Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Cambridge Analytica mojarosi ortidan Meta 25 mlrd dollar jarimaga tortildi

Cambridge Analytica mojarosi ortidan Meta 25 mlrd dollar jarimaga tortildi

Foto: NY Post

Nyu-Meksiko shtati hakamlar hay’ati Meta (Facebook) korporatsiyasini foydalanuvchilarni chalg‘itishda aybdor deb topdi. Kompaniya o‘z mijozlariga shaxsiy ma’lumotlardan aslida kimlar foydalana olishi haqida noto‘g‘ri ma’lumot berib kelgan.

Shtat bosh prokurori bu da’vo arizasini 2021-yilda — hozirda faoliyatini tugatgan Cambridge Analytica konsalting kompaniyasi atrofidagi shov-shuvli mojarodan so‘ng kiritgan edi. Aniqlanishicha, Cambridge Analytica kompaniyasi begona ilova yordamida Facebookdagi 87 million foydalanuvchining shaxsiy ma’lumotlarini qo‘lga kiritgan. Bu ma’lumotlardan esa Donald Trampning 2016-yilgi saylovoldi kampaniyasida foydalangan. 

Prokuror Meta korporatsiyasi bu faoliyatga ko‘z yumib kelganligini ta’kidladi va yakunda hakamlar hay’atining aksariyat a’zolari kompaniya 43 million marta qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan degan xulosaga kelishdi. Nyu-Meksiko qonunchiligiga ko‘ra, har bir qoidabuzarlik uchun 5 000 dollardan jarima solish ko‘zda tutilgan.

Sudya yakuniy jarima miqdorini dastlabki asosli deb hisoblangan 219 milliard dollardan 25 milliard dollargacha tushirdi. Bu mablag‘ Meta kompaniyasining 2025-moliyaviy yildagi sof foydasining qariyb 41 foizini tashkil etadi.

Ma’lumot uchun: Bu Meta korporatsiyasi uchun Nyu-Meksiko yurisdiksiyasidagi ilk qimmatga tushgan sud jarayoni emas. Shu yilning mart va avgust oylarida kompaniyaga bolalar ruhiyatiga yetkazilgan zarar uchun ko‘p millionlik jarima va kompensatsiya to‘lash majburiyati yuklangan edi. Avgust oyi oxirida esa Meta AQSh shtatlari va hududlari koalitsiyasi tomonidan kiritilgan da’vo arizasini sudgacha hal qilishga rozi bo‘ldi. Kelishuvga ko‘ra, kompaniya da’vogarlarga 18 milliard dollar to‘lash hamda voyaga yetmaganlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishini cheklash bo‘yicha yangi, qat’iy cheklovlarni joriy etish majburiyatini oldi.

Cambridge Analytica va uning atrofidagi mojarolar haqida

Cambridge Analytica — saylovchilarning xatti-harakatlarini tahlil qilish va ularga siyosiy reklama orqali ta’sir o‘tkazish bilan shug‘ullangan Britaniyadagi siyosiy konsalting kompaniyasi bo‘lgan. 2013-yilda tashkil etilib, 2018-yildagi yirik mojarolardan so‘ng o‘z faoliyatini tugatgan.

Kompaniya oddiy siyosiy texnologiyalardan farqli o‘laroq, juda kuchli va xavfli tizim yaratgan. Xususan:

1. Ma’lumotlarni yashirincha yig‘ish

Kompaniya Facebook foydalanuvchilari uchun maxsus psixologik testlar va ilovalar ishlab chiqqan. Bu testlardan o‘tgan odamlarning nafaqat o‘z ma’lumotlari, balki ularning Facebookdagi barcha do‘stlarining (jami 87 million foydalanuvchining) shaxsiy ma’lumotlari qo‘lga kiritilgan.

2. Psixologik portret yaratish

Yig‘ilgan ma’lumotlar (kim nimani yaxshi ko‘radi, qaysi postga «layk» bosgan, nimadan qo‘rqadi yoki jahli chiqadi) asosida har bir saylovchining psixologik portreti yaratilgan. Odamlar bir nechta toifaga ajratilgan: masalan, «qo‘rquvga tez beriluvchilar», «millatchilar», «o‘zgarishni xohlovchilar» va hokazo.

3. Aniq nishonga olingan reklama (mikrotargeting)

Mana shu portretlar asosida har bir odamga alohida moslashtirilgan siyosiy reklamalar ko‘rsatilgan. Masalan:

  • Agar tizim foydalanuvchini «jinoyatchilikdan qo‘rqadigan odam» deb topsa, uning yangiliklar tasmasida Donald Trampning «muhojirlar jinoyatchilikni oshirmoqda, men ularga qarshi devor quraman» degan reklamasi chiqarilgan.
  • Agar odam qurol ishlatish huquqini qo‘llab-quvvatlasa, unga Trampning qurol egalarini himoya qilayotgani haqidagi videolari ko‘rsatilgan.

Cambridge Analytica AQShdagi 2016-yilgi prezidentlik saylovida Donald Trampning kampaniyasida va Buyuk Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishi bo‘yicha o‘tkazilgan Brexit referendumida faol ishtirok etib, ovoz berish natijalariga jiddiy ta’sir ko‘rsatgani aytiladi.

2018-yilda bu yashirin tizim OAVda oshkor bo‘lib ketgach, butun dunyoda katta mojaro kelib chiqdi. Bu voqea ijtimoiy tarmoqlar orqali odamlarning fikrini qanchalik oson boshqarish mumkinligiga eng yorqin misollardan biridir.

Agarda ushbu voqea haqida batafsilroq bilmoqchi bo‘lsangiz, Netflix tomonidan suratga olingan «The Great Hack» («Katta nayrang») hujjatli filmini tomosha qilishingiz mumkin. Unda butun jarayon ipidan-ignasigacha juda aniq ko‘rsatib berilgan.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring