Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Avgustda qaysi mahsulotlar qimmatlashdi, nimalar arzonlashdi — rasmiy statistika

Avgustda qaysi mahsulotlar qimmatlashdi, nimalar arzonlashdi — rasmiy statistika

Kollaj: Xabar.uz

O‘zbekistonda 2026-yilning avgust oyida iste’mol sektoridagi tovarlar va xizmatlar narxlari o‘rtacha 0,2 foizga oshdi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumot berdi.

Yillik iste’mol narxlari indeksi (INI) 6,2 foiz ni tashkil etib, o‘tgan yilning shu oyiga (2025-yil avgust — 8,8 foiz) nisbatan 2,6 foiz bandga pasaydi.

Avgust oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari o‘rtacha 0,4 foizga, nooziq-ovqat tovarlari 0,2 foizga hamda aholiga ko‘rsatiladigan pullik xizmatlar esa 0,1 foiz ga qimmatlashgani kuzatilgan.

Asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan sabzi (9,2 foiz), piyoz (6,2 foiz), uzun boshoqli guruch (2,4 foiz), yumaloq boshoqli guruch (2,3 foiz), tarvuz (7,5 foiz) narxlarining oshishi inflyasiyaga ta’sir ko‘rsatdi.

Asosiy oziq-ovqat mahsulotlaridan inflyasiyani pasaytiruvchi omil sifatida uzum (-10,9 foiz), bulg‘or qalampiri (-9,2 foiz), olma (-7,2 foiz), nok (-6,0 foiz), baqlajon (-5,5 foiz), karam (-4,9 foiz), kartoshka (-3,3 foiz) narxlarining pasayishi muhim hissa qo‘shdi.

Nooziq-ovqat mahsulotlar narxlaridan AI-98 va AI-100 markali benzin (6,7 foiz), AI-95 markali benzin (4,9 foiz), AI-92 markali benzin (1,1 foiz) narxi oshishi kuzatildi.

Shuningdek, xizmatlar narxi va tariflarida xalqaro aviaqatnovlar (1,7 foiz), shaharlararo avtomobil transportida yo‘lovchi tashish (0,6 foiz), ijaraga olingan turar joylar uchun haq (0,4 foiz) narxlarining oshishi kuzatildi.

Hisob-kitoblar uchun 10 mingdan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalaridan 2 mlndan ortiq narxlar qayd etilgan. 419 turdagi oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari va 98 turdagi xizmatlar narxlari kuzatildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring