Taniqli akademik Zarifa Aliyevaning tavalludiga 103 yil to‘lmoqda
Ozarbayjonlik taniqli oftalmolog-olima, akademik Zarifa Aliyevaning tavallud topganiga 103 yil to‘lmoqda.
Zarifa Aziz qizi Aliyeva 1923 yil 28 aprelda Ozarbayjonning Naxchivon Muxtor Respublikasi, Sharur tumani, Shaxtaxti qishlog‘ida dunyoga kelgan.
U mazmunli hayot kechirib, keng qamrovli ilmiy faoliyati bilan mamlakatda tibbiyot sohasining rivojlanishiga ahamiyatli hissa qo‘shgan. Akademik Zarifa Aliyevaning oftalmologiyadagi dolzarb masalalar bo‘yicha ko‘p yillik muvaffaqiyatli tadqiqotlari natijasi bo‘lgan ilmiy ishlari doimo yuqori bahoga sazovor bo‘lib keldi.
Zarifa Aliyeva Ozarbayjonda oftalmologiya fanining rivojlanishida alohida xizmatlarga ega.
U taklif etgan yangi va samarali davolash usullari hamda kompleks profilaktik choralar qisqa vaqt ichida keng qo‘llanila boshlagan. Ozarbayjonda oftalmologiya maktabining tadqiqot markazi hisoblanuvchi ilk ixtisoslashtirilgan ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi aynan akademik Zarifa Aliyevaning tashabbusi bilan yaratilgan.
Zarifa Aliyeva ilmiy-pedagogik faoliyatida doimo tibbiy etikaga amal qilgan va respublikada yuqori malakali kadrlar tayyorlashda, yosh olimlar hamda oftalmologlar avlodini shakllantirishda katta xizmatlar qilgan.
U ilgari Ozarbayjonda keng tarqalgan ko‘z kasalligi — traxoma, shuningdek kasb faoliyati bilan bog‘liq ko‘z kasalliklari, jumladan kimyo va elektronika sanoati bilan bog‘liq muammolar hamda zamonaviy oftalmologiya masalalariga bag‘ishlangan ko‘plab yirik tadqiqotlarning hammuallifi hisoblanadi. Shuningdek, “Terapevtik oftalmologiya”, “Iridodiagnostika asoslari” kabi asarlar muallifi bo‘lib, 12 ta monografiya, darslik va o‘quv qo‘llanma, 150 ta ilmiy ish, 1 ta ixtiro va 12 ta ratsionalizatorlik takliflariga ega. U yuqori malakali tibbiyot kadrlarini tayyorlashga katta mehnat sarflagan.
Akademik Zarifa Aliyeva Butunittifoq oftalmologlar jamiyati Prezidiumi, Sovet tinchlikni himoya qilish qo‘mitasi, Ozarbayjon oftalmologiya jamiyati boshqaruvi, shuningdek “Vestnik oftalmologii” (Moskva) jurnali tahrir hay’ati a’zosi bo‘lgan.
1981 yilda u yuksak yutuqlari uchun SSSR Tibbiyot fanlari akademiyasining M.I. Averbax nomidagi mukofoti bilan taqdirlangan.
Zarifa Aliyeva 1954 yilda davlatning kelgusidagi rahbari Heydar Aliyevga turmushga chiqqan. Ushbu nikohdan 1955 yilda Sevil Aliyeva, 1961 yilda esa Ilhom Aliyev tug‘ilgan.
Zarifa Aliyeva 1985 yil 15 aprelda Moskvada vafot etgan va Novodevichi qabristoniga dafn etilgan. 1994 yilda uning hoki Bokuga ko‘chirilib, otasining qabri bilan yonma-yon Faxriy xiyobonda qayta dafn qilingan.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter