Davlat organi yoki mansabdorning noqonuniy qarori va harakatsizligidan yetkazilgan zarar qoplanadi
Senatning 14-yalpi majlisida «Davlat organining yoki uning mansabdor shaxsining qonunga xilof qarori, harakati yoxud harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risida» gi qonun muhokama qilinib, senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Qayd etilganidek, hozirga qadar bunday munosabatlar 10 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinib kelgan. Biroq zararni qoplash bo‘yicha yagona va aniq mexanizm mavjud emas edi. Ayniqsa, davlat budjeti hisobidan to‘lovlarni amalga oshirish tartibining aniq belgilanmagani amaliyotda turli muammolarni keltirib chiqargan.
Qonunga ko‘ra, davlat organlari yoki mansabdor shaxslar tomonidan yetkazilgan zararni qoplashning yagona huquqiy tartibi joriy etiladi. Zarar davlat tomonidan qoplanganidan so‘ng, aybdor shaxsga nisbatan regress tartibida mablag‘ni undirish mexanizmi ham belgilanmoqda. Bu davlat xarajatlarini qaytarish imkonini beradi.
Mazkur jarayonda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari aybdor shaxs ishlayotgan yoki ishlagan davlat organiga talabnoma kiritishi mumkin.
Qabul qilingan hujjatda qonuniylik, inson huquqlari ustuvorligi, ochiqlik va shaffoflik kabi asosiy prinsiplar alohida mustahkamlangan. Shuningdek, mulkiy zararlarni qoplash uchun maxsus hududiy jamg‘armalar shakllantirilishi va ularning manbalari aniq belgilab berilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter