AQShda demokratlar Eron bo‘yicha yangi taktika o‘ylamoqda
AQSh Kongressida demokratlar Eron bilan bog‘liq harbiy vakolatlar masalasida yangi siyosiy taktikani muhokama qilmoqda.
Axios ma’lumotiga ko‘ra, bir guruh deputatlar urush vakolatlari to‘g‘risidagi rezolyusiyani har kuni ovozga qo‘yish orqali bosimni kuchaytirishni taklif qilgan.
Bu g‘oya Kongressdagi progressiv demokratlar yig‘inida ko‘tarilgan. Manbalarga ko‘ra, hozircha bu yakuniy qaror emas, ammo ko‘plab deputatlar bu taklifga qiziqish bildirgan.
Tashabbusga ko‘ra, Kongress ishlayotgan har bir kunda yangi rezolyusiya kiritilib, ovozga qo‘yiladi. Shu orqali masala kun tartibidan tushmasligi ta’minlanadi.
Avvalroq bu boradagi rezolyusiya ovoz berishda juda kichik farq bilan rad etilgan edi – 213 deputat qarshi, 214 nafar qo‘llab-quvvatlagan.
Muhokamalarda ayrim markazchi demokratlar ham ushbu tashabbusni rad etmadi. Ular zarur bo‘lsa, bir necha marta ovoz berishga tayyor ekanini bildirgan.
Tashabbus tarafdorlari fikricha, hatto rezolyusiyalar qabul qilinmasa ham, bunday yondashuv Kongress a’zolarining pozitsiyasini ochiq ko‘rsatib beradi va jamoatchilik e’tiborini saqlab turadi.
Shuningdek, bu orqali yoqilg‘i narxlarining oshishi kabi ikkinchi darajali oqibatlar ham siyosiy muhokama markazida qoladi.
Kuzatuvchilar fikricha, bu usul demokratlar tomonidan Tramp ma’muriyati siyosatiga qarshi bosimni kuchaytirishga qaratilgan yangi strategiya hisoblanadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter