Asad hukumatining yana bir mash’um qilmishi fosh bo‘ldi

Zumayr shahri yaqinidagi ehtimoliy ommaviy qabriston.
Suriyaning sobiq prezidenti Bashar Asad hukumati Qutayfada dafn etilgan minglab jasadni yashirin ravishda Zumayr shahri yaqinidagi cho‘l hududiga ko‘chirgan. Asad ma’muriyati shu yo‘l bilan minglab muxoliflari o‘ldirilganini yashirish va izlarni chalkashtirishni ko‘zlagan. Mazkur mudhish jinoyat Reuters agentligi surishtiruvida aniqlandi.
Qutayfa shahridan jasadlarni ko‘chirish 2019-2021 yillarda amalga oshirilgan.
Jasadlar qayta dafn etilgan joyni aniqlashtirish uchun Reuters jarayonga aloqador 10 dan ziyod kishi bilan suhbatlashgan, hujjatlar hamda sun’iy yo‘ldoshdan olingan suratlarni tahlil qilgan. Agentlik surishtiruv natijalari yuzasidan Suriyaning amaldagi rahbari Ahmad ash-Shar’a hukumatini xabardor etgan.
Ma’lumotlarga qaraganda, Asad hukumati qamoqxona va harbiy gospitallarda vafot etgan muxoliflarini 2012 yildan Qutayfa shahrida ommaviy ravishda dafn eta boshlagan. Jasadlarning ko‘chirilishi ma’muriyat xalqaro va milliy qonunchilikka zid qilmishlarini berkitishga uringanidan dalolat beradi.
2024 yil dekabr oyida Suriyada Asadlar oilasining 54 yillik, jumladan, Bashar Asadning 24 yillik boshqaruvi poyoniga yetgan edi. Bashar Asadning Rossiyaga qochishi ortidan dahshatli qatlgoh sifatida tilga tushgan Siydnaya qamoqxonasidagi mahbuslar ham ozod qilingandi.
Xalqaro inson huquqlari tashkilotlari hisobotlariga ko‘ra, ushbu qamoqxonada 2011-2018 yillarda 30 mingdan ziyod mahbus qatl qilingan yoki ochlik, xastalik tufayli vafot etgan. 2017 yilda Amnesty International inson huquqlari tashkiloti Siydnaya qamoqxonasini “insoniy qassobxona” deb atagan.
Asad hokimiyati qulashi ortidan o‘tkazilgan qidiruv amaliyotlarida sobiq prezidentning ukasi Mohir Asadga tegishli narkozavod va narkolaboratoriyalar ham topilgan. Narkotik moddalar savdosi sobiq ma’muriyatning asosiy daromad manbalaridan biri bo‘lgani aytiladi.
Ma’lumot o‘rnida, joriy yil sentyabr oyida Damashq sudi Bashar Asadni hibsga olish uchun order berdi. Hibs orderi qasddan odam o‘ldirish, o‘limga olib kelgan qiynoqlar va ozodlikdan mahrum qilish bo‘yicha ayblovlarni o‘z ichiga oladi.
Suriyaning yangi hukumati Rossiyadan sobiq prezident Bashar Asadni topshirishni talab qilib kelayotgani ma’lum.
Darvoqe, bugun, 15 oktyabr kuni Suriya prezidenti Ahmad ash-Shar’a Rossiyaga ilk rasmiy tashrif bilan borgan. Jahon matbuoti xabariga qaraganda, Rossiya rahbariyati bilan muzokaralarda muhim masalalar qatori Bashar Asadni Damashqqa topshirish masalasi ham muhokama etilishi kutilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter