Davlatlar o‘rniga sun’iy intellekt modellari urushga kirishsa nima bo‘ladi?
Dunyoni sun’iy intellekt boshqarsa nima bo‘ladi? London Qirollik kolleji olimlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot bu savolga ancha vahimali javob berdi: agar jilov sun’iy intellekt (SI) qo‘liga o‘tsa, dunyo yadroviy halokat yoqasiga kelib qolishi mumkin. Chunki SIda insonga xos axloq va qo‘rquv hissi yo‘q.
Olimlar davlatlarning rollarini sun’iy intellekt modellariga topshirib, geosiyosiy nizolarni simulyasiya qilishdi.
Davlatlar (yetakchilar) rolida — GPT-5.2, Claude Sonnet 4 va Gemini 3.
Klod — eng zo‘r, Jemini — eng shafqatsiz
21 ta ssenariy asosidagi simulyasiyalarda neyrotarmoqlar yadroviy zarbalar bilan tahdid qildi. Taktik yadro qurollari 95 foiz holatlarda qo‘llanildi, ammo hech bir tomon taslim bo‘lmadi.
Modellarning o‘zini tutishi:
Claude: Barcha ssenariylarda g‘alaba qozondi. U ko‘proq yadroviy zarbalar berish bilan tahdid qilsa-da, lekin buni doim ham amalga oshirmadi.
GPT-5.2: Dastlab tinchlikparvar strategiyadan foydalandi. Vaqt qisqargan sari, u tajovuzkor bo‘lib, raqiblarni yolg‘onchilikda ayblay boshladi.
Gemini: Eng shafqatsiz pozitsiyani egallagan. U har bir munozaraning boshidanoq, muzokaralarsiz, «yadroviy urush» strategiyasini tanladi.
Yuqorida ta’kidlanganidek, ishtirokchilarning birortasi ham chekinmadi, tahdidlar esa faqat 14 foiz holatlardagina tiyib turuvchi ta’sirga ega bo‘ldi. E’tiborli jihati shundaki, bunday keskin xulq-atvorni odatda matn yozish va o‘qishda yordam berish uchun ishlatiladigan modellarning o‘zlari namoyish etdi: mazkur sharoitda ularning barchasi eskalatsiyani (keskinlikni) tanladi va to‘xtamadi.
Olimlarning xulosasiga ko‘ra, sun’iy intellekt tizimlari uchun «g‘alaba» tushunchasi insondan ustun. Shu bois ulardan harbiy maqsadlarda foydalanish insoniyat kelajagini xavf ostiga qo‘yadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter