«Mahalladagi shubhali shaxs»ning jinoyati fosh etildi
Navoiy viloyati, Navbahor tumanida huquqbuzarlik va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar o‘z samarasini bermoqda, deya «Xabar.uz»ga ma’lum qildi viloyat IIB axborot xizmati rahbari Fayozjon Qosimov.
Ma’lum bo‘lishicha, tumanning «O‘zbekiston» mahallasi hududida xizmat olib borayotgan profilaktika inspektori e’tiborini mahalla aholisiga notanish bo‘lgan shubhali shaxs tortgan.
Mahalla fuqarolarini yaxshi taniydigan va hududdagi vaziyatni doimiy nazorat qilib boradigan inspektor mazkur shaxs bilan suhbatlashib, uning shaxsiga oydinlik kiritishga harakat qilgan. Biroq, fuqaro mast holatda bo‘lgani sababli ichki ishlar organi xodimining qonuniy talablariga bo‘ysinmasdan, voqea joyidan qochishga uringan.
Vaziyat tezkorlik bilan baholanib, tuman ichki ishlar bo‘limi tezkor-tergov guruhi jalb etilgan. Hamkorlikda olib borilgan tadbirlar davomida notanish shaxs qo‘lga olingan. Tekshiruv jarayonida uning yonidan qog‘ozga o‘ralgan holda saqlanayotgan, dastlabki xulosaga ko‘ra, taxminan, 7 gramm marixuana giyohvandlik vositasiga o‘xshash modda topilgan.
Tezkor tadbir shu bilan cheklanmagan. Fuqaroning yashash manzili o‘rganilganda, xonadoni tomorqasida giyohvandlik vositasi sifatida ta’qiqlangan zahriqotil o‘simligi noqonuniy ravishda parvarish qilib kelinayotgani ma’lum bo‘lgan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 276-moddasi (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, ayni vaqtda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter