Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Barno Sultonova

Ozodlik qo‘rquvning yuziga tik qaray olishdir.

Daraxtlarga zo‘ravonlik: kesish, sotish, uzr so‘rash va yana kesish

Daraxtlarga zo‘ravonlik: kesish, sotish, uzr so‘rash va yana kesish

foto: Ekologiya vazirligi

Daraxt ekishni bilmaydigan kattalar

Ikki kun avval ijtimoiy tarmoqlarda bir video tarqaldi. Ekopartiya rahbari Abdushukur Hamzayev maktab o‘quvchilari bilan uchrashuvda: «endi kattalar uchun daraxt ekishni ko‘rsatib beramiz» dedi. Shu payt o‘quvchilardan biri beg‘uborlik bilan so‘radi: «kattalar daraxt ekishni bilmaydimi?».
Partiya rahbari kulib, «ha, kattalar bilishmaydi, shuning uchun daraxtlar qurib ketayapti», dedi. Ammo sersavol bolakay yana qiziqdi: «kattalar maktabga bormaganmi?»
Bu gap, go‘yo hazildek eshitilsa-da, juda og‘riqli haqiqatni ochdi: rostda biz daraxt ekishni emas, daraxt kesishni o‘rgangan jamiyat kattalarimiz.

Toshkentda kuni kecha 174 ta daraxt kesilgani bo‘yicha hamon bahs-munozaralar davom etmoqda. Axir kam emas 174 ta daraxtni ulg‘aytirishning o‘zi bo‘lmagandir. Bir daraxt voyaga yetgunicha kamida 30 yil kerak. Endi ekilgan daraxtlar kattarguncha yana qancha qish, qancha yoz va qancha chang-to‘zon va jaziramada jazzillashimizga to‘g‘ri keladi.
Gazeta.uz nashrining yozishicha, poytaxtimizning Bobur ko‘chasida kesilgan daraxt va butalarning 151 tasi sog‘lom bo‘lgan. Har doimgidek bizda «sallani olib kel, desa kalla oladigan»lar, kasalvand daraxtlarga qo‘shib sog‘lom daraxtlarning 150 dan ziyodini kesib tashlagan. Aslida qanday topshiriq bo‘lgani bizga qorong‘u...

Ekologiya vazirligi zararni 1 milliard 460 million 952 ming so‘m deb hisoblagan. Prezidentning 90-son qarori bilan joriy etilgan moratoriy talablari qo‘pol ravishda buzilgan.
Shahar hokimligi mas’ullar jazolanishini aytdi, lekin shu savol havoda osilib turibdi: «Daraxt kesgan fuqarolar javob beradi», ammo daraxt kesishni buyurganlar kimlar, axir kimdir buyruq bergan-ku yoki har doimgidek «fuqarolar A.B va V.Slar...» degan alfavitli krossvord yechish bilan shug‘ullanamizmi?

Kesish topshirig‘ini kim bergan?

Toshkent shahri hokimligi axborot xizmati rahbari Gulnoza Qosimovaning Gazeta.uz nashriga bergan intervyusiga ko‘ra, hokimlik ushbu daraxtlarni kestirish niyatida bo‘lmagan, faqat ko‘chirish rejasi bor edi. Ammo mas’ul xodimlar topshiriqni noto‘g‘ri tushunib, daraxtlarni kesib tashlagan.

Agar rostdan ham bu sohada o‘z ishini puxta bajara olmaydigan, ming bor uzr, ovsarroq odamlar ishlasa, balki ularni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazib ishga olish kerakdir. «Kesish» bilan «ko‘chirish» iborasining farqiga bormaslik uchun topshiriq berilayotganda xodim nima bilan band bo‘lishi kerak?
Qosimova hatto kesish ishlari nega tunda bo‘lganini shunday izohladi: «kechqurun, salqinda ko‘chirilgan daraxtlar yaxshi ildiz oladi».
Xo‘p, maqsad daraxtlarni ko‘chirish (qayerga va nima uchun) ekan, tungi vaqt ko‘chirish uchun tanlangan ekan, nima uchun kesib tashlandi...

Biroq dendrolog, Toshkent davlat agrar universiteti dotsenti Farhod Ubaydullayev buni fojia deb atadi: «Bu archalar virjin turiga mansub bo‘lib, zaharli gazlar, chang va issiqlikka chidamli. Videolarda ular sog‘lom, ko‘m-ko‘k holatda. Kesilgan har bir archa biofabrika edi. Ular shaharning havosini tozalaydi, issiqni qaytaradi».

«Ekologiya bo‘limlarini hokimiyatga berish, bu fojea»

Ekologiya vaziri maslahatchisi Rasul Kusherbayev prezident farmoniga ko‘ra, o‘nga yaqin vazirlik qatorida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining ham bo‘linmalari tajriba-sinov tariqasida hokimliklar tuzilmasiga o‘tkazilayotganiga munosabat bildirdi.

«Joylardagi ekologiya bo‘limlari mahalliy hokimiyatlarga berilyapti. Bu «Atrof-muhitni asrash va «yashil iqtisodiyot» yilida ekologiyani o‘ldirish degani. Afsuski, joylarda eng ko‘p moratoriy talablarini buzayotgan idoralarni qarasangiz, bu mahalliy hokimiyatlar hissasi to‘g‘ri keladi... Bundan keyin hokimiyatlarni daraxt kesishdan hech narsa to‘xtatib qolmaydi. Shuning uchun mazkur qarorni qayta ko‘rish kerak deb hisoblayman», deydi u.
R.Kusherbayevning so‘zlariga ko‘ra, rivojlangan mamlakatlarda ekologiya idoralari hukumatga emas, parlament yoki prezidentga bo‘ysunadi, chunki bu manfaatlar to‘qnashuvini oldini oladi. Bizda esa aksincha.

Umuman olganda, daraxtlarning kesilishi uchun javobgar, yashillikka mas’ul idoralar talaygina, lekin shunga qaramay daraxtlarning egasi yo‘qdek va yanayam achinarlisi, aynan yashillikka javobgar, tabiatni asrab-avaylashi kerak bo‘lgan vakolatli tashkilotlarning o‘zi buzg‘unchilikka bosh-qosh bo‘lsa dardingni kimga aytasan. Masalan, obodonlashtirish boshqarmalarining ko‘chalarni tozalashdan tashqari ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha vazifalari ham bor. Nahotki, obodlikka mas’ul korxonalar xodimlarining birortasi «o‘zimiz o‘tirgan shoxga o‘zimiz bolta urayapmiz» deya o‘ylamagan, daraxt «jallodlari»ni to‘xtatishga urinmagan bo‘lsa. Ya’ni shahar hokimligi va tuman obodonlashtirish bo‘limlari rekonstruksiya, yo‘l yoki binolar qurilishida «kesish yoki ko‘chirish» loyihasiga javobgar ekanligini bilmasa?

Aslida, 2019-yilda qabul qilingan qarorga ko‘ra, har bir kesilgan daraxt uchun 5 tasi qayta ekilishi kerak. Bu amalda bajarilyaptimi? Va bu ko‘chatlarni qanchasi ko‘karadi, qanchasi quriydi va havoga sovurilgan qancha mablag‘ budjetga zarar keltiradi?

Hozir poytaxtdagi PM 2.5 havo ifloslanish ko‘rsatkichi 3 baravar (RM 10) me’yordan yuqori. Havo daraxtlar kamayishi evaziga ana shunday ifloslanib boraveradi. Bir daraxt yiliga 20-30 kg changni filtrlasa, demak 174 dona daraxt 3-4 tonna changni filtrlagan bo‘lardi, endi esa aholi tonnalab changni yutishga tayyorgarlik ko‘rishi kerak...

Tadqiqotlarda aytilishicha, shaharda daraxtlar kesilgan hududlarda havo harorati 4-8°C ga oshadi, chang zarralari 30 foizga ko‘payadi, issiqlik orollari tez shakllanadi. Bu nafaqat ekotizim, balki inson sog‘lig‘iga ham tahdiddir, allergiya, astma va stress darajasi oshadi.

Daraxtlarning nafaqat havo tozalashi, balki suv aylanishiga ham ta’sir etishini juda yaxshi bilamiz. Ilmiy hisobotlarga ko‘ra, bitta katta daraxt yiliga 400–1000 litr suvni aylanishga qaytaradi. Daraxtlarning kesilishi shahar mikroklimatidagi namlikning yo‘qolishi, yomg‘ir miqdorining pasayishiga ham ta’sir qiluvchi omil. BMTning «UN-Habitat» hisobotiga ko‘ra, million aholili shaharda har bir odamga kamida 9 m² yashil maydon to‘g‘ri kelishi kerak.

Toshkentda bu ko‘rsatkich oxirgi yillarda 5 m² atrofida. Bu ketishda yanada kamayadi, lekin aynan Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi bilan tanishish (2022-yil) chog‘ida Toshkent shahri va uning atrofidagi yashil hududlar 3 karra ko‘paytirilib, 25 ming gektarga yetkazilishi belgilanishi, bu orqali aholi jon boshiga to‘g‘ri keladigan yashil maydon hozirgi 3 kvadrat metrdan 6 kvadrat metrga oshishini alohida urg‘ulagan edi. Bugungi holatni xiyonat yoki sabotaj deb bemalol aytsak bo‘ladi, menimcha.

«Kattalar daraxt ekishni bilmaydimi?» – bolakay haq ekan...

Kesish, sotish, uzr so‘rash... va yana kesish... So‘nggi bir yilda daraxt kesilishi bo‘yicha holatlar tez-tez muhokamalarga va noroziliklarga sabab bo‘lmoqda. Nahotki, mana shunday muhokamalar bo‘lishini bilib turib ham bemalol xatolikka yo‘l qo‘yish mumkin. Yoki daraxt kesilishidan manfaatdor odamlar O‘zbekistonda nima bo‘layotgani, daraxtlarga moratoriy joriy qilingani, aholi g‘azabiga uchrashini bilmasa.... bilmasaya...

Agar bilib turib odamlar gapiraveradi, biz esa bir-ikki odamni jazolab qizarmay, uyalmay yashashda davom etamiz deb o‘ylashgan bo‘lsa-chi? Eng qo‘rqinchlisiyam shuda o‘zi...
Daraxtlar kesilishi bilan bog‘liq xabarlarga ko‘z yugurtiramiz: Qibrayda 30 yillik daraxtlar kesildi: aholi norozilik bildirmoqda, Namanganda 4 tup qimmatbaho daraxtni kesgan fuqarodan 326 mln. so‘m zarar undirildi... Sayxunobodda 21 tup daraxtni sotgan uch kishi 2 yilga qamaldi... (zarar 1 mlrd so‘m). Yunusobodda daraxt qo‘porgan ikki kishi 5 sutkaga qamaldi, 27,8 mln. so‘m undirildi...

So‘nggi savol

Demak, bu raqamlar, bu daraxtga nisbatan zo‘ravonliklar birinchisi va so‘ngisi ham emas.
Shuning uchun bolakayning savoli qayta yangraydi:
«Kattalar daraxt ekishni bilmaydimi?»

Mayli, kattalar daraxt ekishni bilmas, loaqal kesishni to‘xtatishi kerak...
Yana bolakayning savoliga qaytamiz: «kattalar maktabga bormaganmi?»

Biz esa taxmin qilamiz: katta ehtimol bilan ular yo maktabga bormagan yoki «ikkichi» bo‘lgan. Axir maktabga borgan odamda savod bo‘ladi, ong, bilim «kesish» va «ko‘chirish» degan gaplarning farqiga boradi, yo rostanam daraxt kesgan kattalar maktabga bormay vaqtini buzg‘unchilik va talon-tarojlik bilan o‘tkazganmikan, nima dedingiz?

Barno Sultonova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring