Afrikaning parchalanishi tezlashib ketdi
Tadqiqotlarga ko‘ra, Sharqiy Afrika rift tizimi (yorig‘i) rivojlanishning yangi bosqichiga yetgan. Kolumbiya universiteti geologlari Afrika qit’asining ajralish jarayoni avvalgi prognozlarga qaraganda ancha tezroq kechayotganini aniqlashdi. Ushbu ilmiy ish natijalari Nature Communications jurnalida e’lon qilindi.
Gap Sharqiy Afrika rift tizimi haqida bormoqda. U yerda Afrika tektonik plitasi ikki qismga — Somali va Nubiya plitalariga ajralmoqda. Riftogenez deb ataluvchi ushbu jarayon natijasida kelajakda ulkan yoriq o‘rnida yangi okean hosil bo‘lishi mumkin.
Tadqiqot mualliflari Efiopiya va Keniya hududida joylashgan Turkana rift zonasini o‘rganishdi. Seysmik ma’lumotlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, yoriqning markaziy qismida yer qobig‘i mutaxassislar kutganidan ko‘ra ko‘proq yupqalashgan. U yerda qobiq qalinligi taxminan 13 kilometrni tashkil etmoqda, vaholanki chekka hududlarda bu ko‘rsatkich 35 kilometrdan ortiqdir.
Olimlarning ta’kidlashicha, bu ko‘rsatkich jarayonda hal qiluvchi ahamiyatga ega. Yer qobig‘ining qalinligi 15 kilometrgacha kamayganda, torayish bosqichi boshlanadi va shundan so‘ng qit’aning parchalanishi muqarrar tus oladi. Tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, mintaqa allaqachon ushbu chegaraviy nuqtadan o‘tib bo‘lgan.
Mutaxassislar jarayonning kelgusi rivojini ham tasvirlab berishdi: yer qobig‘i yupqalashgani sayin, Yer qa’ridagi magma yuqoriga ko‘tarilib, okean tubiga xos yangi qobiqni shakllantiradi. Keyinchalik hosil bo‘lgan chuqurliklarga Hind okeani suvlari kirib keladi va bu yangi okean havzasining paydo bo‘lishiga olib keladi.
Shunga o‘xshash holatlar Afrikaning shimoli-sharqidagi Afar botig‘ida ham kuzatilmoqda. Biroq olimlar hozirda xavotirga o‘rin yo‘qligini ta’kidlashadi: hatto jarayon tezlashgan taqdirda ham, qit’aning to‘liq ajralib ketishi uchun millionlab yillar talab etiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter