70 yoshni qarshilagan Germaniya kansleri yubileyga qanday sovg‘alar oldi?
11-noyabr kuni Germaniya kansleri Fridrix Mers 70 yoshga to‘ldi. U Konrad Adenauerdan keyin yubiley sanasini kansler lavozimida qarshilagan ikkinchi rahbar bo‘ldi. Umuman, Fridrix Mers Yevropa Ittifoqi rahbarlari orasida eng yoshi ulug‘lardan biri hisoblanadi.
Bundestagning tantanalar zalida tashkil etilgan qabul marosimida yubilyarning 300 ga yaqin hamkasbi va partiyadoshlari qatnashgan.
DW nashri yozishicha, F.Mers 70 yoshi munosabat bilan hukumat va parlamentdagi hamkasblaridan kamtarona sovg‘alar olgan.
Bundestagdagi XDI/XSI fraksiyasi raisi Yens Shpan kanslerga fil, delfin va olmaxon surati tushirilgan galstuklar to‘plamini hadya qilgan.
Sotsial-demokratik partiya vakili, vitse-kansler Lars Klingbayl Fridrix Mersni «Germaniya uchun javobgarlik» bitigi bilan siylagan. Klingbayl kanslerga atayin «yaltiroq latta-putta» sovg‘a qilmaganini ta’kidlarkan, Mersning siyosiy koalitsiyasi barqaror faoliyat yuritishini tilagan.
Parlament raisi Yuliya Klyokner ham yondaftar, krujka kabi kamtarona sovg‘a bilan cheklangan.
70 yoshni qarshilagan davlat rahbariga Bundestag binosida hilpirab turgan Germaniya bayrog‘i (o‘rniga yangisi osiladigan bo‘ldi), guldasta va tort ham tuhfa qilingan.
Darvoqe, hamkasblari kanslerga «Tushkunlik – vaqtni havoga sovurish demak» yozuvi tushirilgan futbolka ham topshirgan.
Avval xabar berganimizdek, Germaniyada joriy yil 23-fevral kuni muddatidan oldin bo‘lib o‘tgan saylovda XDI/XSI bloki 28,5 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi.
Ushbu g‘alaba konservativ blok rahbari Fridrix Mersga kanslerlikka yo‘l ochdi. Hukumatni shakllantirish uchun o‘ng markazchi XDI/XSI bloki so‘l markazchi Germaniya sotsial-demokratik partiyasi bilan koalitsiya tuzdi.
Joriy yil 6-may kuni Bundestag ikkinchi urinishda Mersni kansler lavozimiga tasdiqladi. Takroriy ovoz berish chog‘ida Mers uchun 325 deputat ovoz berdi, minimal talab 316 nafarni tashkil etardi.
Germaniya siyosiy yetakchilari dabdaba va hashamatdan xoli hayot kechirishi ma’lum. Avvalroq Germaniyaning endilikda sobiq kansleri Olaf Shols 40 yilki bitta portfelga qanoat qilib kelayotgani ham muhokamalarga sabab bo‘lgandi.
Ma’lumot o‘rnida: Germaniya yalpi ichki mahsulot hajmi bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi mamlakat sanaladi. Olmon davlatining yillik YaIM 4 trillion dollardan oshadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter