Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Kendzi Hirata: Taraqqiyot deb qadriyatlardan voz kechmang!

Kendzi Hirata: Taraqqiyot deb qadriyatlardan voz kechmang!

Kendzi Hirata Yaponiya tashqi ishlar vazirligi tizimida 40 yildan buyon ishlab kelmoqda.

Foto: Xabar.uz

Kendzi Hirata 2025-yil oktyabr oyida Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi etib tayinlangan. Turli yillarda Kunchiqar o‘lkaning Ispaniya, Peru, Meksika, BAAdagi elchixonalarida, BMT va Yevropa Ittifoqidagi doimiy vakolatxonalarida faoliyat yuritgan. 2018–2021-yillarda Mayamida (AQSh) bosh konsul, 2021–2024-yillarda Kubada elchi vazifasida ishlagan. Tajribali diplomat bilan O‘zbekiston va Yaponiya hamkorligi hamda dunyo geosiyosatiga doir mavzularda suhbatlashdik.

– Yaponiya 2004-yilda ilk bor Markaziy Osiyo bilan muloqot formatiga asos solgan edi. 2025-yil 20-dekabr kuni Tokio shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining birinchi sammiti o‘zaro munosabatlarda yangi sahifa ochdi. Elchi janoblari, mazkur muloqot formatining tadrijiga nazar tashlasak, o‘tgan yillar mobaynida Yaponiya uchun Markaziy Osiyo mintaqasining ahamiyati qay darajada o‘zgardi? Bugungi kunda AQSh, Yevropa Ittifoqi, Xitoy, Rossiya, Hindiston kabi global kuchlar ham mintaqamiz bilan muloqotni yo‘lga qo‘ygan. Sizningcha, “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining o‘ziga xosligi nimada?

–  So‘zni “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotining ahamiyati ortib borayotganini ta’kidlashdan boshlasam. O‘tgan yil dekabr oyida men Tokioda bo‘lib o‘tgan oliy darajadagi sammitda bevosita qatnashish, O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev janobi oliylariga hamrohlik qilish sharafiga muyassar bo‘ldim. To‘g‘ri qayd etdingiz, Yaponiya 2004-yilda “Markaziy Osiyo +” muloqotiga asos solgan edi. Dastlab biz ikki yilda bir marotaba vazirlar darajasidagi mashvaratni yo‘lga qo‘ygandik. Keyinroq boshqa mamlakatlar ham bizdan ulgi oldi. Bugun ba’zi davlatlar bunday uchrashuvlarni har yili o‘tkazmoqda. Ayrim davlatlar esa muloqotni oliy darajadagi uchrashuv – sammit darajasiga ko‘targan. To‘g‘ri, biz bu borada muayyan muddat ortda qolgandek bo‘ldik. Ammo yubiley sana doirasida tashkil etilgan so‘nggi sammitda boy berilgan imkoniyatlarning o‘rnini to‘ldirdik deb o‘ylayman.

“Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqotini yo‘lga qo‘ygan kezlarimiz Markaziy Osiyo hozirgidek yaxlit-yagona makon emas edi. Bugun Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida hamkorlik, jumladan, suv manbalarini boshqarish, sarhadlar nazorati, chegara demarkatsiyasi kabi masalalar muhokama etilmoqda. Bu borada prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuskorligi va hissasini alohida ta’kidlashni istardim. Sirasini aytganda, Markaziy Osiyo hamkorligi hozir oddiy-odatiy voqelikka aylandi. Ammo biz hamkorlikka kirishgan vaqtda mintaqa boshqacha holatda edi. Binobarin, biz yaxlit Markaziy Osiyoni shakllantirish va taraqqiy ettirishga o‘z hissamizni qo‘shganimizdan bag‘oyat xursandmiz.

Markaziy Osiyo davlatlari 35 yil avval mustaqillikka erishgani ma’lum. O‘shanda dunyo xaritasida yangi beshta davlat paydo bo‘lgan edi. Yaponiya o‘zini Osiyo mamlakati deb biladi va mintaqaning farovonligi, barqarorligiga alohida e’tibor qaratadi. Aniqroq aytganda, Yaponiyaning farovonligi va barqarorligi mintaqaning farovonligi va barqarorligiga bog‘liqdir. Aynan shu bois ham yangi tavallud topgan Markaziy Osiyo davlatlarini farovonlik va barqarorlik yo‘lida qo‘llab-quvvatlashga kirishdik.

Yaponiya 1996-yildan buyon Taraqqiyot uchun rasmiy ko‘mak (Official Development Assistance) dasturi doirasida yirik loyihalarni moliyalashtirmoqda. Havo va temir yo‘l tizimi, telekommunikatsiya, elektr energetika kabi sektorlardagi 25 ta yirik loyihaga kredit ajratildi. Samarqand, Buxoro va Urganch aeroportlari modernizatsiyasiga, Qashqadaryo va Surxondaryoni bog‘lovchi temir yo‘l qurilishiga, Toshkent, Navoiy viloyatlarida zamonaviy elektr stansiyalari barpo etilishiga hissa qo‘shdik. Yaponiya ko‘p yillar mobaynida O‘zbekiston uchun birinchi raqamli donor bo‘lib keldi.

O‘zbekistonda inson resurslarini rivojlantirish ham muhim yo‘nalishlardan biri sanaladi. Masalan, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) o‘tgan yilga qadar O‘zbekistondan 3 140 ga yaqin mutaxassisni malaka oshirish dasturlariga taklif qildi. Yaponiya ta’lim vazirligi ajratgan grantlar asosida hozirga qadar 560 ga yaqin o‘zbekistonlik tahsil oldi. JICAning yosh davlat xizmatchilari uchun tashkil etilgan yana bir o‘quv dasturida 440 kishi ishtirok etdi. Yaponiya moliya vazirligining mazkur sektorda kadrlar salohiyatini yuksaltirish dasturlarida esa 240 ga yaqin o‘zbekistonlik qatnashdi. Milliy davlat qurilishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan boshqa dasturlar ham amalga tatbiq etilmoqda.

Yaponiyaning 4,6 mln dollarlik moliyaviy ko‘magida Orolbo‘yida suv resurslarini boshqarishga doir loyihani ishga tushirish marosimida. 2026-yil 27-fevral.
Foto: BMTTD

Yaponiya nega taraqqiyot yo‘lida ko‘mak bermoqda? O‘ylaymanki, Yaponiyaning Markaziy Osiyo, jumladan, O‘zbekiston bilan hamkorligidagi o‘ziga xoslik ayni shu nuqtada namoyon bo‘ladi. Markaziy Osiyo davlatlarining farovonligi va barqarorligi butun Osiyo mintaqasi farovonligi va barqarorligining ajralmas qismi sanaladi. Yaponiya Markaziy Osiyoda hududiy yoki strategik manfaatlarni ko‘zlamaydi. Istagimiz — xalqlarimiz tinchlik va iqtisodiy farovonlik ne’matlaridan bahra olgan holda yashasin.    

– O‘tgan yilning 20-dekabrida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Yaponiya bosh vaziri Sanae Takaichi Tokiodagi muzokaralar yakunida Kelgusi avlodlar uchun kengaytirilgan strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma bayonotni imzoladi. Toshkent va Tokio o‘rtasida xavfsizlik sohasida, jumladan, harbiy va harbiy-texnik jabhada hamkorlikni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqdami? Umuman, mamlakatlarimiz hamkorligining hozirgi holatini qanday baholaysiz?

– Avvalo, savolingizning ikkinchi qismiga javob bersam. Yaponiya va O‘zbekiston aloqalari yangi bosqichga kirdi. Prezident Shavkat Mirziyoyevning siyosati tufayli Yangi O‘zbekiston jadal rivojlanmoqda, mamlakatning o‘zaro aloqalardagi roli ham o‘zgarmoqda. Boya aytganimdek, O‘zbekiston mustaqillikka erishishi bilan Taraqqiyot uchun rasmiy ko‘mak doirasida moliyaviy yordam ko‘rsatildi. Jumladan, “hukumatdan hukumatga” tamoyiliga tayangan ko‘mak o‘zaro hamkorlikda muhim o‘rin tutdi. O‘zbekistonning iqtisodiy taraqqiyot darajasi oshishi, mamlakat dunyoga to‘laqonli ochilishi ortidan “hukumatdan hukumatga” ko‘mak o‘rniga xususiy sektor, sarmoya, savdo va turizmga yordamning ahamiyati ortayotir.

O‘zgarishlar sabab Yaponiya va O‘zbekiston aloqalari ham evrilishga yuz tutmoqda. O‘z navbatida, biz yapon xususiy sektori vakillarini O‘zbekiston iqtisodiyotining tezkor o‘sishi jarayonida ishtirok etishga undamoqdamiz. 

Yaponiyaning bir qator kompaniyalari O‘zbekistonda faol ishlayotgani bizni mamnun etadi, albatta. Zero, mamlakatingiz yapon biznes vakillariga ko‘pdan-ko‘p imkoniyatlar taklif qilmoqda. Sirasi, yapon biznesi O‘zbekistonda faoliyatini kengaytirmoqda. Sarmoyalar, davlatlararo sayyohlar oqimi oshishi kutilmoqda.

O‘zbekistonning Tokiodagi elchisi bilan birgalikda Yaponiyada O‘zbekistonni ko‘proq tanitishga intilmoqdamiz. O‘zbekiston Yaponiyada yil sayin mashhur bo‘lib bormoqda, ammo tanitish-tanishtirish bo‘yicha qiladigan ishlarimiz hali bisyor.  

Savolingizning birinchi qismiga o‘tsak. Ikkinchi jahon urushidan keyin yaponlar ro‘y bergan hodisalar qayta takrorlanmasligi borasida qat’iy qaror qabul qilgan edi. Shu tariqa dunyodagi eng tinchlikparvar davlatlardan biri barpo etildi.  Sakson yildan ziyod muddat mobaynida mamlakatimiz butun dunyoning barqarorligi va farovonligiga hissa qo‘shib kelmoqda. Xalqaro vaziyat o‘zgarishi munosabati bilan esa Yaponiya xavfsizlik sohasida hamkorligini asta-sekin, tadrijiy tarzda kengaytirmoqda.   

Hozirda hukumatlarimiz o‘rtasida harbiy jabhadagi aloqalar juda chegaralangan. Ammo Yaponiya tinchlikparvar Konstitutsiyasi doirasida har qanday amaliyotlarga ochiq ekanini aytish mumkin. Biz Konstitutsiyamiz hamda tarixiy majburiyatlarimizga ko‘ra bir qator cheklovlarga rioya etamiz. Ushbu cheklovlar sharoitida ham siz tilga olgan yo‘nalishda aloqalarimizni bosqichma-bosqich kengaytirishga intilmoqdamiz. 

– Bugun kurrai arz geosiyosiy ziddiyatlar, ixtiloflar makoniga aylanib qoldi. Xalqaro me’yorlar va jahoniy tartib falaj holatga kelayozdi. BMT kabi nufuzli xalqaro tuzilma ham qonli to‘qnashuvlarni to‘xtata olmayotir. Xo‘sh, insoniyat qirg‘inbarot urushlarni qay yo‘l bilan to‘xtatishi mumkin? Hozirgi mushkul-murakkab davrda Yaponiya tinchlikka erishish yo‘lida qanday yondashuvni taklif etadi?

– Jiddiy muammodan so‘z ochdingiz. Darhaqiqat, dunyo tuzilmaviy o‘zgarishlar davrini boshdan kechirmoqda. Kuchlar muvozanati o‘zgarib, ziddiyatlarning ortishi kuzatilmoqda. Ochiq, erkin xalqaro hamjamiyat jiddiy tahdid bilan yuzlashayotir.

Yaponiya Ikkinchi jahon urushidan keyin tinchlik yo‘lidan borishni taklif qildi. Eng muhimi — xalqaro huquq ustuvorligi. Insoniyat changalzorda yashayotgani yo‘q, axir. Xalqaro huquq ichki huquq me’yorlari kabi kuchli bo‘lmasa-da, harqalay, muayyan me’yor, maromlar mavjud. Binobarin, dunyoda xalqaro huquq ustun mavqe kasb etishi kerak. Ushbu maqsadga erishish uchun Yaponiya xalqaro hamkorlikni kuchaytirmoqda. Mening mamlakatim, shuningdek, harbiy kuchdan faqat mudofaa maqsadlarida foydalanish tamoyilini yoqlaydi. Biz xalqaro hamjamiyatni xalqaro huquq zaruratiga ishontirishga urinmoqdamiz. Bu borada ham O‘zbekiston bizning muhim hamkorimizdir. 

Afsuski, jahonda harbiy qudratini shaffof nazoratsiz kuchaytirayotgan, geosiyosiy status-kvoni harbiy kuchni namoyish etish yoki qo‘llash orqali o‘zgartirishga urinayotgan mamlakatlar bor. Yaponiya status-kvoni o‘zgartirishga qaratilgan bu kabi biryoqlama, keskin sa’y-harakatlarga qarshi. Bu borada O‘zbekiston kabi tinchliksevar mamlakatlar bilan hamkorlikni davom ettiramiz.

Yaponiya “Erkin va ochiq Hind–Tinch okeani” konsepsiyasini ilgari surayotir. Mazkur konsepsiya dastlab dengiz yo‘llari ochiqligini ko‘zda tutgan bo‘lsa, endilikda kengayib bormoqda. Negaki, ummonlarda huquq ustuvorligini ta’minlash unga tutash mintaqalarda ham huquq ustuvorligini ta’minlashni talab etadi. To‘g‘ri, O‘zbekiston jug‘rofiy jihatdan okeandan uzoqda joylashgan. Ammo O‘zbekistondagi barqarorlik, tinchlik va huquq ustuvorligi ham erkin va ochiq okean g‘oyasiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Hozirgidek mushkul davrda erkinlik, ochiqlik, huquq ustuvorligi kabi g‘oyalar dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

– Geosiyosiy dolg‘alar kuchayib borayotgan sharoitda BMTning kelajagini qanday baholaysiz?

– Men yigitlik davrimda Yaponiyaning BMTdagi doimiy vakolatxonasida ishlash baxtiga musharraf bo‘lganman. Mazkur xalqaro tashkilotning kelajagi xususida so‘z borar ekan, men ikki jihatga e’tibor qaratishni istardim.

Afsuski, biz yashayotgan dunyo ideal emas. BMT ham o‘z Nizomi talab etgan darajada faoliyat yurita olmayotgani achchiq haqiqat. Nazarimda, BMT tashkil etilgan 1945-yilga qaraganda dunyo o‘zgarib ketdi. Shu bois biz BMT faoliyati qayta ko‘rib chiqilishi, isloh etilishi kerak deb hisoblaymiz. Xususan, uning dunyoda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashda muhim o‘rin tutuvchi tuzilmasi — Xavfsizlik kengashi reallikni adolatliroq tarzda aks ettirgan holda isloh qilinishi lozim.

BMT to‘laqonli faoliyat yurita olmayotgan ekan, uning o‘rnini bosadigan muqobil xalqaro tuzilma bormi? Yo‘q, albatta. BMT — keng ko‘lamdagi vakolatlarga ega bo‘lgan universal xalqaro tashkilot. Demak, faoliyati yanada samarali va ta’sirchan bo‘lmog‘i uchun uni isloh qilish oqilona yechimdir.

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga ishonch yorlig‘ini topshirish marosimida. 2025-yil 27-noyabr.
Foto: Prezident matbuot xizmati

– Yurtimizda faoliyat boshlaganingizga ham yarim yildan oshdi. O‘zbekistonda elchi sifatida tayinlanganingizni ilk bor eshitganda xayolingizdan qanday o‘y-fikrlar kechgan edi? O‘tgan muddat ichida fikrlaringiz qay darajada o‘zgardi? Oilangiz bilan Toshkentda yashashga moslashish qiyin kechmadimi? Darvoqe, bo‘sh vaqtingizni qanday o‘tkazasiz?   

– Diplomat sifatidagi faoliyatimni O‘zbekistonda davom ettirishimdan xabar topganimda hayratga tushganim rost. Negaki, o‘zbek va rus tillarini bilmayman. Lisoniy to‘siq sabab biroz tashvishga tushganimni rad etmayman. Ammo, yaxshiki, elchixonamizning bilimdon xodimlari meni qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Dunyo bo‘ylab sayohat qilish — jonu dilim. O‘zbekiston men tashrif buyurgan 123-mamlakat bo‘ldi. Ochig‘ini aytsam, ilgari O‘zbekiston haqida ko‘p narsa bilmasdim. O‘zbekistonni Buyuk ipak yo‘lidagi ekzotik vohalarga boy diyor deb o‘ylardim. Bu yerda yashay boshlagach, tasavvurlarim butkul o‘zgardi. Qarangki, Osiyo mintaqasining markazida Toshkentdek o‘sib borayotgan ulkan shahar borligini tasavvur etmagan ekanman!

Toshkentda o‘sish, ravnaq topishga yo‘nalgan kuchli quvvatni his etmoqdaman. O‘zbekistonliklar ertasini bugundan yaxshiroq qilish yo‘lida jonbozlik ko‘rsatmoqda. Yangi-yangi inshootlar barpo etilmoqda, barcha jabhada o‘sish-rivojlanish! Mening bolalik kezlarim Yaponiya ham shunday holatda edi. Universitetga kirgan vaqtlarim esa o‘sish biroz sekinlashdi. Keyinroq iqtisodiy turg‘unlik davri keldi. Bir qator iqtisodiy muammolar yapon jamiyati va odamlar hayotiga kuchli ta’sir o‘tkaza boshladi. O‘zbekistonda esa, qayd etganimdek, ulkan ijobiy energiyani tuymoqdaman.

Moslashuvchanlik — diplomatning doimiy hamrohi. O‘zbekistondagi elchilik faoliyatim xorijdagi o‘ninchi vazifam sanaladi. Ya’ni yangi manzil-muhitga ko‘nikish borasida tajribamiz yetarli. Odamlarning muomala-munosabati, yozilmagan qonun-qoidalar, til muhiti... Diplomat yangi muhitga kirishib ketishga intiladi, albatta. Rafiqam ayni vaqda Yaponiyada, ammo u ham xorijiy davlatlarda zavqlanib yashashga odatlangan.

Bilasizmi, ayrim mamlakatlarda sayyohlar, mehmonlar va ekspertlarni jalb etadigan jihatlar u qadar ko‘p bo‘lmaydi. Bu jihatdan o‘zbekistonliklarning baxti chopgan. Mamlakatingiz tarixi, madaniyati qanchalar boy! O‘zbekistonda go‘zal tabiat, laziz taomlar, boy tarix, betakror arxitektura menga olam-olam zavq bag‘ishlamoqda. Bu diyor sayyohlarga ko‘p, juda ko‘p ne’matlarni taklif eta oladi. O‘zbekistonga tashrif buyurayotgan yapon sayyohlari soni yil sayin oshib borayotgani sabablaridan biri ham shu.

Bo‘sh vaqtda moziy nafasi ufurib turgan viloyatlarga safar qilaman. O‘zbekistonning boy me’morchiligi, qadimiy tarixi va islom sivilizatsiyasiga qo‘shgan hissasi bilan tanishmoqdaman. Mamlakatingizda hali men ko‘radigan maskanlar, o‘rganadigan jihatlar juda ham ko‘p.  

– O‘zbeklar va yaponlarni bir-biriga bog‘lovchi jihatlar talaygina.  Ayniqsa, mehmondo‘stlik, oilaviy qadriyatlar va jamoaviy hayotga hurmat borasida mushtaraklik yaqqol seziladi. Elchi sifatida ikki xalq o‘rtasida yana qanday o‘xshashliklarni kashf etdingiz?

– Nazarimda, bu ham biroz bahsli cavol. Gap shundaki, men yapon jamiyatining keksa avlodini tamsil etaman. Yosh avlod esa bizdan farqli tafakkur tarzi va xulq-atvorga ega. Men butun umr yirik shaharlarda yashagan inson sifatida, deylik, Yaponiyaning qishloq joylaridagi vaziyatni yaxshi bilmayman. Ikki xalq o‘rtasidagi mushtaraklik xususidagi savolingizga javobim ham biroz noodatiy tuyulishi mumkin.

Yaponiya va O‘zbekiston yaqin o‘tmishda siz sanab o‘tgan mushtarak qadriyatlarga ega edi. Shaxsiy kuzatuvlarimga ko‘ra, yapon jamiyati bugungi kunda ancha o‘zgargan, hatto aksar qadriyatlarini boy bergan. Masalan, yapon shaharlarida oilalar kichrayib ketgan. Masalan, mening to‘rt farzandim bor. Ammo bu allaqachon favqulodda holatga aylanib qoldi. Yapon jamiyatida tug‘ilishning o‘rtacha ko‘rsatkichi bir oilada taxminan 1,2 tani tashkil etadi. Oilalar ixchamlashib borayotgani sababli aksar yaponlar uka yoki singilsiz katta bo‘lyapti. Zotan, oilada yagona farzand tendensiyasi keng tarqalgan. Agar sizning tug‘ishgan jigarlaringiz bo‘lmasa, demak, farzandingiz ham amaki yoki amma mehridan ayro holda voyaga yetadi.

Boz ustiga, odamlarimizning tafakkur tarzi o‘zgarmoqda. Yapon jamiyati G‘arb, xususan, Amerika jamiyatiga xos individualizmdan ko‘p aziyat chekdi. Bu asosan jamiyatga mansublik tuyg‘usining yo‘qolishi, jamoa uchun shaxsiy manfaatdan voz kechish hissining boy berilishida namoyon bo‘ladi.

O‘zbekistonda esa, deylik, keksalarga hurmat qadriyati saqlanib qolganiga guvoh bo‘lmoqdaman. Avtobus yoki metroda yoshi ulug‘ insonlar, homilador ayollar yoki bolalarga albatta joy beriladi. Bir paytlar Yaponiyada ham shunday edi...

Yana bir e’tirofga loyiq holat. O‘zbekistondagi aksar kafe, restoranlarda chig‘anoqlar (rakovina) bor — odamlar taomdan oldin albatta qo‘lini yuvadi. Suv bo‘lmagan sharoitda nam qog‘oz sochiq ishlatiladi. Men ham bolalarimni taomdan oldin qo‘lni yuvishga o‘rgatganman. Ya’ni bu yaponlarga ham xos odat. Masalan, Belgiyada yashagan vaqtimiz qizim maktabda tushlik mahali qo‘l yuvish uchun maxsus joy yo‘qligidan shikoyat qilgan edi. Har bir mamlakatning o‘z an’analari bo‘lar ekan-da. O‘zbeklar ham yaponlar kabi gigiyena va tozalikka o‘ta hassos masala sifatida e’tibor qaratishi meni mamnun etdi.

Boya aytganimdek, bizning jamiyatimiz ko‘plab qadriyatlarni boy berdi. O‘zbekiston xalqi shiddatli iqtisodiy o‘sish sharoitida, G‘arb ta’siri kuchayib borayotgan pallada ham milliy qadriyatlarini, o‘zligini saqlab qolishiga tilakdoshman.

– Elchi janoblari, mazmunli suhbat uchun tashakkur izhor etamiz. Mas’uliyatli faoliyatingizda zafarlar tilab qolamiz. O‘zbek va yapon xalqlarining do‘stligi abadiy bo‘lsin!

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring