Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

“Har bir detalda milliy g‘urur bor” — Sinxua professori Markaz haqida kutilmagan fikr bildirdi

“Har bir detalda milliy g‘urur bor” — Sinxua professori Markaz haqida kutilmagan fikr bildirdi

Sinxua universiteti olimlari Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifi davomida “tarix ichida yurgandek” his qilganini ta’kidlab, Markazni Sharqning yangi ilmiy-ma’rifiy mo‘’jizasi sifatida baholadilar.

Xitoyning Sinxua universiteti delegatsiyasi — Xavfsizlik fanlari professori Du Peng va Xavfsizlik fanlari instituti xodimi Peng Xiaohui O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi.

 Professor Du Peng o‘z fikrlarini quyidagicha bayon etdi:

 “Bu joy juda ulug‘vor. Har bir detal ortida tarixingizga nisbatan chuqur hurmat va milliy g‘urur mujassam. Markazni ko‘rib, Xitoy va O‘zbekistonni asrlar davomida bog‘lab turgan Ipak yo‘lini yana bir bor his qildim. Bunday ilmiy-ma’rifiy maskan ikki xalq o‘rtasidagi madaniy va texnologik hamkorlikni yanada mustahkamlaydi.” 

 U, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan Markazni insoniyatning tarixiy merosini asrash, o‘rganish va jahon ilm-faniga taqdim etishdagi ulkan qadam sifatida baholadi. Professorga ko‘ra, Markaz nafaqat O‘zbekiston yoki Markaziy Osiyo, balki butun Osiyo va jahon tadqiqotchilari uchun muhim akademik manbaga aylanadi.

 Sinxua universiteti vakili Peng Xiaohui Markazda tarixiy jarayonlarni raqamlashtirish, interfaol yechimlar va vizual texnologiyalardan foydalanish alohida ajralib turayotganini ta’kidladi:

 “Bu majmua tarixni hujjat sifatida emas, balki jonli namoyon etadi. Ipak yo‘lida bir vaqtlar Sharq va G‘arbni bog‘lagan ulkan ruhiyat bu yerda yana jonli ravishda his etiladi,” — dedi u.

 U, shuningdek, Markaz ekspozitsiyalarida Prezident Shavkat Mirziyoyevning madaniy merosni asrash va targ‘ib qilish siyosati amaliy natijalar bilan namoyon bo‘layotganini qayd etdi.

 Mehmonlar Markazdagi nodir qo‘lyozmalar, Qur’on nusxalari va ilmiy arxivlarni ko‘zdan kechirib, ularning ahamiyati va saqlanish darajasini yuqori baholadilar.

 “Bu yerdagi har bir eksponat, har bir rang va yorug‘lik madaniyatga bo‘lgan ehtirom bilan taqdim etilgan,” — dyeya ta’kidladi Peng Xiaohui.

 Tashrif yakunida Xitoy delegatsiyasi Islom sivilizatsiyasi markazini “Sharq sivilizatsiyasi merosini zamonaviy ilmiy yondashuvlarda namoyon etayotgan, mintaqada o‘xshashi yo‘q innovatsion ilmiy-ma’rifiy maskan” deb baholadi.

 Tomonlar kelgusida tarixiy tadqiqotlar bo‘yicha qo‘shma loyihalar, professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar almashinuvi, raqamli ekspozitsiyalar va zamonaviy ta’lim texnologiyalari bo‘yicha qo‘shma tashabbuslar yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish niyatini bildirdi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring