Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

3 yil ichida 30 yil ortga ketgan mamlakat

3 yil ichida 30 yil ortga ketgan mamlakat

14 million sudanlik uy-joyini tark etishga majbur bo‘ldi.

Foto: WFP/Julian Civiero

Afrika shimoli-sharqida joylashgan Sudanda fuqarolik urushi boshlanganiga uch yil to‘ldi. O‘tgan muddat davomida qirg‘inbarotda 40 mingdan ziyod inson halok bo‘ldi, 14 million kishi uy-joyini tashlab chiqdi. Mamlakat tanib bo‘lmas darajada o‘zgarib ketdi.

«Bu oddiy inqiroz emas, balki mamlakat taqdirining yakson etilishidir. Sudanda 2023-yil apreldan keyin dunyoga kelgan chaqaloqlar shifoxonalar yopilgan, maktablar vayron etilgan va oilalar boshpanasidan mahrum etilgan muhitda katta bo‘lmoqda», — deydi BMT Oziq-ovqat dasturining Sudandagi doimiy vakili Luka Renda Al Jazeera telekanaliga bergan intervyusida.

Ayni paytda Sudandagi 34 million kishi ko‘makka muhtoj. 19 million aholi esa ochlikdan aziyat chekmoqda.

Urush o‘z ortidan qashshoqlik, ochlik kabi «do‘st»larini ergashtirib kelgan.
Foto: UNICEF

Urush eng avvalo iqtisodiyotga zarba berdi. 2022-yilda Sudan yalpi ichki mahsuloti 33,5 milliard dollarni tashkil etgan bo‘lsa, urush boshlanishi bilan, 2023-yilda bu ko‘rsatkich birdaniga 6,5 milliard dollarga qisqardi.

Jangovar harakatlar maydoniga aylangan shaharlardagi zavodlar va elektr stansiyalar vayron etilishi oqibatida sanoat ishlab chiqarishi 90 foizga qisqardi. Bu esa ishsizlik, qashshoqlikning ortishiga olib keldi.

Urush tufayli sug‘orish tizimi, transport tarmog‘i izdan chiqdi, unumdor qishloq xo‘jaligi yerlari 15 foizga kamaydi. Ishchi kuchining 65 foizi an’anaviy ravishda agrar sohada band bo‘lgani inobatga olinsa, qishloq aholisi qanchalik og‘ir ahvolda qolganini tasavvur etish mumkin.

Toza suv va kanalizatsiya tarmoqlari vayron bo‘lishi ortidan vabo kabi dahshatli yuqumli xastaliklar avj oldi.

Jahon sog‘liqni  saqlash tashkiloti bong urishicha, uch yil ichida mamlakatdagi tibbiyot muassasalariga 200 dan ziyod hujum uyushtirilgan. Sog‘liqni saqlash xizmati falajlangan vaziyatda yuqumli xastaliklarga qarshi kurashish ham o‘ta mushkul kechmoqda.

BMT Taraqqiyot dasturi va Xavfsizlik sohasida tadqiqotlar instituti hisobotiga qaraganda, urush Sudan iqtisodiyotini butkul boshqa o‘zanga burib yubordi. Joriy yilda tinchlik o‘rnatilgan taqdirda ham  mamlakat YIMda 2043-yilga qadar 18,8 milliard dollar kamayish saqlanib qoladi.  

Harbiy harakatlar oqibatida neft qazib olish va qayta ishlash sanoati ham izdan chiqdi. Masalan, poytaxt Xartumdagi sutkasiga 100 ming barrel neft qayta ishlagan va mamlakatning yonilg‘iga bo‘lgan 50 foiz ehtiyojini qoplagan zavod 2023-yil iyuldan buyon ishlamayapti.

Poytaxt Xartumda hayot butkul izdan chiqqan.
Foto: Avaaz/Giles Clarke

Yana bir xatarli jihat, 19 millionga yaqin bolalarning salmoqli qismi o‘qish imkonidan mahrum qolmoqda.

Mamlakat hozirda xalqaro tashkilotlar ko‘magiga qarab qolgan. Ammo ko‘mak miqdori ham ko‘p emas. BMTning Sudandagi gumanitar masalalar bo‘yicha koordinatori Deniz Braunning ma’lum qilishicha, 2025-yilda talab etilgan moliyaviy ko‘makdan 35 foizi ajratilgan, xolos.  

BMT Sudanda ocharchilik kuchayib borayotganidan ogohlantirib kelmoqda.

Ma’lumot o‘rnida: Sudanda 2023-yil aprel oyida fuqarolik urushi boshlangan edi. De-fakto davlat rahbari sanalgan general Abdulfattoh Burhon qo‘mondonligida muntazam armiya va general Muhammad Hamdan Dagalo boshchiligidagi Tezkor harakat kuchlari (RSF) o‘rtasida qurolli to‘qnashuvlarda minglab kishi halok bo‘ldi.

Sudanni uzoq yillar idora etgan Umar Bashir 2019-yilda hokimiyatdan chetlatilgan edi. Haagada joylashgan Xalqaro jinoiy sud uni qatliom va insoniyatga qarshi jinoyatlarda ayblagan.

Umar Bashir prezidentlikdan ketgach, harbiy va fuqaroviy guruhlar o‘tish davri hukumatini tuzishga kelishgan. Ammo mamlakatdagi turli siyosiy, harbiy guruhlar o‘zaro til topisha olmadi. Pirovardida generallar Abdulfattoh Burhon va Muhammad Hamdan Dagalo o‘rtasidagi ziddiyat rosmona urushga aylanib ketdi. Tomonlar vaqti-vaqti bilan o‘t ochishni to‘xtatish borasida bitim tuzayotgan bo‘lsa-da, qonli ixtilofni butkul hal etib bo‘lmayapti.

Tahlilchilarga ko‘ra, garchi Sudanda yirik gumanitar inqiroz yuzaga kelgan bo‘lsa-da, xalqaro hamjamiyat bunga panja ortidan qarayotir.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring