Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Antaliyada O‘zbekiston teatri ilk bor Aspendos xalqaro opera va balet festivalida qatnashdi

Antaliyada O‘zbekiston teatri ilk bor Aspendos xalqaro opera va balet festivalida qatnashdi

Turkiyaning Antaliya shahri yaqinida joylashgan ikki ming yillik qadimiy Rim amfiteatri — Aspendos yana san’at ixlosmandlari diqqat markazida. 14-sentyabrdan 1-oktyabrgacha davom etgan 32-Xalqaro opera va balet festivali bu yil ham o‘zining boy dasturi va yuksak badiiy saviyasi bilan dunyo miqyosida katta e’tibor qozondi.

Mazkur festival ilk bor 1994-yilda tashkil etilgan bo‘lib, 1998-yilda xalqaro maqomni oldi va bugun dunyoning eng nufuzli san’at forumlaridan biri sifatida tanilgan. 2003-yilda esa u Yevropa festivallar assotsiatsiyasi a’zoligiga qabul qilingan. Hatto 2004-yilda “The Independent” nashri uni dunyoning eng yaxshi 10 opera festivali ro‘yxatida 5-o‘ringa qo‘ydi.

Festivalning asosiy sahnasi — eramizning II asrida, Rim imperatori Mark Avreliy davrida qurilgan va o‘zining mukammal akustikasi bilan mashhur Aspendos teatri. Ikki ming yillik tarix va hayratomuz me’moriy qiyofa har bir spektaklni yanada betakror qiladi. Shu jihatdan Aspendos bugun nafaqat Turkiya, balki butun dunyo madaniyatining durdonasiga aylangan.

Bu yilgi festival dasturiga olti yirik sahna asari — uchta opera va uchta balet namoyish etildi. Festival 14-sentyabr kuni Puchchinining mashhur “Turandot” operasi bilan ochildi. Unda dunyoga mashhur solistlar — soprano Olga Maslova va tenor Rikkardo Massi ishtirok etdi. Keyingi kunlarda tomoshabinlar “Zorba”, “Lebedinoye ozero”, “Don Kixot” kabi baletlarni hamda Puchchinining “Toska”sini tomosha qilish imkoniga ega bo‘ldi.

Eng katta e’tibor va qiziqish esa festivalning yopilish kuniga to‘g‘ri keldi. Chunki ilk marotaba Markaziy Osiyodan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatri to‘liq gruppasi bilan ishtirok etdi. Teatr 1-oktyabr kuni Juzeppe Verdining mashhur “Traviata” operasi bilan festivalni yakunlab berdi.

Mazkur spektaklni rejissyor Konstantin Kaminin sahnalashtirdi, orkestrga esa taniqli dirijyor Vyacheslav Chernuxo-Volich rahbarlik qildi. Asarda mashhur solistlar Latifa Abiyeva (Violetta), Ramiz Usmonov (Alfredo), Rahim Mirzakamalov (Jorjo Jermon) va boshqa o‘zbek solistlari muvaffaqiyatli chiqish qildilar. Tomoshabinlar ularning ijrosini katta olqishlar bilan qarshi oldi.

Shuni alohida ta’kidlash lozimki, boshqa davlatlardan festivalga asosan mashhur solistlar taklif etilgan bo‘lsa, O‘zbekiston teatri to‘liq jamoa bilan qatnashdi. Bu nafaqat O‘zbekiston san’ati, balki butun Markaziy Osiyo madaniy hayoti uchun tarixiy voqea bo‘ldi.

Festival davomida qadimiy Aspendos teatrining 13 ming o‘rinli zalida 8000 ga yaqin tomoshabin spektakllardan bahramand bo‘ldi. Ayniqsa, “Traviata”ning O‘zbekiston jamoasi ijrosidagi taqdimoti san’at ixlosmandlari qalbidan chuqur joy oldi.

Shu tariqa, Alisher Navoiy nomidagi katta teatr ilk bor nufuzli Aspendos festivalida qatnashib, dunyo miqyosidagi eng yirik opera va balet maydonlaridan birida o‘zbek san’atini munosib namoyish etdi. Bu gastrol O‘zbekiston madaniyatining xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yanada mustahkamladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring