Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Boysundagi «M-25» koni: neft saqlanadigan hovuzlarni sel yuvib ketdi

Boysundagi «M-25» koni: neft saqlanadigan hovuzlarni sel yuvib ketdi

Ijtimoiy tarmoqlarda bir muddat oldin Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani Jaloir mahallasidan kesib o‘tgan Surxondaryo daryosi o‘zanida neft mahsulotiga o‘xshash suv oqimi oqib o‘tayotgani aytilgan videomaterial tarqalgan edi.

Amu-Surxon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, ushbu holat Boysun tumani Kofrun mahallasidan oqib o‘tuvchi  Xangaronsoy soyining oqim bo‘ylab chap tomonida vaqtinchalik hovuzlarda saqlab kelingan neft mahsulotlarini sel oqimlari yuvib ketishi bilan bog‘liq.

Ushbu hovuzlar burg‘ulash chog‘ida yer yuzasiga chiqqan neft xomashyosi soyga oqib ketishining oldini olish maqsadida joriy yilning yanvar-fevral oylarida ERIELL Group kompaniyasi tomonidan tuproqdan damba qilish yo‘li bilan barpo etilgan edi. 

Ularda to‘plangan neft maxsus texnikalar yordamida tashib ketilgan.

«Joriy yilning 23-aprel kuni Boysun tumanida ro‘y bergan kuchli yog‘ingarchilik natijasida Xangaronsoy soyida suv ko‘payib, vaqtinchalik dambalardan sel-toshqin suvlari toshib o‘tgan.

Natijada neft aralashgan suvlar Bandixon tumani hududidan oqib o‘tuvchi Bandixonsoyga, u orqali Qumqo‘rg‘on tumanidan oqib o‘tuvchi Surxondaryo daryosiga quyilgan», – deyiladi rasmiy xabarda.

Qayd etilishicha, shu kunning o‘zida Kofurun mahallasi hududidan oqib o‘tuvchi Xangaronsoy soyidagi bir nechta hovuz dambalari ERIELL Group kompaniyasi tomonidan tiklanib, suvga neft oqib chiqishi to‘liq bartaraf qilingan.

Eslatib o‘tamiz, biroz avval viloyat ekoboshqarmasi ham mazkur hodisa yuzasidan rasmiy munosabat bildirgan va unda holat «sel oqimi davomida tog‘ jinslari, tabiiy cho‘kindilar hamda boshqa aralashmalar suv tarkibiga qo‘shilishi natijasida  uning tashqi ko‘rinishida keskin o‘zgarishlar yuzaga kelgan»i bilan bog‘langan edi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring