Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Maqsadimiz – sun’iy intellekt bo‘yicha «TOP-50»talikka kirish – Prezident

Maqsadimiz – sun’iy intellekt bo‘yicha «TOP-50»talikka kirish – Prezident

Prezident soha uchun yiliga 2 ming nafar mutaxassis tayyorlayotgan oliygohlarning birortasida sun’iy intellekt laboratoriyasi yo‘qligiga e’tibor qaratdi.

Keyingi o‘quv yiliga qadar 10 ta oliy ta’lim muassasasini zamonaviy laboratoriya bilan jihozlash reja qilingan. Shu bilan birga, banklarning bittadan oliygohda, jami 9 ta shunday laboratoriya tashkil qilish tashabbusi ma’qullandi.

«Yangi O‘zbekiston» universitetida «tarmoq – oliygoh – hamkor» tamoyilida ishlaydigan «sun’iy intellekt klasteri» ishga tushiriladi. Keyingi o‘quv yilidan «TOP-300» talikka kirgan universitetlar bilan hamkorlikda sun’iy intellekt bo‘yicha qo‘shma ta’lim dasturi yo‘lga qo‘yiladi.

Oliygohlarda sun’iy intellekt, fintex, kiberxavfsizlik, IT muhandislik, ayerokosmik va bulutli texnologiyalar kabi yo‘nalishlar uchun davlat granti kvotalari 35 foizga oshiriladi. Talabalarning sun’iy intellektga qiziqishini oshirish maqsadida oliygoh jamoalari o‘rtasida sun’iy intellekt bo‘yicha umummilliy tanlov o‘tkaziladi.

Qulay ekotizim yaratilgani uchun yil boshidan mahalliy startaplarga rekord miqdorda – 264 million dollar sarmoya kiritildi. Lekin bunda sun’iy intellekt sohasidagi startaplar ulushi hali kamligi aytildi.

Shu bois, bunday startaplarni ko‘paytirish maqsadida mukofot jamg‘armasi 1 million dollar bo‘lgan «Sun’iy intellekt sohasidagi eng yaxshi startap» tanlovini o‘tkazish taklif qilindi.

«Biz 2030 yilga borib, sun’iy intellekt bo‘yicha «TOP-50»ta davlat qatoriga kirishni maqsad qilganmiz.

Shu bois, ilg‘or xorijiy tajribadan kelib chiqib, «Sun’iy intellekt alyansi»ni tashkil qilamiz», – deya ta’kidladi Prezident.

Ushbu alyans tarkibiga sohada samarali faoliyat yuritayotgan yetakchi kompaniyalar, xorijiy ekspertlar va vatandoshlarimiz, yirik davlat korxonalari, banklar va oliygohlar kiritiladi.

Alyansning asosiy vazifalari yetakchi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari va akseleratorlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, o‘zimizdagi dasturlar bo‘yicha media-kontentni yaratib, xalqaro PR kampaniyalarni tashkil etish, mahalliy korxonalar va mutaxassislarning xalqaro ko‘rgazma, forum va konferensiyalardagi ishtirokini tashkil etishdan iborat bo‘ladi.

Yig‘ilishda hudud va tarmoqlar rahbarlari hisobot berdi, sohadagi startaplar asoschilari va informatika o‘qituvchilarining fikrlari tinglandi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring