Shavkat Mirziyoyev kimyo sanoatini rivojlantirishga doir loyihalar bilan tanishdi
O‘zbekistonda sanoatni modernizatsiya qilish, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish va eksport salohiyatini oshirish iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Bu borada tashkil etilgan «Chirchiq» kimyo-industrial texnoparki sohadagi yangi avlod sanoat maydonlaridan biri sifatida shakllandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2022-yil 3-fevraldagi qarori asosida barpo etilgan texnopark kimyo mahsulotlarini chuqur qayta ishlash, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish va investorlar uchun qulay muhit yaratishga xizmat qilmoqda.
Umumiy maydoni 26,4 gektar bo‘lgan hududda muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari va infratuzilmani shakllantirish uchun 25 million dollar yo‘naltirilgan.
Texnoparkning iqtisodiy samarasi raqamlarda ham aks etmoqda. Xususan, 2025 yilda 56 million dollarlik investitsiya o‘zlashtirilib, 758 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, korxonalar tomonidan 60 million dollarlik 150 dan ortiq turdagi mahsulot ishlab chiqarildi.
2030 yilgacha esa investitsiyalar hajmini 207 million dollarga, mahsulot ishlab chiqarishni 294 million dollarga, eksportni 48 million dollarga hamda ish o‘rinlarini 2 ming 300 taga yetkazish rejalashtirilgan.
Texnoparkda Prezident Shavkat Mirziyoyevga kimyo sanoatini rivojlantirishga qaratilgan ilmiy-amaliy loyihalar ham taqdimot qilindi.
Ma’lum qilinishicha, O‘zbekistonda hozirda yiliga 3,7 million tonna mineral o‘g‘it ishlab chiqarilmoqda. Biroq import qilinayotgan fosforli va suvda eruvchan o‘g‘itlarga talab yuqori bo‘lib qolmoqda. Shu bois sohada 2,8 milliard dollarlik investitsiya loyihalari ishlab chiqilgan.
Neft-kimyo sohasida ham yirik loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Jumladan, Angrenda «Ko‘mirdan olefinlar olish» va Qo‘ng‘irotda «Naftani qayta ishlash» loyihalari orqali ichki bozorda polimerlarga bo‘lgan talabni qondirish va import o‘rnini bosish maqsad qilingan.
Mutaxassislar prognoziga ko‘ra, 2032-yilga borib mamlakatda polimerlarga ehtiyoj 3,2 million tonnaga yetadi.
Maishiy kimyo sohasida esa import hajmini ikki barobarga qisqartirish, ichki bozorni mahalliy mahsulotlar bilan 64 foizgacha ta’minlash va eksport hajmini oshirish vazifasi belgilangan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter