O‘rtahisar «Dunyoning eng go‘zal 50 qishlog‘i» ro‘yxatiga kiritildi

Ertaklar mamlakati Kappadokiya yana bir bor xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi. O‘rtahisar tarixiy qishlog‘i Forbes jurnalining 2025 yilgi «Dunyoning eng go‘zal 50 qishlog‘i» ro‘yxatidan joy oldi va bu maqom Kappadokiyaning beqiyos go‘zalligi hamda madaniy ahamiyatini yana bir karra tasdiqladi.
O‘rtahisar – har bir sayyohning mintaqada albatta ko‘rishi kerak bo‘lgan manzillardan biri. U Urgupdan taxminan olti kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, Kappadokiyaning o‘ziga xos qoya o‘ymakorligini qadimiy qal’asi va issiq havo sharlariga to‘la osmon bilan uyg‘unlashtiradi.
Mahalliy arxitekturaning abadiy jozibasi
Forbes O‘rtahisarni Kappadokiya bag‘rida qad ko‘targan, kulrang va zarg‘aldoq ranglar bilan tovlanib turgan osmon ostidagi maskan sifatida tasvirlaydi. Ming yillar davomida Erjiyes, Hasan va Gullu tog‘larida vulqon otilishi natijasida hosil bo‘lgan yumshoq qatlamlar shamol va yomg‘ir ta’sirida asta-sekin ulkan qoyatoshlarga — peri bajalarga aylandi. Tabiat va vaqt ta’sirida vujudga kelgan bu betakror manzara Kappadokiyaning ramziy timsoliga aylandi.
O‘rtahisar qal’asi ulkan qoyada o‘yilgan tabiiy qal’a bo‘lib, shaharning qoq markazida joylashgan. Aytishlaricha, qal’a xetlar davrida o‘yib ishlangan. Qal’ada g‘orlar, kaptarxonalar va labirintli tunnellar mavjud bo‘lib, dunyodagi birinchi ko‘p qavatli aholi punktlaridan biri hisoblanadi. Bugungi kunda u ajoyib panoramik manzaralarni taqdim etuvchi mintaqadagi eng baland nuqtalardan biridir.
Kappadokiya milliy me’morchiligining o‘ziga xos namunalarini O‘rtahisar etaklarida joylashgan mahalliy uylarda ko‘rish mumkin. Do‘konlar va xushbo‘y iforli choy bog‘lari bilan o‘ralgan tosh ko‘chalar tabiiy go‘zal vodiylarga olib boradi. Bu vodiylarda o‘yib ishlangan omborlar tarixda O‘rta yer dengizidan olib kelingan olma, kartoshka, apelsin va limon kabi mahalliy mahsulotlarni saqlash uchun xizmat qilgan. Shuningdek, Kappadokiyaning boy diniy va madaniy merosini aks ettiruvchi Sarija, Jambazli, Tavshanli, Bolqon Deresi va Hallach Deresi kabi ajoyib cherkov va monastirlar ham mavjud.
Ertaklar mamlakati
O‘tgan yil Kappadokiyaning muzey va arxeologik obidalariga 4,37 milliondan ortiq ziyoratchi tashrif buyurdi. Uning sirli yer osti shaharlari va toshga o‘yilgan cherkovlari, qadimiy me’morchilikni zamonaviy qulaylik bilan uyg‘unlashtirgan murakkab g‘or mehmonxonalari unutilmas tajribalarni baxsh etadi. Tashrif buyuruvchilar, shuningdek, hashamatli g‘or mehmonxonalarida SPA muolajalaridan bahramand bo‘lishlari, ko‘zni qamashtiruvchi qoyalar orasida otda sayr qilishlari yoki kulolchilik ustaxonalarida o‘z san’at asarlarini yaratishlari mumkin.
Mintaqaning mashhur sopol idishlarida pishirilgan go‘sht va mahalliy mevalarning ajoyib uyg‘unligi noyob tajribadir. Yaqinda Kappadokiya Michelin qo‘llanmasiga kiritildi va madaniy hamda gastronomik turizm bo‘yicha jahondagi mavqeini yanada mustahkamladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter