Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Isroil vaziri Falastin rahbariyatini o‘ldirishga chaqirdi

Isroil vaziri Falastin rahbariyatini o‘ldirishga chaqirdi

Foto: AA

Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir Falastin rahbari Mahmud Abbosni hibsga olish va Falastinning yuqori martabali mulozimlarini yo‘q qilishga chaqirdi. Radikal kayfiyatdagi vazir BMT tomonidan Falastin davlatining tan olinishi Isroil xavfsizligiga zid deya iddao qilgan.

“Agar ular Falastin terrorchi davlatini tan olish jarayonini tezlashtirishsa va BMT Falastin davlatini tan olsa, Falastin ma’muriyatining yuqori martabali mulozimlarini maqsadli ravishda o‘ldirishga buyruq berish kerak. Shuningdek, Abu Mazenni (Falastin prezidenti Mahmud Abbos nazarda tutilmoqda – tahr.) hibsga olish lozim, uning uchun Ketsiot qamoqxonasida qorong‘i kamera hozirlab qo‘yilgan”, – degan Itamar Ben-Gvir.

Tahlilchilarga ko‘ra, Isroil hukumati mustaqil Falastin davlati tuzish g‘oyasiga tish-tirnog‘i bilan qarshi chiqmoqda.

Avval xabar berganimizdek, 2024 yil 18 iyul kuni Isroil parlamentida ko‘pchilik ovoz bilan Falastin davlati tashkil etilishini rad etuvchi qaror qabul qilindi. Knesset qaroriga xalqaro tashkilotlar yetakchilari, jumladan, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish e’tiroz bildirdi. Bosh kotib ta’kidicha, 1967 yilgi chegaralarda, poytaxtlari Quddus bo‘lgan mustaqil, suveren va demokratik ikki davlat mavjudligi mintaqada barqarorlik o‘rnatishning yagona oqilona yo‘li sanaladi.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu joriy yil 11 sentyabr kuni Falastin davlati tuzilmasligi uchun qo‘lidan kelgan barcha choralarni ishga solishini aytgan.

Hozirga qadar BMTga a’zo mamlakatlarning 150 ga yaqini Falastinni davlat sifatida tan olgan. Xususan, joriy yil sentyabr oyida Falastin davlatchiligini e’tirof etgan mamlakatlar safiga Fransiya, Buyuk Britaniya, Kanada, Portugaliya va Avstraliya qo‘shilgan.

Joriy yil 12 sentyabr kuni BMT Bosh assambleyasida Isroil – Falastin ziddiyatini ikki davlat tamoyili asosida hal etish ko‘zda tutilgan deklaratsiya ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilingan edi. Mohiyat e’tiboriga ko‘ra Falastin davlat tuzilishini yoqlovchi mazkur hujjatni 142 davlat, jumladan, O‘zbekiston qo‘llab-quvvatladi.

Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir avval ham g‘ayriqonuniy, g‘ayriaxloqiy bayonotlar bergani ma’lum. U, jumladan, G‘azo sektoridagi 2,3 million aholini boshqa hududlarga surgun qilish rejasini targ‘ib qilib keladi.

Joriy yil iyun oyida Buyuk Britaniya, Kanada, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Norvegiya Itamar Ben-Gvir hamda Isroil moliya vaziri Betsalel Smotrichga qarshi sanksiya joriy qildi.

2024 yili Axios nashri AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Isroil vazirlari Itamar Ben-Gvir va Betsalel Smotrichga nisbatan sanksiya qo‘llash imkoniyatini muhokama qilgani, ammo pirovardida bunga jur’at qilmagani haqida xabar bergandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring