Bloomberg: Rossiya Ukrainada keng ko‘lamli eskalatsiyaga tayyorlanmoqda
Bloomberg agentligi Kremlga yaqin uch manbaga tayanib, Rossiya Ukrainadagi urushni keng ko‘lamda kuchaytirish variantini ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berdi.
Manbalarning aytishicha, Vladimir Putin Ukrainaga qarshi ballistik raketalar bilan zarbalarni kuchaytirishga tayyorlanmoqda. Shu bilan birga, Kreml atrofida taktik yadroviy quroldan foydalanish imkoniyati haqida ham gaplar ko‘paygan.
Agentlikka ko‘ra, Rossiya rahbariyatida urushda ko‘zlangan maqsadlarga muzokaralar orqali erishib bo‘lmaydi, degan qarash kuchayib bormoqda.
G‘arb sanksiyalari, shuningdek, Ukrainaning Rossiya neftni qayta ishlash zavodlari va logistika obyektlariga hujumlari ham Moskva pozitsiyasini yumshatmagani aytilmoqda. Aksincha, Kremlda Ukraina tomonidan amalga oshirilayotgan ayrim hujumlar Kiyevni qurol-yarog‘ va razvedka ma’lumotlari bilan ta’minlayotgan NATO davlatlarining harakatlari sifatida ko‘rilayotgani qayd etilgan.
Bloomberg manbalari og‘ir raketa zarbalari Ukraina shaharlaridagi muhim infratuzilma obyektlariga qaratilishi mumkinligini bildirgan.
Shu bilan birga, agentlik yadroviy quroldan foydalanish bo‘yicha hozircha aniq tayyorgarlik belgilari yo‘qligini ta’kidlamoqda. Manbalarga ko‘ra, Kremlda bunday ssenariy muhokama qilinayotgan bo‘lsa-da, Rossiya oddiy qurollar orqali ham eskalatsiyani davom ettirishi mumkin.
Ko‘plab tahlilchilar esa hozirgi sharoitda yadroviy quroldan foydalanish uchun bevosita zarurat ko‘rmayapti.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter