Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Erdo‘g‘on Germaniya kanslerini izza qildi

Erdo‘g‘on Germaniya kanslerini izza qildi

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Anqaraga mehmon bo‘lib kelgan Germaniya kansleri Fridrix Mersni Isroilni qo‘llab-quvvatlab kelayotgani sabab keskin tanqid qildi.

Erdo‘g‘on Isroil so‘nggi ikki yil ichida G‘azo sektorida qariyb 70 ming falastinlik, jumladan, xotin-qizlar, bolalar va qariyalarni o‘ldirgani, Germaniya esa bundan ko‘z yumayotganidan taassuf izhor etgan.

“Germaniya nahotki bu holatni ko‘rmayotgan bo‘lsa?!” – deya Fridrix Mersga xitob qilgan Erdo‘g‘on Anqaradagi qo‘shma matbuot anjumanida.

Turkiya rahbari Germaniya kanslerining Isroilni dastaklovchi bayonotlariga e’tiroz bildirarkan, Tel-Aviv hukumati G‘azoda genotsid sodir etayotgani, atayin, ochlikni yuzaga keltirayotganini ta’kidlagan.

“HAMAS na bombalar, na yadro quroliga ega. Isroilda esa bunday qurollar mavjud va u ushbu qurollarni G‘azo ahliga qarshi qo‘llamoqda”, – degan u.

Turkiya rahbariga ko‘ra, Anqara Berlinga G‘azodagi xunrezlikni to‘xtatish va ixtilofni ikki davlat tamoyili asosida hal etish bo‘yicha pozitsiyasini aniq-tiniq bildirgan.

“Biz (G‘azoga) 100 ming tonnadan ziyod oziq-ovqat ko‘magini yubordik, ammo bu yetarli emas. Insonparvarlik ko‘magi yetkazishni davom ettirish, genotsidni to‘xtatish, qasddan yuzaga keltirilgan ocharchilikka chek qo‘yish kerak. Germaniya Qizil xochi va Turkiya Qizil yarimoy jamiyatlari jarayonda faol ishtirok etishi lozim”, – degan turk yetakchisi.

Anqara Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi urushni to‘xtatish ham muhim ekanini urg‘ulagan.

Eslatib o‘tamiz, prezident Erdo‘g‘on ikki yil avval Germaniyaning o‘sha paytdagi kansleri Olaf Sholsni ham Isroilning G‘azodagi xalqaro huquqqa zid harakatlariga qarshi gapirishga botina olmayotgani sabab izza qilgandi.

“Qachongacha yuz berayotgan hodisalarni ko‘ra-bila turib sukut saqlaymiz? Agar qo‘llarimiz kishanband, tillarimiz bog‘liq bo‘lib qolar ekan, tarixga buning javobini qanday beramiz?! Isroil – Falastin ziddiyatini qarzdorlik psixologiyasi nuqtai nazaridan baholash to‘g‘ri emas. Men erkin so‘zlamoqdaman. Chunki bizning Isroildan tili qisiq joyimiz yo‘q. Agar qarzimiz bo‘lganida bu qadar erkin gapira olmasdik. Zotan, (Isroildan) qarzdorlar erkin gapira olmayotir”, – degan edi Erdo‘g‘on o‘shanda.

Tahlilchilarga ko‘ra, Germaniya Ikkinchi jahon urushida ko‘p sonli yahudiylar qirib tashlangani, ya’ni Holokost hodisasi sabab Isroil hukumatining hatto xalqaro huquqqa zid harakatlarini ham keskin tanqid qilishga botinmaydi. Tarixiy aybdorlik hissi ko‘pincha olmon siyosiy yetakchilarining tilini bog‘lab turadi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring