Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda 15 yillik dardga aylangan abgor yo‘l (video+foto)

— Qaranglar, buni ko‘rdingizmi? Havo chang, chang, chang, xuddi tumanday! Iltimos, asfalt qilinglar! Biz bolalarning aytayotgan gaplarimizni ham eshitinglar! Biz ham shu havodan nafas olyapmiz. Prezident bobo, iltimos, bir marta kelib ko‘ring…

Qishloqning chang ko‘chasi bo‘ylab velosiped haydab ketayotgan 7 yoshli bolaning «Xabar.uz»ga qilgan videomurojaati yuzasidan manzil sari oshiqdik...

O‘sha manzil, o‘sha odamlar

Buxoroning Jondor tumanida joylashgan «Po‘loti» mahallasi hududi sari yo‘lga chiqdik. Havo bulutli, tinimsiz yomg‘ir yog‘moqda. Mahallaning «Oromgoh» qishlog‘iga kirib kelgunimizcha bizni egri-bugri, o‘nqir-cho‘nqir, loy-balchiq ichki yo‘llar qarshi oldi. Mashinadamiz-ku shuncha qiyinchilik... Bu ichki yo‘llarda odamlar piyoda yurishni qanday uddalashyapti?!

«Beligacha» botqoqqa botgan mashinadan tushayotganimizdagina, oradan salkam bir yil o‘tib, bizni yana o‘sha manzil, o‘sha odamlar qarshi olganini esladik. Ushbu hudud — bundan 30 yilcha avval Zarafshon daryosi ustida qurilgan va og‘ir yuk mashinasi o‘tishi oqibatida qulab tushgan ko‘prik joylashgan manzil edi.

O‘shanda Jondor tumanidagi 6 ta qishloqni birlashtirib turgan «Po‘loti» mahallasida 8 500 nafardan ortiq odam yashashi, ko‘prikning o‘pirilib tushgani nafaqat mahalla aholisiga, balki tumanga ham katta zarar keltirayotgani yuzasidan odamlar mas’ullardan norozilik bildirib chiqishgani bayon etilgan edi. Oradan salkam uch oy vaqt o‘tib, tuman hokimi o‘z va’dasining ustidan chiqqan va ko‘prik qayta tiklangan edi.

Bu gal esa aholi aynan shu ko‘prikka tutash katta qatnov yo‘li masalasi xalqning og‘riqli dardiga aylanganini so‘zladi.

— To‘g‘ri, shag‘allashtirilgan. Lekin o‘shanda u shag‘almidi yoki tuproq — anglash qiyin bo‘lgandi. Chunki quyoshli kunlar edi. Oradan ko‘p o‘tmay, «shag‘al» o‘z «hangomasi»ni boshladi: yozning issig‘ida chang osmonga ko‘tarildi. «Shag‘al» deyishganidan asar ham qolmadi. Bildikki, shag‘al deb to‘kishgani tuproqdan boshqa narsa emas ekan. Gil qum bo‘lsa ham mayli edi-ku, yomg‘ir-qorni o‘ziga tortib, yo‘l usti quruq turardi. Bu nima ahvolki, mana, yog‘in-sochinli kunlarda tuproq ekani ma’lum bo‘lib qoldi. Loy tizzagacha... — deydi qishloq fuqarosi Baxshulla Boboyev.

«Po‘loti» mahallasi hududidagi qator ichki yo‘llarning bugungi holati mahalliy aholi va haydovchilarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Aynan «Oromgoh» qishlog‘idagi ushbu yo‘l ta’mirtalab ahvolga kelganiga 15 yildan oshdi. Haligacha asfalt ko‘rmagan bu yo‘llar odamlarning turmush tarzini og‘irlashtirib, mahalliy aholi uchun haqiqiy sinovga aylangan.

— O‘zi bor-yo‘g‘i bir kilometr ham chiqmaydigan yo‘l ta’mirga muhtoj. Bu aholi va avtomobillar uchun asosiy qatnov yo‘lidir. Nafaqat biz, yana 15 dan ortiq qishloq, qo‘shni Olot va Qorako‘l tumanlaridan yashovchilar ham aynan shu yo‘l orqali o‘z manziliga qatnaydi. Mashinasi borlar-ku farzandlarini amallab maktabga yetkazib qo‘yar, ammo qolganlar yog‘ingarchilik kunlari uydan chiqolmay qolishadi. Bu ketishda bolalarimizning darslarni o‘zlashtirishi, ta’lim sifati ortda qolishi aniq, — deydi fuqaro G‘aybullo Boboyev.

G‘aybullo Boboyev

Tizzasigacha loyga botgan bolalar

Darhaqiqat, qishloq aholisi yog‘in-sochinli kunlarda farzandlarining maktabga qatnovidan xavotirda. Ularning so‘zlariga ko‘ra, ozoda maktab formasida chiqib ketgan o‘quvchilar uyga tizzasigacha loyga botgan holda qaytishadi. Bu yerda mashinalar qatnovi izchil bo‘lsa-da, yo‘l chetida piyodalar yo‘lakchasi yo‘q. O‘quvchilar mashinalar bilan ro‘para kelmaslik uchun anhor bo‘ylab yurishga majbur. Afsuski, bolalarning mashinalardan qochaman deb loy sirpanchig‘ida ariqqa tushib ketishi qishloq aholisi uchun odatiy holga aylanib ulgurgan.

— Bolalarimiz maktabdan qaytguncha yuragimizni hovuchlab o‘tiramiz. Oxiri bo‘lmadi: yog‘in-sochinli kunlarda bolalarni ikki-uch kunlab maktabga yubormaslikka majbur bo‘lyapmiz. Yo‘llarimizni sifatli qilib berishsin! Bunday botqoq ko‘chalardan charchadik. Farzandlarimizni xavotirsiz maktabga jo‘nataylik, — deyishdi ayollar kuyinib.

«Biz kelajak emasmizmi?» (Bolalar ko‘ziga tik qarashdan uyalish kerak!)

Jurnalistik surishtiruv davomida yog‘in-sochinli kunlar sabab bir necha kundan buyon maktabga bora olmayotgan o‘quvchilar bilan suhbatlashdik. Ularning o‘qishga intilishi baland, qalbida «buyuk inson» bo‘lish orzusi yashaydi. Ularni tinglaymiz:

— Shahar o‘quvchilaridan bizning qayerimiz kam? Nega kunora darslardan qolishimiz kerak? Kattalar hech bo‘lmasa, biz kichiklar uchun yo‘llarimizni asfaltlab berishsin. Axir, biz kattalar aytganidek, ularning kelajagi emasmizmi? — deyishdi ular.

Yana bir maktab o‘quvchisining o‘z kelajagi va har kungi mashaqqati haqidagi hikoyasi har qanday kishini o‘yga toldiradi. Bolajonning beg‘ubor istagi, aslida, butun qishloqning orzusiga aylangan:

— Onam meni ozoda kiyimda maktabga kuzatadilar, lekin men uyga chang va loyga botib qaytaman. Mashinalar o‘tganda ustimizga loy sachratadi. Yomg‘irli kunlari yiqilib tushishdan qo‘rqqanimiz uchun ota-onamiz ba’zan maktabga borishimizga ruxsat berishmaydi. Biz ham hamma qatori ravon yo‘llardan maktabga borishni xohlaymiz.

Shu hududdagi 10-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori Javlon Saidovning aytishicha, birgina «Oromgoh» qishlog‘ining o‘zidan jami 175 nafar o‘quvchi maktabga qatnaydi.

Aynan fanlarni o‘zlashtirish kerak bo‘lgan yoshda kattalarga bunday og‘riqli savollar bilan murojaat qilayotgan bolalarning ko‘zlariga tik qarashdan biz-ku uyaldik. Xo‘sh, bu ishga mas’ul mutasaddilar ularning ko‘ziga qanday qarashar ekan?!

Chang, loy va xavf orasidagi hayot

Yo‘l — qishloq ahli uchun shunchaki harakatlanish vositasi emas. U farzandlarning maktabga borishi, aholi salomatligi va kundalik hayot sifatini belgilovchi muhim omildir. Qolaversa, yo‘llarning sozlanishi fuqarolar va davlat o‘rtasidagi ijtimoiy ishonchni ham mustahkamlaydi.

«Oromgoh» qishlog‘ining bugungi manzarasi haydovchilar uchun ham haqiqiy sinov maydoniga aylangan. Haydovchi Sardor Odilovning ta’kidlashicha, qishloqqa kirish va chiqish tirikchilik vositasi bo‘lgan texnikalarga katta zarar, piyodalarga esa og‘ir qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.

— Men shu mahallada yashayman. Ba’zan mijozlarni uyigacha olib boraman, lekin ko‘pchilik hamkasblarim yo‘lning holatini ko‘rib, ichkariga kirishdan bosh tortishadi. Oqibatda odamlar yozda changga botib, qishda esa loy kechib uyiga yetib olishga majbur bo‘lmoqda. Yaqindagina bir o‘quvchi maktabga ketayotganda loy ko‘chada sirpanib, muzdek ariq suviga tushib ketgani hammamizni tashvishga soldi, — deydi u.

Bunday holatlar hududda tez-tez takrorlanishi aholining xavotirini yanada kuchaytirgan. Yo‘l infratuzilmasining abgorligi haydovchi va yo‘lovchilar o‘rtasidagi tushunmovchiliklarga, aholi kayfiyatining tushishiga olib kelmoqda. Ayniqsa, yosh bolalar sog‘lig‘ining xavf ostida qolayotgani masala naqadar jiddiy ekanini ko‘rsatadi. Chang va qum to‘zonlari esa hududning yana bir og‘riqli nuqtasidir. Bunday havo allaqachon turli nafas yo‘llari va allergik kasalliklarni keltirib chiqargan. Aholining aytishicha, aynan shu muammo tufayli keksalar tez-tez muolaja olishga majbur bo‘lmoqda.

Tez yordam» yetib kirolmaydigan manzil

Jondor shahri va Zangi qishlog‘i yo‘nalishida qatnovchi taksi haydovchisining so‘zlariga ko‘ra, mashinalar qatnovi qumni havoga ko‘tarib, atrofni nafas olib bo‘lmas darajaga keltiradi.

— Qishloq aholisi changdan charchaganidan ba’zan yo‘llarni to‘sishgacha boradi. Deyarli har gal «mashinani sekin haydanglar», «tezlikni pasaytiring, changib ketdi» kabi gaplarni qayta-qayta eshitamiz. Biroq tezlikni pasaytirish ham muammoga yechim bo‘lolmaydi, chunki quruq tuproq baribir havoga ko‘tarilaveradi. Bu holat yo‘l harakati qatnashchilari va yo‘l yoqasida yashovchi aholining salomatligiga, ozodaligiga va kundalik tinchligiga ziyon yetkazmoqda. Odamlar va haydovchilar o‘rtasidagi bunday ziddiyatlar yo‘lning sifatli asfalt qilinishi bilangina barham topishi mumkin, — deydi u.

Eng achinarlisi, qatnov yo‘lining nosozligi tibbiy yordam ko‘rsatish sifatiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Fuqaro Nigora Halimovaning aytishicha, «tez yordam» chaqirilganda mashinalar yo‘lning yomonligi sabab ichkariga kira olmaydi. Bu esa inson hayoti xavf ostida qolgan daqiqalarda juda qimmatga tushishi mumkin.

Jurnalistik surishtiruv davomida harchand urinmaylik, «Po‘loti» mahallasi raisi Erkin G‘ulomovni «topish»ning imkoni bo‘lmadi. Aholi mahalla raisidan norozilik bildirar ekan, uning xalq va hokimiyat o‘rtasida ko‘prik bo‘la olmayotganini ta’kidladi. Odamlar yo‘lni ta’mirlash bo‘yicha bir necha bor murojaat qilishgani, biroq mahalla oqsoqoli bunga e’tiborsiz qarayotganidan shikoyat qilishdi.

Jondor tumani yo‘llardan foydalanish davlat muassasasi mutaxassisi Umid Xo‘jayevning bildirishicha, ushbu yo‘lni ta’mirlash masalasi bundan ikki yil oldin Davlat dasturiga kiritilgan. Biroq moliyalashtirishdagi muammolar, ya’ni mablag‘ yetarli emasligi masalaning oqsoqlanib qolishiga sabab bo‘lmoqda.

Mahalla raisi qanchalik xabardor?

Qayta-qayta urinishlarimizdan so‘ng manzilga yetib kelgan mahalla raisi Erkin G‘ulomov aholi bilan uchrashuvda ular kutmagan xabarni ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, «Oromgoh» qishlog‘ining ta’mirtalab bo‘lib qolgan 1 kilometrlik ushbu yo‘li viloyat hokimligining 2026-yilgi dasturiga kiritilgan. Raisi viloyat deputati bilan bo‘lgan suhbatiga tayanib, joriy yilning sentyabr-oktyabr oylarigacha yo‘llar asfaltlashtirilishini bildirdi.

Erkin G‘ulomov

— Hozirgina viloyat deputati bilan gaplashdim. Nasib bo‘lsa, 2026-yilning sentyabr-oktyabr oyigacha bu masala hal etiladi. Keyin bu kunlarni ko‘rmaganday bo‘lib ketasizlar, — dedi u aholiga qarata. — «Po‘loti» mahallasi uchun ajratilgan 3,5 kilometrlik asfaltlashtirish rejasining 1 kilometri aynan «Oromgoh»ning shu manziliga yo‘naltirilgan.

Bu ma’lumotlar qishloq ahli uchun uzoq kutilgan xushxabar bo‘lishi mumkin, ammo bizda bu gaplar mahalla raisining vaziyatni yumshatish uchun bergan navbatdagi va’dasidek taassurot qoldirdi.

Biz xalq deputatlari Buxoro viloyati Kengashi raisi Jamol Ashurov bilan telefon orqali bog‘landik. Deputat o‘z so‘zida «Po‘loti» tumandagi aholisi eng ko‘p mahallalardan biri bo‘lsa-da, negadir «Open budjet» jarayonlarida uyushqoqlik bilan qatnashmayotganini ta’kidladi. Uning aytishicha, bundan ikki barobar kichik bo‘lgan mahallalar aholisi faollik ko‘rsatib, o‘z hududlarida bir qarich ham asfaltsiz yo‘l qoldirishmagan.

— Ammo «shunday ekan» deb qarab turmaymiz. Haqiqatan ham «Po‘loti» hamda «Xo‘jahayron» mahallalaridagi ayanchli ahvoldagi yo‘llarni asfaltlashtirish uchun harakatlarni boshlaymiz. «Oromgoh»dagi o‘sha yo‘lning har ikki tomoni allaqachon asfaltlangan, faqat o‘rtada bir kilometrga ham bormaydigan — taxminan 800 metrlik masofa qolgan. Muammo yechimi uchun yuz foiz harakat qilamiz, — dedi deputat.

Mahalla raisining rejalari va deputatlik so‘rovlari natijasi tez orada amalda o‘z ifodasini topishiga umid qilamiz.

Masalaga oydinlik kiritish maqsadida Jondor tumani hokimi Jamshid Xudoyev bilan suhbatlashdik.

Hokimning ta’kidlashicha, Prezident tashabbusi bilan mahalliy budjetlarga yo‘naltirilayotgan qo‘shimcha qiymat solig‘i mablag‘lari to‘g‘ridan-to‘g‘ri infratuzilma ob’yektlarini yaxshilashga sarflanadi. Shu o‘rinda, hokim mahalla raisining qaysi manbaga tayanib aholiga va’da berganiga aniqlik kiritishini hamda bu masala bo‘yicha u bilan yuzma-yuz muloqot o‘tkazishini ma’lum qildi.

Tuman hokimi o‘z so‘zida «Oromgoh» qishlog‘i o‘z nomiga xos bo‘lishini, ko‘p sonli aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘layotgan bu og‘riqli masala, albatta, o‘z yechimini topishini ta’kidladi.

— Joriy yilning 1 iyulidan mahalliy budjetga mablag‘lar tusha boshlaydi va aynan shu hisobdan «Oromgoh» qishlog‘i yo‘lida ta’mirlash, asfaltlashtirish ishlariga kirishiladi. Shuningdek, mahallaning 2 kilometrlik ichki yo‘lini shag‘allashtirish ham rejamizga kiritilgan. Jondorda bu yil ijtimoiy soha va qurilish ishlari uchun jami 4 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan, — dedi Jamshid Xudoyev.

Tuman hokimi «Oromgoh»dagi yo‘l muammosi aniq yechim topishini bildirib, va’dalar bajarilishini ta’kidladi. Shunga ko‘ra, biz ham «Oromgoh»da yo‘l muammosi aniq yechim topishiga ishonamiz. Chunki ilgarigi jurnalistik surishtiruvlarda ham aynan shu hokim so‘zining ustidan chiqqan edi.

Mavzuga qaytamiz.

Laylo Hayitova

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring