Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

AQShga Erondagi urushning bir kuni qanchaga tushayotgani aytildi

AQShga Erondagi urushning bir kuni qanchaga tushayotgani aytildi

AQShning Eronga qarshi olib borayotgan harbiy amaliyoti qancha mablag‘ talab qilishi mumkin — bu savolga hozircha aniq javob yo‘q. Mutaxassislar fikricha, davom etayotgan urushning umumiy qiymatini hisoblash uchun hali erta.

Anadolu agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, «Epik g‘azab» deb nomlangan amaliyotning dastlabki 24 soatida AQSh taxminan 779 million dollar sarflagan bo‘lishi mumkin. 

Zarbadan oldingi harbiy tayyorgarlik — jumladan, samolyotlarni qayta joylashtirish, o‘nlab harbiy kemalarni safarbar etish va mintaqaviy kuchlarni faollashtirish — yana 630 million dollarga tushgani aytiladi. 

Shu tariqa, amaliyotning ilk bosqichi o‘ziyoq 1,4 milliard dollardan ziyod mablag‘ni talab qilgan bo‘lishi mumkin.

AQShning Center for New American Security tahlil markazi ma’lumotlariga ko‘ra, USS Gerald R. Ford kabi aviatashuvchi hujumkor guruhni bir kun boshqarishi taxminan 6,5 million dollar turadi.

Bu esa faqat bitta aviatashuvchi guruhi uchun hisob. Amalda esa amaliyotlarda bir nechta dengiz va havo kuchlari bir vaqtning o‘zida ishtirok etadi.

Xarajatlar faqat yoqilg‘i va logistika bilan cheklanmaydi. Harbiy texnika yo‘qotishlari ham katta moliyaviy yuk hisoblanadi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Quvaytda kamida uchta AQSh qiruvchi samolyoti mamlakat havo hujumidan mudofaa tizimi xatosi tufayli yo‘q qilingan. Zamonaviy qiruvchi samolyotning narxi o‘nlab million dollarga baholanadi.

Stimson Center eksperti Kristofer Prebl fikricha, moliyaviy jihatdan AQSh bu xarajatlarni ko‘tara oladi. Mamlakatning mudofaa budjeti yiliga taxminan 1 trillion dollarni tashkil etadi, uni 1,5 trillion dollargacha oshirish taklifi ham bor.

Biroq mutaxassislar asosiy xavotir pul emas, balki qurol-yarog‘ zaxiralari ekanini ta’kidlamoqda.

Ayniqsa, ballistik hujumlarni qaytarish uchun qo‘llaniladigan raketa tutuvchi tizimlar zaxirasi to‘xtovsiz hujumlar sharoitida bir necha hafta ichida kamayib ketishi mumkin.

Muammo shundaki, ushbu raketa tutuvchi tizimlar faqat Yaqin Sharq uchun emas. Ular – Ukrainada Rossiya zarbalariga qarshi va – Hind-Tinch okeani mintaqasida ehtimoliy xavflarga qarshi ham mo‘ljallangan. Ularni bir yo‘nalishga yo‘naltirish esa boshqa mintaqalardagi mudofaa imkoniyatlarini zaiflashtirishi mumkin.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, Patriot yoki SM-6 kabi tutuvchi raketalar murakkab texnologik mahsulot bo‘lib, ularni ommaviy ravishda, qisqa muddatda ishlab chiqarish mumkin emas. Ishlab chiqarish sur’ati cheklangan.

Xulosa qilinadigan bo‘lsa, agar amaliyot yuqori intensivlikda davom etsa, xarajatlar haftasiga milliardlab dollarga, bir necha oyda o‘nlab milliard dollarga yetishi mumkin. Keng ko‘lamli quruqlik amaliyoti yoki mintaqaviy kengayish esa xarajatlarni yuzlab milliard dollargacha olib chiqishi ehtimoldan xoli emas.

Shunday qilib, Erondagi amaliyotning moliyaviy tomonidan ko‘ra, uning strategik va resurs jihatidan barqarorligi ko‘proq savol uyg‘otmoqda.

Manba: aljazeera.com

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring