Har bir hududda «Kasaba uyushmalari bog‘lari» tashkil etiladi

Uchrashuvda ta’kidlanishicha, kasaba uyushmalari tizimidagi 30 dan ortiq sanatoriy va 100 dan ziyod bolalar oromgohlari xodimlar va ularning farzandlari salomatligini tiklab, hordiq chiqarishlari uchun xizmat qilmoqda.
So‘nggi besh yilda sanatoriylarda 900 mingga yaqin aholi o‘z salomatligini tikladi, oromgohlarda esa 800 ming bola dam oldi.
Yaqinda Issiqko‘lda «Bo‘ston-Rezort» pansionati ishga tushirilgani yurtdoshlarimiz uchun yana bir qulaylik bo‘ldi. Shu bilan birga, bu O‘zbekiston va Qirg‘iziston munosabatlari mustahkamlanib borayotgani ramziga aylandi.
Lekin, kasaba uyushmalari infratuzilmasi aholimiz ehtiyojlarini to‘liq qamrab olmayotgani qayd etildi.
Davlat rahbari hokimlarni chetda turmasdan, har yili o‘z hududida kasaba uyushmalari bilan birgalikda yoki davlat-xususiy sheriklik yordamida zamonaviy loyihalar asosida bittadan sanatoriy va oromgoh qurish bo‘yicha alohida dastur tasdiqlashga chaqirdi.
«Hayot bir haqiqatni doimo ta’kidlab keladi: tarixni puxta bilmasdan turib, kelajakni barpo etib bo‘lmaydi. Shu bois, har bir tashkilot va muassasa tarixini o‘rganish, ularda mehnat qilgan insonlarni yodga olish, ezgu ishlarini kelajak avlodlarga yetkazish barchamizning burchimiz», - dedi Prezident.
Shu maqsadda olimlar, soha faxriylari va faollari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar yurtimizda kasaba uyushmalari harakatiga 1905 yilda asos solinganini isbotladi. Shu bois, bu yil butun mamlakatimiz bo‘ylab, kasaba uyushmalari harakatining 120 yillik yubileyi keng nishonlanmoqda.
Bundan to‘rt yil oldin Toshkent shahrida tashkil etilgan O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tarixi muzeyi sohaga oid ma’lumot va eksponatlar bilan xalqimizni tanishtirishda muhim rol o‘ynamoqda.
Mana shu qutlug‘ sana munosabati bilan Prezident mehnatkash xalqimizga chuqur hurmat va ehtirom ifodasi sifatida har bir hududda «Kasaba uyushmalari bog‘lari»ni tashkil etishni taklif qildi.
Viloyat hokimlariga kasaba uyushmalari bilan maslahatlashib, bog‘lar uchun joy ajratish topshirildi.
«Korxona va tashkilotlardagi kasaba uyushmalari ham ishxonasida, xodimlari yashaydigan mahallalarda daraxt ektirib, yashil hududlarni kengaytirsa, tozalik va obodonchilik ishlarini tashkil qilsa, o‘ylaymanki, mehnat jamoalaridagi muhit mutlaqo boshqacha bo‘ladi», - dedi Prezident.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter