Deputat Qozog‘iston bilan hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishini aytdi

O‘zbekiston Qozog‘iston bilan ko‘plab sohalar qatori sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar yo‘nalishida samarali hamkorlik qilishi mumkin, deb hisoblaydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muhsinjon Xolmuhammedov.
Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning joriy yil 8 sentyabr kuni mamlakat xalqiga yo‘llagan murojaatiga munosabat bildirgan qonun ijodkori mazkur murojaatda nafaqat milliy, balki mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar ko‘tarilgani, binobarin, ushbu strategik hujjat O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida hamkorlikning yangi ufqlarini ochishi mumkin ekanini aytadi.
“Qozog‘iston prezidenti o‘z murojaatida raqamlashtirishni yaqin yillarda mamlakat taraqqiyotining asosiy vektori o‘laroq belgilagan. Bu nafaqat yangi yuqori texnologiyalar sohasini shakllantirish, ayni choqda, sog‘liqni saqlash, ta’lim, sanoat, qishloq xo‘jaligi kabi an’anaviy iqtisodiy sohalarda qayta taqsimotni taqozo etadi. O‘zbekiston ham raqamli texnologiyalarni rivojlantirish va iqtisodiyotga innovatsion yondashuvlarni tatbiq etishga intilmoqda. Demak, bu borada O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘zaro faol tajriba almashishi mumkin. Sun’iy intellekt, ulkan ma’lumotlar bazasi, bulutli texnologiyalar kabi yo‘nalishlarda hamkorlikda loyihalarni amalga tatbiq etish iqtisodiy o‘sishni ta’minlab qolmay, ikki mamlakatning global bozordagi raqobatbardoshligini ham oshiradi”, – deydi Muhsinjon Xolmuhammedov.
Qozog‘iston prezidenti murojaatida davlat boshqaruvi tizimiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish masalasi ham ko‘tarilgan.
“E-government yo‘nalishida faol ravishda loyihalarni amalga joriy etayotgan O‘zbekiston Qozog‘iston bilan tajriba almashishi, davlat raqamli infratuzilmalarini takomillashtirish bo‘yicha birgalikda yangi yechimlar ishlab chiqishi mumkin. Shuningdek, ma’lumotlar xavfsizligini ta’minlash, davlat xizmatlari ko‘rsatish jarayonida shaffoflikni oshirish bo‘yicha ham hamkorlik istiqboli porloq”, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi a’zosi.
Deputatning fikricha, ikki qardosh davlat raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt tizimlari bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha ham yaqindan hamkorlik o‘rnatishi maqsadga muvofiqdir. Bu esa davlatlararo robitalarni mustahkamlab qolmay, fuqarolar va ishbilarmon doiralar uchun ham yangi imkoniyatlar eshiklarini ochadi.
Avval xabar berganimizdek, Qozog‘istonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamqulov ham ikki qardosh mamlakat sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bo‘yicha aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishi zarur ekanini ta’kidlagan edi.
Ma’lumot o‘rnida: O‘zbekistonda ham sun’iy intellekt rivojiga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Prezidentining 2024 yil 14 oktyabrdagi qaroriga muvofiq, Sun’iy intellekt texnologiyalarini 2030 yilga qadar rivojlantirish strategiyasi qabul qilingan.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev joriy yil 1 iyul kuni raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt va telekommunikatsiya sohalaridagi rejalar taqdimotida bu bo‘yicha bir qator vazifalarni belgilab bergan edi.
O‘zbekiston prezidenti joriy yil 21 avgust kuni imzolagan PF-140-sonli farmonda ham sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirishning ustuvor maqsadlari belgilangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter