Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Eron va Ummon Ho‘rmuz bo‘g‘ozida vaqtinchalik yo‘lak ochishni muhokama qilyapti

Eron va Ummon Ho‘rmuz bo‘g‘ozida vaqtinchalik yo‘lak ochishni muhokama qilyapti

Foto: AP

Eron va Ummon Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalar harakatini tartibga solish, vaqtinchalik navigatsiya yo‘lagini tashkil etish va akvatoriyani birgalikda minalardan tozalash masalalarini muhokama qildi.

Seshanba kuni Tehronda Ummon tashqi ishlar vaziri Badr Albusaidiy va Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi uchrashdi. Tomonlar bo‘g‘oz orqali kemalar harakatini bosqichma-bosqich tiklashga qaratilgan sxemani ko‘rib chiqqan.

Qo‘shma bayonotga ko‘ra, dastlab Ho‘rmuz bo‘g‘ozida vaqtinchalik qo‘shma navigatsiya yo‘lagi tashkil etilishi, shuningdek, minalarni tozalash ishlari olib borilishi mumkin.

Keyingi muzokaralarda doimiy navigatsiya yo‘lagini belgilash, bo‘g‘ozni boshqarish tartibi, axborot almashinuvi, kemalar harakatini muvofiqlashtirish va xavfsizlik xizmatlarini tashkil etish masalalari muhokama qilinadi.

Ummon TIV rahbari Badr Albusaidiy yaqin vaqt ichida vaqtinchalik yo‘lak haqida rasman e’lon qilinishiga umid bildirgan. U tomonlar keyinchalik doimiy yechim va bo‘g‘ozni kim boshqarishi bo‘yicha ham kelishuvga erishishga harakat qilishini aytgan.

Eron tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Kazem G‘aribobodiyning ma’lum qilishicha, Ummon qo‘ltig‘idan Fors ko‘rfaziga kiruvchi vaqtinchalik dengiz yo‘li to‘liq Eron hududiy suvlari orqali o‘tadi. Chiqish yo‘li esa Eron va Ummon hududiy suvlarini qamrab oladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki davlat muzokaralarni kelgusi 30–60 kun davomida davom ettirishi rejalashtirilgan.

Shu bilan birga, Eron rasmiylari Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofidagi vaziyatni Pokiston delegatsiyasi bilan ham muhokama qilgan. Pokiston tomoni muzokaralarni tiklash va mintaqadagi harbiy qarama-qarshilikni yumshatish bo‘yicha vositachilik qilishga urinmoqda.

Hozircha vaqtinchalik yo‘lak qachon ishga tushishi va uning aniq huquqiy hamda xavfsizlik mexanizmi qanday bo‘lishi ma’lum emas.

Muzokaralar fonida Ummon sohillari yaqinida yana bir neft kemasiga hujum qilingani xabar qilindi.

Buyuk Britaniyaning dengiz savdosi operatsiyalari boshqarmasi — UKMTO ma’lumotiga ko‘ra, hodisa Ummonning Ash-Shishah shahri shimoli-sharqida, sohildan taxminan 9 dengiz mili — 16,7 kilometr uzoqlikda sodir bo‘lgan.

Kemaning mashina bo‘limi shikastlangan va u harakatlanish imkoniyatini yo‘qotgan. Hujumni kim amalga oshirgani hozircha ma’lum emas.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring