Qashqadaryoda baliqchining tabiatga yetkazgan zarari qariyb 13 mlrd so‘mga baholandi
Qashqadaryo viloyatida taqiqlangan davrda noqonuniy baliq ovlash holati aniqlanib, tabiatga yetkazilgan zarar 12,7 milliard so‘mdan oshdi.
Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, Shahrisabz tumanida o‘tkazilgan reyd tadbirlari davomida fuqaro Tanxoz daryosidan 412 dona Qizil kitobga kiritilgan Amudaryo gul balig‘i (forel) hamda 6 dona oddiy qorabaliqni noqonuniy ovlagani fosh etildi.
Holat bo‘yicha bir qator qonun hujjatlari, jumladan, tabiatni muhofaza qilish va hayvonot dunyosini asrashga oid talablar qo‘pol ravishda buzilgani qayd etilmoqda.
Mutaxassislar eslatishicha, hozirgi davr — baliqlarning ko‘payish mavsumi bo‘lib, shu sababli mamlakatda turli hududlarda baliq ovlashga vaqtincha taqiq joriy etilgan. Bu cheklovlar bioresurslarni saqlab qolish va ayrim turlarning yo‘qolib ketishining oldini olishga qaratilgan.
Aniqlangan huquqbuzarlik bo‘yicha hujjatlar Qashqadaryo viloyati prokuraturasiga yuborilgan. Tegishli tartibda javobgarlik choralari ko‘rilishi kutilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter