«Mahalla yettiligi» uchun mas’ullar, hokimlar va banklar kuchaytirilgan rejimga o‘tadi
Xorazmda o‘rganilgan kambag‘al oilalarda 48 ming nafar bola borligi qayd etildi.
Biroq mas’ullarda ushbu yoshlar bilan alohida shug‘ullanish va ularni hozirdan kasb-hunarga jalb yetish bo‘yicha maxsus dastur mavjud emas.
Viloyatning har bir tumanida kamida 1-2 tadan texnikum va 4-5 tadan o‘quv markazi faoliyat yuritayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Yoshlar yetakchilari, hokim yordamchilari va xotin-qizlar faollariga maktab, texnikum va o‘quv markazlarida kambag‘al oilalar farzandlari uchun qo‘shimcha to‘garaklar tashkil yetish vazifasi belgilandi.
Xorazmda kambag‘al oilalardagi 10 mingdan ziyod ayol bola parvarishi bilan band. Bunday oilalar farzandlarining bog‘cha qamrovi 75 foizga ham yetmasligi ko‘rsatib o‘tildi.
646 nafar kollej o‘quvchisi hamda oliygoh talabasining hududdagi yangi loyihalardan kelib chiqib, dual ta’lim asosida kasbiy ko‘nikmalarini oshirish imkoniyati bor.
Shuningdek, kambag‘al oilalardagi pensiya yoshidagi va nogironligi bo‘lgan 526 nafar insonga ijtimoiy yordamni kuchaytirish orqali parvarish bilan band oila a’zolariga daromadli mehnat bilan shug‘ullanish uchun imkoniyat yaratish mumkinligi ta’kidlandi.
Xorazm misolidagi tahlillar barcha viloyatlarga taalluqli ekani qayd etilib, kambag‘allik bilan ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy qilinishi belgilandi.
Mazkur tizimga muvofiq, «mahalla yettiligi» uchun mas’ul rahbarlar, viloyat va tuman hokimlari hamda banklar kuchaytirilgan ish rejimiga o‘tadi.
Har bir viloyat va tumanda hokim boshchiligida shtablar tashkil etiladi.
Banklar va bandlikka ko‘maklashish idoralari ushbu shtablarga joylardagi masalalarni hal etishga ko‘maklashadi.
Viloyat, tuman va shahar hokimlari butun iqtisodiy kompleks bilan haftada uch kun faqat kambag‘allik va bandlik masalalari bilan shug‘ullanadi.
Yig‘ilishda mahalla bankrilari va hokim yordamchilarining loyihalar bilan ishlash ko‘nikmalari tanqidiy baholandi.
Ularning aksariyati kimga kredit kerakligi, qaysi loyihani lizing, faktoring, kafolat, sug‘urta, aylanma mablag‘ yoki shartnoma asosida moliyalashtirish mumkinligini tushunmasligi qayd etildi.
Bankirlar va hokim yordamchilari loyiha tayyorlashdan oldin hamon «Garovi bormi?» degan savolni qo‘yayotgani tanqid qilindi.
Tadbirkorlarga kredit ajratishda byurokratik to‘siqlar saqlanib qolayotgani, kreditniy qaytarish grafiklari esa biznes turiga moslashtirilmagani ko‘rsatib o‘tildi.
Kreditlarni qaytarish muddatlarini dehqonchilik, savdo va boshqa biznes yo‘nalishlarining o‘ziga xos xususiyatlariga moslashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Oilaviy va yoshlar tadbirkorligi bo‘yicha imtiyozli kredit resurslarini boshqarish vakolati tuman shtablariga o‘tkazilishi belgilandi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter