Sigaret tutaydi, miya esa so‘nadi...
So‘nggi ilmiy tadqiqotlar chekish nafaqat o‘pka yoki yurakka, balki insonning eng muhim a’zosi — miyaga ham jiddiy zarar yetkazishini yana bir bor tasdiqladi.
Eng xavflisi shundaki, bu jarayon ko‘pincha sezilmasdan, yillar davomida asta-sekin kechadi. Natijada inson o‘z fikrlash tezligi, xotirasi va ruhiy barqarorligini yo‘qota boshlaydi.
Tamaki tutuni tarkibida minglab zaharli moddalar mavjud bo‘lib, ular qon orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri miyaga yetib boradi. Bu moddalar miya hujayralariga zarar yetkazib, neyronlar o‘rtasidagi aloqalarni izdan chiqaradi. Ayniqsa, miyaning muhim qismlari jiddiy zararlanadi.
Masalan, xotira va o‘rganish uchun javob beradigan — «gippokamp» kichrayib boradi, bu esa yangi ma’lumotni qabul qilish va eslab qolishni qiyinlashtiradi.
Hissiyotlar va stressni boshqaruvchi — "amigdala" faoliyati buzilib, insonda doimiy xavotir, asabiylik va tushkunlik holatlari kuchayadi. Harakat va motivatsiya uchun mas’ul «globus pallidus» esa zaiflashib, insonda loqaydlik, tez charchash va harakat sustligi kuzatiladi. Bunday o‘zgarishlar oddiy holat emas. Bu miyaning funksional imkoniyatlari pasayib borayotganining belgisidir.
Chekuvchi insonlarda fikrlash tezligi sekinlashadi, qaror qabul qilish qiyinlashadi, diqqat va reaksiya susayadi. Ko‘pincha bu holatlar stress yoki charchoq bilan izohlanadi, ammo aslida bu miyada kechayotgan jiddiy o‘zgarishlarning natijasidir.
Ilmiy kuzatuvlar shuni ko‘rsatadiki, chekuvchi odamlarda miya hajmi chekmaydiganlarga nisbatan kichikroq bo‘ladi. Bu esa neyronlar soni va ularning faolligi kamayganini anglatadi. Shu bilan birga, nikotin qisqa muddatli «yengillik» hissini bergani bilan, stress darajasini yanada oshiradi.
Yana bir muhim jihat — chekish miyada qon aylanishini yomonlashtiradi. Natijada miya kislorod yetishmovchiligiga uchraydi va bu holat uning ishlash samaradorligini yanada pasaytiradi.
Biroq, ijobiy tomoni ham bor. Inson miyasi ma’lum darajada tiklanish qobiliyatiga ega. Agar chekuvchi inson bu odatni tashlasa, bir necha hafta ichida qon aylanishi yaxshilanadi. Bir necha oydan so‘ng esa xotira, diqqat va fikrlash qobiliyati asta-sekin tiklana boshlaydi. Uzoq muddatda esa miya faoliyati sezilarli darajada yaxshilanishi mumkin.
Xulosa shuki, har bir sigaret — bu shunchaki tutun emas. U insonning xotirasi, fikrlash qobiliyati va ruhiy barqarorligi hisobidan “to‘lanadigan” badaldir. Shuning uchun bu odat haqida jiddiy o‘ylab ko‘rish va to‘g‘ri qaror qabul qilish har bir inson uchun juda muhimdir.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter