Qurbon nega ideal bo‘lishi kerak yoxud «adolatli dunyo illyuziyasi»

Farg‘ona viloyatining Furqat tumanida ichki ishlar xodimlari tomonidan tahqirlangan ayol Gulira’no Qosimova «Kun.uz» saytiga intervyu berdi. Va jamoatchilikning aksar qismi zo‘ravonlikni emas, ayolning o‘zini turli gumonlar bilan ayblashga urinishlar kuzatildi. Maqola voqea haqida emas, jamoatchilikning ushbu holatga munosabati haqida. Shu kuni jamiyat bir necha guruhga bo‘lindi: zo‘ravonni qoralaganlar, ayolni ayblaganlar, gumonu shubhaga botganlar...
Gumon bu shunchaki oddiy xalq iborasi emas, psixologiyada, sotsiologiyada va hatto siyosatshunoslikda o‘rganilgan fenomen! Gumon nafaqat insonni masxara qiladi, balki jabrlanuvchini ham aybdorga aylantiradi, tom ma’noda gumon zaif huquqiy tafakkurning mevasi. Qolaversa, bejizga «gumon iymondan ayiradi», deyishmaydi-da.
«Nega pulni so‘rash uchun uyiga boradi», «nega telefon orqali so‘ramaydi», «balki ayolga soliq boshlig‘i ichki ishlar xodimlari taklif qilgan puldan ham ko‘proq pul taklif qilgandir...»
Xuddi shunday bo‘ldi, ayol tahqirlandi, ammo jamiyat uning xatti-harakatini tahlil qilishga tushib ketdi. «Nega erkak bilan uchrashadi, nega yolg‘iz boradi...» Bu klassik patriarxal yondashuvda ayol qurbon emas, «shubhali shaxs»ga aylandi. Bu jamiyatda ayolning sha’ni himoyaga arzimaydigan narsa sifatida qabul qilinayotganini ko‘rsatadi. Odamlar ayolning nega u yerda bo‘lganini muhokama qilib, asosiy jinoyatni ikkinchi darajali qilib qo‘ymoqda.
Zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishida biz bunday ayblov va gumonlarga doimo duch kelamiz, «balki o‘zi aybdordir, balki xiyonat qilgani uchun eri uni o‘ldirgandir...»
Qurbonni ayblash ijtimoiy psixologiyada (victim blaming) deb nomlanadi — qurbonning xatti-harakatlari, kiyimi yoki qarorlari tahqirlanadi, voqeaning ayblovchisi emas, qurbonning o‘zi aybdor ekanligi haqida tasavvur shakllanadi. Hozir ayni paytda ayolning shaxsiy hayotiga qiziqatyoganlar, uning kiyinishi va yurish turishini kuzatuvga olishga shaylar «yo‘lga chiqqan» bo‘lsa ajab emas.
Bu qanday ijtimoiy oqibatlarga olib keladi?
Tadqiqotchilar fikricha, bunday vaziyatda qurbon jamiyatdan o‘zini izolyasiyalaydi, da’vo qilmaydi, adolat kutmaydi. Jamiyatda pattern-shablon shakllanadi: «xatolik qurbonning o‘zida», natijada boshqa jabrdiydalar haqiqat uchun kurasha olmaydi, ovozini o‘chirib yurishga majbur.
Jamiyatimizda jabrlanuvchi gumon va shubhada qolmasligi uchun qanday kriteriyalarga ya’ni talablarga javob berishi kerak? Norvegiyalik kriminolog, yozuvchi Nils Kristi ta’kidlaganidek: «Jamiyat faqat «passiv, begunoh, ideal» qurbonga ishonadi. Ya’ni ishonchga loyiq qurbon faqat passiv, begunoh, ideallashtirilgan ayol obraziga mos kelgandagina jamiyat tomonidan himoya qilinadi Agar jabrlanuvchi bu obrazga mos kelmasa, uning haqiqatini eshitishmaydi, uning so‘zi hatto dalillar bo‘lgan taqdirda ham shubha ostida qoladi. Gulira’no Qosimova keysida shuni ko‘rish mumkin, u o‘qimishli, yosh, o‘z haq-huquqini biladi, bechora va g‘arib ko‘rinmaydi. Agar shu ayol o‘rnida keksa bir shaxs, jamiyatning eng oddiy qatlamidan, ana boringki yeyishga noni yo‘q kambag‘al bo‘lganida edi haqiqiy ideal qurbon hisoblanardi... Maqolada aytmoqchi bo‘lgan gaplarimiz bular ham emas.
Maqsadimiz odamlar nimaga haqiqat uchun kurashishdan ham ko‘ra qurbonning o‘zini ayblashga moyilligi haqida, «adolatli dunyo gepotezasi» (Just-World Hypothesis) ya’ni adolatli dunyo illyuziyasiga barham berish haqida.
Just-world hypothesis nazariyasini 1960 yillarda amerikalik psixolog Melvin J. Lerner asoslab bergan. Uning tadqiqotlariga ko‘ra, insonlar fojea va zo‘ravonlik holatlarini ko‘rganda voqeani ob’yektiv tahlil qilishdan ko‘ra, qurbonning xatti-harakatida «mantiq» izlashga moyil bo‘ladi, shu orqali o‘zlarining xavfsizlik hissini saqlaydi. Lernerning klassik eksperimentlaridan birida tomoshabinlar boshqalarning azob chekkanini ko‘rishgan va vaqt o‘tishi bilan ularning ko‘pchiligi «demak, bu odam shunday jazoga loyiq» degan xulosaga kelgan. Negaki, agar jabrlanuvchi begunoh bo‘lsa bu har birimizning xayolimizga «ertaga men bilan ham shunday bo‘lishi mumkin», degan qo‘rqinchli haqiqatni keltiradi. Shu qo‘rquvdan qochish uchun odamlar jabrlanuvchini ayblaydi, o‘zini esa «xavfsiz» his qiladi. Bu mutaxassislarning tili bilan aytganda psixologik himoya mexanizmi.
Hattoki, shu keys bilan bog‘liq postlarga qoldirilgan izohlar orasida «men nomusliman, bunday holat men bilan yuz bermaydi» degan fikrlarni ham uchratish mumkin. Ya’ni zo‘ravonlikka va tahqirlanishga nomussiz odamlar loyiq degan ma’noni ko‘ramiz.
«Men u holatga tushmayman, chunki men u kabi xato qilmayman», degan fikr illyuziyani saqlab qoladi va hayotda yashash xavfsizdek ko‘rinadi. Mana shu yerda jinoyatchilar o‘zini erkin his qila boshlaydi. Chunki qurbonning o‘zi shunga sharoit yaratib berdi, axir qurbon shunday jazoga loyiq...
Yana bir tomoni odamlar ongi xaosni yoqtirmaydi. Har bir fojea, nohaqlik ongda «adolatli dunyo» tasavvuriga zarba beradi. Shuning uchun odamlar: «Uning boshiga shunday ish tushishi bekorga emas…», «Demak, u ham bir joyda xato qilgan» degan gumonlarga boradi, hatto o‘zi borgan shubha-gumonlardan xotirjam tortadi.
Aytaylik zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayol haqida: «O‘zi yomon yo‘lda yurgani uchun javobini oldi»...
Qashshoq odam haqida: «Ular mehnat qilmagani, uchun shunday qashshoq bo‘lishi kerak»...
Bolalikda zo‘ravonlikka uchraganlar haqida: «O‘zi ham aybdor bo‘lgan» degan qarash...
Bu adolatni izlash emas, adolatli dunyo illyuziyasini saqlab qolish uchun ongda tug‘ilgan gumondir.
Natijada nima bo‘ladi?
Jamiyatda qurbonlar ikkinchi marta jabr chekadi — ilk fojeadan va ikkinchi marta jamoat gumoni, ayblovi...dan. Ikkinchi chekayotgan jabri, psixologik bosim qurbonni battar chorasiz qoldiradi.
1970 yillarda AQShda zo‘ravonlik qurbonlarini ayblash odatiy hol bo‘lgan. Ammo keyingi o‘n yilliklarda ommaviy muhokama va huquqiy islohotlar bu tendensiyani buzdi. Qurbonni ayblash fenomeniga qarshi jamoatchilik kampaniyalari o‘tkazildi. RAINN kabi tashkilotlar qurbonni himoya qiluvchi media qarashlarni kuchaytirdi.
Shvetsiyada 1980 yillarda qurbonni gumon qilish nafaqat axloqan, balki huquqiy jihatdan ham qabul qilinmaydigan holga keldi. Politsiyada maxsus «victim support units» tashkil etildi va tergov jarayonida qurbonni ayblovchi savollar taqiqlandi.
Fransiyada ayollarga qarshi zo‘ravonlikka oid jamoatchilik fikrini o‘zgartirish uchun katta milliy mediakampaniyalar o‘tkazilgan. Davlat organlari javobgarlikka tortiladigan holatlar ommaviy muhokama qilinadi, jamiyat gumon bilan emas, tizim aybdorligini muhokama qiladi. Kanada ta’lim tizimida maxsus dasturlar orqali gumon va ayblovga qarshi ta’lim beriladi. Maktab va universitetlarda «jabrlanuvchini ayblash —zo‘ravonlikni qo‘llab-quvvatlash» deb tushuntiriladi.
Germaniya sud jarayonlarida jabrlanuvchi psixologik himoya oladi, uning shaxsiy hayoti muhokama ob’yekti bo‘lishi mumkin emas. Bu odamlar orasida «ayb qurbondan boshlanadi», degan yondoshuvni yo‘qotgan.
Illyuziyadan reallikka o‘tish har qanday jamiyat uchun og‘riqli bosqich. Ammo aynan shu bosqichdan o‘tgan mamlakatlargina qurbonni ayblash madaniyatidan voz kechib, haqiqiy huquqiy davlatga aylangan. Ular bunday zo‘ravonliklardan xato qilsa ham, qilmasa ham, farishtadek oppoq bo‘lsa ham kafolatlanmaganini allaqachon tushunib yetishgan. Adolatli dunyoni miyasida emas real hayotida qurish uchun harakat qilishmoqda...
Tasavvur qiling...
Gumonchilar, qoralovchilar, ayblovchilar intiqlik bilan kutganidek, jabrlanuvchining xatolari dalillar bilan keltirilsa ham bu uning insoniy qadr-qimmatini toptagan zo‘ravonlikni oqlamaydi. Bu holatda muhokama qilinishi kerak bo‘lgan narsa ayolning shaxsiy hayoti emas, tizim ichida zo‘ravonlikka yo‘l qo‘yilgani va jamiyatning unga javobsiz qarayotganidir.
Adolatli dunyo illyuziyasini yo‘qotish jamiyat uchun shok. Ammo shunday «tarsakilarsiz» islohot bo‘lmaydi. Agar aybni qurbondan izlasak, jinoyatchilar zo‘ravonlik qilishda davom etaveradi.
Gap ayolning nima qilganida emas — uning tahqirlanganida!
Juda ko‘pchilik izohlarda ayolning hattoki kiyinishi tilga olingan.
Bu esa sha’n va qadr qimmatni kamsitish va huquq buzilishi hisoblanadi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 13, 27 va 48-moddalarida inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi, har kim o‘z sha’ni va obro‘siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanishi hamda fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majbur ekanliklari qat’iy belgilab qo‘yilgan.
Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi «Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida»gi Qonunining (yangi tahrirda) 6-moddasiga ko‘ra, ommaviy axborot vositalari orqali fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini yoki ishchanlik obro‘sini tahqirlash, shaxsiy hayotiga aralashish taqiqlanishi belgilangan.
Qaniydi, ayni paytda Gulira’no Qosimova uning qadr-qimmatini kamsitib yozganlarni, sha’nini bulg‘ashga urinayotganlarning har birini bittama-bitta sudga bersa... va biz uni shubha-gumonlarsiz qo‘llab-quvvatlasak yoki adolatli dunyo illyuziyasiga ishonib yashashda davom etaveramizmi?
Barno Sultonova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter