Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Kremlning bulbuligo‘yosi» bu gal Italiya bosh vazirini haqorat qildi

«Kremlning bulbuligo‘yosi» bu gal Italiya bosh vazirini haqorat qildi

Foto: LaPressa

Rossiyalik propagandachi jurnalist Vladimir Solovyov Italiya bosh vaziri Jorja Melonini haqorat qildi. Italiya hukumati rahbari unga vazminlik bilan javob qaytardi. 

Vladimir Solovyov efir orqali rus va italyan tillarida Italiya bosh vaziri Jorja Melonini tahqirlovchi so‘zlarni aytgan. Jumladan, u Melonini «saylovchilarga xiyonat qilgan fashist» deb atagan. 

«Xiyonat – unga xos illat. U hatto o‘zi sadoqat izhor qilgan Trampni ham sotdi», – degan Solovyov. 

Rossiyalik propagandachi jurnalistning kurakda turmaydigan haqoratlari Italiya jamoatchiligi va ommaviy axborot vositalarida keskin e’tiroz uyg‘otdi. Buning ortidan Rossiyaning Rimdagi elchisi Aleksey Paramonov tushuntirish uchun Italiya tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi. Italiya tashqi ishlar vaziri Antonio Tayani rus diplomatiga rasmiy ravishda norozilik bildirdi. 

Jamoatchilik muhokamasi ortidan Jorja Melonining o‘zi ham holatga munosabat bildirdi

«Qon-qonigacha rejim propagandachisiga aylangan shaxs na sadoqat, na erkinlik haqida bizga dars o‘tishga haqli. Bu kabi karikaturasifat holatlar bizni siyosiy yo‘nalishni o‘zgartirishga majburlay olmaydi. Boshqalardan farqli ravishda, biz birovlarga tobe emasmiz, boshimizda xo‘jayinlarimiz yo‘q, birovdan buyruq kutmaymiz. Biz faqat Italiya manfaatlarini ko‘zlab ish tutamiz», – degan Jorja Meloni.

Italiya prezidenti Serjo Mattarella boshchiligidagi siyosatchilar ham Vladimir Solovyovning bu xatti-harakatini keskin qoralagan. 

Rossiya propagandasining yalovbardorlaridan biri sanalgan Vladimir Solovyov ilk bor xurmacha qiliq bilan e’tiborga tushayotgani yo‘q. U jumladan, joriy yil yanvar oyida Rossiya Ukrainada bo‘lgani kabi postsovet hududidagi boshqa mamlakatlarda ham “maxsus harbiy operatsiya” boshlashi kerakligini iddao qilgan edi. O‘shanda o‘zbek jamoatchiligi rus propagandistining mazkur bayonoti shunchaki hayp emas, balki Rossiya propagandasining eng tajovuzkor va xavfli yo‘nalishlarini ifodalovchi siyosiy signal deb baholagan edi. O‘zJOKU rektori, siyosatshunoslik fanlari doktori Sherzodxon Qudrato‘ja ham «Solovyovning bulbuligo‘yo kabi xonishi»ga keskin raddiya bergandi. 

Armaniston tomoni esa ushbu bayonotga «It hurar, karvon o‘tar» degan ko‘hna naql bilan javob qaytargandi

Vladimir Solovyov 2022 yilda Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko bilan intervyu chog‘i sobiq Ittifoqning tiklanishi haqida xomxayolini ilgari surgani ham ma’lum. O‘shanda ham o‘zbekistonlik faollar unga munosib javob qaytargandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring