Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

ChatGPT endi sizning o‘rningizga saytda ishlay oladi

ChatGPT endi sizning o‘rningizga saytda ishlay oladi

Endi sun’iy intellekt nafaqat ochiq veb-saytlardan ma’lumot izlashi, balki foydalanuvchi tizimga kirishni amalga oshirganidan so‘ng, login talab qiladigan ayrim saytlarda ham uning nomidan turli vazifalarni bajarishi mumkin.

Yangi imkoniyat ChatGPT Workning Cloud browser funksiyasi orqali ishlaydi. U alohida bulutli kompyuterda ishlaydigan brauzer bo‘lib, veb-sahifalarni ochish, tugmalarni bosish, shakllarni to‘ldirish va saytlarda muayyan amallarni bajarish imkonini beradi. Eng muhimi, foydalanuvchi vazifani berib, keyin qurilmasidan chiqib ketsa ham, jarayon davom etishi mumkin. ChatGPT zarur ma’lumot, qayta kirish yoki tasdiq talab qilinganida esa ishni to‘xtatadi.

OpenAIning ta’kidlashicha, saytga kirish jarayonida foydalanuvchi login va parolini maxsus xavfsiz kirish shakli orqali kiritadi. Bu ma’lumotlar modelga ko‘rinmaydi va ChatGPT ularni kirish ma’lumotlari sifatida saqlamaydi.

Shu bilan birga, bu yerda muhim jihat bor. Parol saqlanmasa ham, saytga kirilgandan keyingi autentifikatsiya sessiyasi ma’lum vaqt davomida faol bo‘lib qolishi mumkin. Demak, keyingi vazifalarda qaytadan parol kiritish talab etilmasligi ehtimol. Sessiya muddati tugaguncha yoki bulutli brauzer ma’lumotlari o‘chirilguncha ChatGPT ushbu akkauntdagi sessiyadan foydalanib vazifalarni davom ettirishi mumkin. Oddiy qilib aytganda, sun’iy intellekt parolni bilmaydi, ammo siz unga ochgan eshik orqali saytda ishlash imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Foydalanuvchi ChatGPT Workda vazifani belgilaydi. Agar saytda avtorizatsiya talab qilinsa, ChatGPT jarayonni to‘xtatib, foydalanuvchidan xavfsiz shakl orqali tizimga kirishni so‘raydi. Zarur bo‘lsa, ikki bosqichli tasdiqlash ham foydalanuvchining o‘zi tomonidan amalga oshiriladi. Shundan keyin agent vazifani davom ettirishi mumkin. Masalan, kommunal xizmatlar akkauntiga kirib tariflarni solishtirish, aviachiptalarni qidirish, buyurtma holatini tekshirish yoki ma’lum bir saytdagi ma’lumotlarni yangilash kabi ishlarni bajarishi mumkin.

Ammo ChatGPT har qanday muhim harakatni foydalanuvchining tasdig‘isiz bajaravermaydi. Masalan, huquqiy va moliyaviy majburiyat keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan harakatlar oldidan tasdiq so‘raladi. Yangi texnologiyaning qulayligi bilan birga yangi xavflar ham paydo bo‘lmoqda. Chunki agent saytda foydalanuvchining nomi bilan harakat qiladi. Shu sababli OpenAI foydalanuvchilarga sayt manzilini, kirish oynasini va muhim amallar oldidan chiqadigan tasdiq so‘rovlarini diqqat bilan tekshirishni tavsiya qilmoqda.

Kompaniya, shuningdek, bulutli brauzerda saytlarga kirish huquqini boshqarish imkonini bergan. Settings bo‘limida foydalanuvchi har bir yangi sayt uchun alohida ruxsat so‘ralishini belgilashi, xavfsiz deb hisoblangan saytlarni avtomatik tasdiqlashga ruxsat berishi yoki saytlarga kirishni kengroq tarzda boshqarishi mumkin. OpenAI barcha saytlarga doimiy ruxsat berish variantini tavsiya etmaydi. Sayt ma’lumotlari o‘chirilsa, ushbu saytdagi akkauntdan chiqiladi va keyingi vazifalarda qaytadan avtorizatsiya talab qilinishi mumkin. Ilgari sun’iy intellekt asosan ma’lumotni topish, tahlil qilish va matn tayyorlashda yordam bergan bo‘lsa, endi ayrim holatlarda veb-saytning o‘zida amaliy ishlarni ham bajarishi mumkin.

Masalan, jurnalist uchun ochiq ma’lumotlarni yig‘ish, bir nechta saytdan ma’lumotlarni solishtirish, akkauntdagi ma’lumotlarni tekshirish yoki belgilangan veb-jarayonlarni avtomatlashtirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Biznesda esa hisob-fakturalar bilan ishlash, ma’lumotlarni yangilash, buyurtmalarni kuzatish va boshqa takroriy vazifalarni avtomatlashtirish mumkin. OpenAI ChatGPT Workni aynan uzoqroq va murakkabroq vazifalarni mustaqil bajarishga mo‘ljallangan agent sifatida taqdim etmoqda.

Shu bilan birga, har qanday sayt ham bunday agentlarni qabul qilavermaydi. Ayrim platformalar avtomatlashtirilgan brauzerlarga texnik yoki xavfsizlik cheklovlarini qo‘yishi mumkin. Shuning uchun yangi funksiyani «ChatGPT istalgan saytda istalgan ishni to‘liq mustaqil bajaradi» deb tushunish hozircha to‘g‘ri emas.

ChatGPTga saytga kirish imkoniyatini berganingizda, unga aynan qanday amallarni bajarishga ruxsat berganingizni nazorat qiling. Sun’iy intellektning keyingi bosqichi shunchaki javob berish emas, balki inson topshirig‘i asosida raqamli muhitda harakat qilishdir. Cloud browser esa ana shu o‘zgarishning eng amaliy ko‘rinishlaridan biri bo‘lmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring