Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

“Bizni eslashmayaptimi, demak, hammasi joyida...” (video)

Bugun biz masofalar degan tushunchani deyarli unutdik. Hatto okean ortidagi yaqinlarimizning nafasini, quvonchini, hatto ko‘z yoshlarini birgina tugma orqali ko‘ramiz, his qilamiz.

Xabarlar soniyaning mingdan bir bo‘lagida manzilga yetadi. Ammo bu cheksiz imkoniyatlar shunchaki paydo bo‘lmagan. Bugungi qulaylik ortida qancha mashaqqat, qancha insonlarning ko‘z nuri va qadoq qo‘llari yotganini hech o‘ylab ko‘rganmisiz?

Raqamli hukumat markazi tomonidan taqdim etilgan “POYDEVOR” hujjatli filmida aynan mana shu ko‘rinmas ko‘priklarni qurayotgan soha fidoyilarining xotiralari hamda bugungi raqamli infratuzilmani rivojlantirayotgan mutaxassislarning tajribasi bir tarixda jamlangan.

Soha faxriylarining eslashlaricha, 80-90 yillarda aloqa tizimining yarmidan ko‘pi eski analog stansiyalardan iborat bo‘lgan. Mobil aloqa degan narsa yo‘q edi.

Hakim Muhitdinov, soha fidoyisi: “80-90-yillarda Toshkent shahri aloqa tizimining 40-50 foizi analog, eski elementlarda tashkil qilingan edi... 96-yilda Kamchiq o‘tish joyida qor juda ko‘p yog‘ib, pastdagi kabel uzilgan. Mahalliy ovchilardan iltimos qilib, dizel-generatorga moylar yetkazilan. Shunaqa holat bo‘lganki, bitta olib chiqqanda 15 litr yonilg‘i va non olib chiqib, haftalab qolib ketilgan... Birinchi marta mustaqil internetni esa 64 kilobit tezlikda 93-yil aprelda Turkiya orqali olganmiz.”

O‘sha davrda telefon xizmatlari ham o‘ziga xos voqealarga boy bo‘lgan.

Farog‘at Jamolova, soha fidoyisi: “Ilgari mahallada bitta-ikkita odamda telefon bo‘lardi... Kommutatorda o‘tirgan aloqachi buyurtma olardi, keyin mikrofon orqali: ’Rossiya, sizni Tyumen chaqiryapti, to‘rtinchi kabinaga kiring‘ deb chaqirib berishardi. Ilgari aloqa orqali o‘lim xabari ko‘proq kelardi. Telegrammani tarqatishning iloji bo‘lmaganda, ’tez yordam’ga murojaat qilardik, ’tez yordam olib borib berardi xabarni. Aloqachilarning obro‘si juda ham yaxshi bo‘lgan ’Voy, svyazistlar kelib qolibdi!’ deb qarshi olishardi.”

Bugungi kunda aloqa va axborot texnologiyalari ko‘rinmas, lekin har soniyada ishlab turadigan ulkan tizimga aylangan.

Davron Sabirov, Ma’lumotlar markazi muhandislik infratuzilmasini boshqarish bo‘limi boshlig‘i: “Aloqachilarda shunaqa gap bor: bizni eslashmayaptimi, demak, hammasi joyida. Data-markazimiz faoliyatini chorrahalarda turgan svetoforlarga qiyoslaymiz. Svetoforlardagi qisqa muddatga uzilish ham katta tirbandliklar va xaosga olib keladi. Xuddi shunday, data-markazni uzilishsiz ishlashi malakali soha vakillari zimmasidadir.”

Aholi uchun qulaylik yaratish borasida amalga oshirilayotgan ishlar bugun har bir fuqaroning hayotida sezilmoqda.

Temur To‘raqulov, Raqamli davlat xizmatlarini soddalashtirish va optimallashtirish bo‘limi boshlig‘i: “Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz) 2013 yil 1 iyulda ishga tushirilgan bo‘lib, dastlab 30-40 ta xizmat bor edi. Hozirgi kunda esa mobil ilova orqali 660 dan ortiq xizmatlar ko‘rsatilmoqda va foydalanuvchilar soni 13 milliondan oshdi. Yoshga doir nafaqa va pensiyalar kabi xizmatlar proaktiv shaklda yo‘lga qo‘yildi. Bir otaxon pensiyalar hech qanday murojaanciz tayinlanganidan xursand bo‘lib qo‘ng‘iroq qilib minnatdorchilik bildirgani biz uchun eng katta mukofotdir.”

“POYDEVOR” hujjatli filmini to‘liq tomosha qiling.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring