Qonunchilikka voyaga yetmagan guvohning qonuniy vakili tushunchasi kiritildi
O‘zbekistonda bolalarni zo‘ravonlikdan himoya qilish tizimi yanada kuchaytirildi. O‘RQ–1130-sonli Qonun bilan bir qator qonun hujjatlariga muhim o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
Jumladan, Jinoyat kodeksiga voyaga yetmagan guvohning qonuniy vakili tushunchasi rasman kiritildi. Bu orqali tergov va sud jarayonlarida bolalarning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish mexanizmi mustahkamlanmoqda.
Shuningdek, voyaga yetmagan shaxs tasvirlangan pornografik mahsulotni tarqatish maqsadida saqlash uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirildi. Agar bunday harakat avval ma’muriy jazodan keyin sodir etilsa, aybdorga nisbatan qat’iy choralar qo‘llanadi. Qonunga ko‘ra, mazkur huquqbuzarlik uchun BHMning 100 baravaridan 600 baravarigacha jarima belgilangan.
Shu bilan birga, 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash, shuningdek, 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari ham qo‘llanishi mumkin.
Bundan tashqari, ushbu turdagi mahsulotlarni saqlashning o‘zi uchun ham ma’muriy javobgarlik joriy etildi.
Yangi tartibga ko‘ra, guvoh voyaga yetmagan bo‘lsa, uning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun qonuniy vakil ishda ishtirok etadi. Qonuniy vakil sifatida ota-ona, farzandlikka olgan shaxslar, vasiylar, homiylar yoki vasiylik organi vakillari qatnashishi mumkin.
Ularning ishda ishtirok etishi surishtiruvchi, tergovchi yoki prokuror qarori, sud tomonidan esa ajrim asosida ta’minlanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter