Shavkat Mirziyoyev kasaba uyushmalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazyapti

Ayni paytda Prezident Shavkat Mirziyoyev kasaba uyushmalari vakillari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.
Davlat rahbari kasaba uyushmalarining ko‘p millionli a’zolariga o‘zining yuksak hurmati va ezgu tilaklarini bildirdi.
«Biz bugungi kunda o‘z oldimizga ulkan marralar qo‘yib, Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidan oldinga qarab dadil qadam tashlayapmiz.
Dunyoda geosiyosiy va iqtisodiy keskinlik avj olib borayotgan hozirgi murakkab davrda yurtimizda tinchlik va xotirjamlikni mustahkamlab, ko‘p millatli xalqimiz hayotini yanada yaxshilashga mahkam bel bog‘laganmiz.
Qanchalik qiyin bo‘lmasin, birgalikda qattiq mehnat qilib, turli sinov va mashaqqatlardan munosib tarzda o‘tib bormoqdamiz.
Bu borada mehnatkash va bag‘rikeng xalqimiz, har bir yurtdoshimizning o‘rni, qo‘shayotgan hissasi beqiyos, albatta.
Bugungi davramizda o‘z hayotini inson mehnatini, uning qonuniy manfaatlarini himoya qilishdek ezgu ishga bag‘ishlagan, sohada uzoq yillar samarali xizmat qilib, hurmat va e’tibor topgan ko‘plab odamlarni ko‘rib turibman», - dedi davlat rahbari.
Prezident, shuningdek, inson mehnati, uning qadr-qimmati qanday bebaho boylik ekanini ta’kidlab, mamlakatda xalqparvar, ijtimoiy davlat qurish, inson qadrini ulug‘lash barcha islohotlarimizning bosh maqsadiga aylangan hozirgi kunda ularning boy bilim va tajribasi juda muhim ekanligiga urg‘u berdi.
Fursatdan foydalanib, davlatimiz rahbari har bir korxona va tashkilotga ishchanlik muhitini, mehnat jamoalariga rag‘bat va adolat ruhini olib kirayotgan kasaba uyushmalari faollariga chin dildan minnatdorchilik bildirdi.
Islohotlarning ilk kunlaridan «Inson qadri uchun» degan ezgu g‘oyani amalga oshirish uchun, avvalo, iqtisodiy-ijtimoiy sohalarni rivojlantirishga ustuvor e’tibor qaratildi.
Bu yo‘ldagi sa’y-harakatlar tufayli sakkiz yilda iqtisodiyotimizga 130 milliard dollar investitsiya kirib keldi, minglab yangi quvvatlar ishga tushirildi, millionlab doimiy ish o‘rni yaratildi.
Xususiy sektorga keng yo‘l ochilib, odamlarga munosib mehnat sharoiti yaratib berilgani uchun jon boshiga daromad 3,5 ming dollarga yetdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter