbol klubi O‘zbekiston Superligasining 6 karra chempioni, mamlakat kubogining 2 karra va superkubokning 1 karra sohibi hisoblanadi. Shuningdek, jamoa 1994-yilda MDH kubogi finaliga chiqqan, 1994–1995 yillarda esa Osiyo chempionlar ligasida bronza medallarini qo‘lga kiritgan.

So‘nggi yillarda hududda futbolni yanada rivojlantirish, yosh iste’dodlarni saralash va tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda 2025-yilda «Neftchi» bolalar futbol akademiyasi tashkil etildi.

Akademiya 4,5 gektardan ortiq hududni egallab, 150 nafardan ziyod yosh futbolchilarni qamrab olgan. Bu yerda 6 ta katta va kichik futbol maydoni, zamonaviy tibbiy va reabilitatsiya uskunalari bilan jihozlangan fizioterapiya bo‘limi faoliyat yuritmoqda.

Shuningdek, qiymati 1,1 million dollar bo‘lgan sun’iy qoplamali va havo gumbazi bilan yopilgan yopiq futbol maneji barpo etilgan. Bu esa yosh sportchilarga yil davomida uzluksiz mashg‘ulot olib borish imkonini yaratadi.

Akademiyada mashg‘ulotlar xalqaro standartlar asosida tashkil etilmoqda. Bu borada UEFA instruktorlari va boshqa xorijiy mutaxassislar jalb qilingan.

Prezident akademiyada yosh futbolchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlarni ko‘zdan kechirib, ular bilan muloqot qildi hamda mashg‘ulot jarayonini kuzatdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring