Putin tarixiy mavzudagi ma’ruzasi bilan Trampni darg‘azab qildi

Alyaska uchrashuvida Putin Trampni “suvga olib borib sug‘ormay qaytgan”.
Financial Times gazetasi AQSh va Rossiya prezidentlari Donald Tramp hamda Vladimir Putinning joriy yil 15 avgust kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuviga doir maxfiy tafsilotlarni oshkor qildi.
Ingliz nashri yozishicha, Tramp Alyaska uchrashuvida Putindan Rossiyaning Qrimni anneksiya qilganini tan olish hamda Ukrainaning Donbassdagi front pozitsiyalarida ortga chekinishi evaziga urushni to‘xtatishni so‘ragan. Oq uy Kremlga moliyaviy sanksiyalarni yumshatishni ham va’da qilgan. Ammo Putin bunga qanoat qilmay, Ukrainaning hali bosib olinmagan sharqiy hududlarini ham talab qilgan. Boz ustiga, Kiyevning to‘liq taslim bo‘lishini anglatuvchi talablarni ilgari surgan.
Eng asosiysi, Putin Rossiya va Ukraina yagona xalq ekanini asoslash uchun Trampga tarixiy mavzuda “ma’ruza o‘qigan”. Xususan, Ryurik Novgorodskiy, Yaroslav Mudriy kabi o‘rta asrlar knyazlari, kazak atamani Bogdan Xmelnitskiy haqida gapirgan. Tramp bundan darg‘azab bo‘lgan va Putinga bir necha marta baland ovoz gapirgan, hatto uchrashuvni tark etishini aytgan.
Financial Times nashriga ko‘ra, Tramp o‘sha kuni Putindan shu qadar hafsalasi pir bo‘lganki, avvaldan rejalashtirilgan tushlikni bekor qilgan. Tushlik doirasida AQSh va Rossiya iqtisodiy aloqalari muhokama etilishi ko‘zda tutilgan edi.
Avval xabar berganimizdek, Tramp va Putinning Alyaskadagi qariyb 3 soatlik muzokarasi amaliy natijasiz yakunlandi. Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish borasida jillaqursa muvaqqat kelishuvga ham erishilmadi.
Tramp rossiyalik hamkasbi bilan muzokarani ijobiy baholadi. U hatto Fox News telekanaliga bergan intervyusida Putin bilan uchrashuvga 10 ballik tizimda 10 ball qo‘yishini aytib maqtandi. Ammo aksar tahlilchilar Alyaskadagi uchrashuv amaliy natija bermagani holda Putinga katta ochko keltirdi deb hisoblaydi. Umuman, Alyaska sammiti Oq uyning mag‘lubiyati, Kremlning g‘alabasi o‘laroq talqin qilindi.
O‘tgan hafta AQShning Ukraina muzokaralari bo‘yicha sobiq maxsus vakili Kurt Volker ham Alyaska uchrashuvi va uning ortidan tashkil etilgan telefon so‘zlashuvida Putin Trampni aldagani haqida bayonot bergandi.
Prezidentlik saylovi davrida Rossiya – Ukraina urushini 24 soat ichida tugatishga va’da bergan Tramp Oq uyga kelganidan buyon Putin bilan bir necha bor telefonda suhbatlashdi.
So‘nggi vaqtlarda Ukrainadagi urushni to‘xtatish borasida katta va’dalar bergan Tramp Putinni muzokara orqali murosa yo‘liga sola olmasligiga ko‘zi yetgani aytilmoqda.
Ikki kun oldin ham Tramp navbatdagi marta Putin bilan telefon orqali muloqot qildi. Muloqotda ikki prezident Vengriya poytaxti Budapeshtda uchrashishga kelishib olgan.
Putinning tarixni o‘z siyosiy maqsadlari yo‘lida talqin etishga urinishi yangilik emas. Jumladan, u sovet hokimiyatiga qadar Ukraina degan davlat bo‘lmaganini iddao qilib keladi.
Putin 2020 yilda ham SSSR tarkibida bo‘lgan respublikalar Ittifoq tarkibidan chiqish payti o‘zi bilan Rossiyaga tegishli ulkan hududlarni olib chiqib ketganini da’vo qilgan edi. O‘shanda rossiyalik taniqli olim Sergey Abashin bu da’voga keskin e’tiroz bildirgandi.
Rossiya rahbari besh yil oldin koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash choralariga bag‘ishlangan videomuloqotda xalqni ruhlantirish uchun pecheneg va qipchoq elatlari ustidan qozonilgan g‘alabani yodga olgan edi. O‘shanda o‘zbekistonlik olima Putin nutqidagi yashirin ma’noni ochib bergani ma’lum.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter