Reklamalarda davlat tili talablari bo‘yicha 4,5 mingta kamchilik aniqlandi
Raqobat qo‘mitasi tomonidan respublika hududlarida tashqi yozuvlar, peshlavhalar, reklamalar va boshqa axborot matnlarining davlat tili qoidalariga muvofiqligi o‘rganildi.
Joriy yilning o‘tgan davrida o‘tkazilgan 16 057 ta monitoring natijasida 4 496 ta holatda turli kamchiliklar aniqlangan. Ularni bartaraf etish choralari ko‘rilib, matnlarni davlat tili va reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga muvofiqlashtirish ta’minlangan.
2 344 ta holatda peshlavhalar, tashqi yozuvlar va boshqa e’lonlar matni boshqa tillarda berilgan. 975 ta holatda esa tashqi reklama matnlarida boshqa tillardan foydalanilgan.
Shuningdek, peshlavhalar, tashqi yozuvlar va boshqa e’lonlardagi 841 ta holatda, tashqi reklama vositalaridagi 336 ta holatda so‘zlarning lug‘aviy ma’nosi buzilgani va imloviy xatolar mavjudligi aniqlangan.
Qo‘mita o‘rganishlari davomida go‘zallik salonlari, avtoservislar hamda qurilish materiallari savdosi bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlarga reklamani joylashtirishda davlat tili va reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etish bo‘yicha tushuntirishlar berilgan.
«Reklama to‘g‘risida»gi Qonunning 6-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston hududida reklama davlat tilida tarqatiladi. Reklama mazmuni belgilangan talablarga rioya qilingan holda boshqa tillarda ham takrorlanishi mumkin.
Shu bilan birga, tovar belgilari, xizmat ko‘rsatish belgilari va qonunchilikda belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan boshqa belgilarning asl shakli hamda tili saqlanishi lozim.
Raqobat qo‘mitasi tadbirkorlarni tashqi reklama, peshlavha va axborot ko‘rsatkichlarini joylashtirishda davlat tili hamda reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etishga chaqirdi. Qo‘mita tomonidan bu yo‘nalishdagi monitoring ishlari davom ettirilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter