Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

IT Park Uzbekistan Yaponiyada vakolatxonasini ochdi

IT Park Uzbekistan Yaponiyada vakolatxonasini ochdi

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov va IT Park xizmatlar eksportini rivojlantirish direktori Mahliyo Muksinova boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Yaponiyaga ish tashrifi bilan bordi.

Tashrifdan ko‘zlangan maqsad IT-autsorsing, texnologiyalar va raqamli ta’lim sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, Tokioda IT Park’ning rasmiy vakolatxonasini ochishdan iborat.

Tashrifning eng muhim qismi 13-may kuni Tokioning Akixabara shahrida — texnologik va ijodiy sanoat markazida IT Park Uzbekistan’ning Yaponiyadagi vakolatxonasi rasmiy ochilishi bo‘ldi.

Marosimda O‘zbekiston Respublikasining Yaponiyadagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Muhsin Abdurahmonov, Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov, Xizmatlar eksportini rivojlantirish direktori Mahliyo Muksinova va «Digital Knowledge» direktorlar kengashi raisi Xiroaki Xaga ishtirok etdilar. Qayd etilishicha, yangi ofis yapon biznesi bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqa o‘rnatish nuqtasiga aylanadi va autsorsing, investitsiyalar hamda IT-ta’lim sohasidagi loyihalarni rivojlantirishga hissa qo‘shadi.

Tadbir doirasida IT Park va «Digital Knowledge» o‘rtasida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish, yapon kompaniyalarini O‘zbekiston bozoriga jalb qilish va ta’lim dasturlarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

Ma’lumot uchun, «Digital Knowledge» 2007-yilda tashkil etilgan. Tashkilot faoliyatining asosiy yo‘nalishlari IT-xizmatlar, IT-ta’lim va kompaniyalarni IT-mutaxassislar bilan ta’minlashdan iborat. «Digital Knowledge» O‘zbekistondagi «Japan Digital University» asoschisi bo‘lib, hozirda u yerda 620 nafar talaba tahsil olmoqda. Ular nafaqat IT-yo‘nalishlarini o‘zlashtirmoqda, balki shu bilan birga yapon tilini ham o‘rganyapti.

Marosimning yakunida, O‘zbekiston va Yaponiya IT-kompaniyalari o‘rtasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Yaponiyalik ishtirokchilarning yuqori qiziqishi O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda texnologik rivojlanishning yangi markazi sifatidagi strategik ahamiyatini tasdiqladi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring