Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Ash-Sharaa Kremldan Bashar Asadni qaytarib berishni so‘rayapti

Ash-Sharaa Kremldan Bashar Asadni qaytarib berishni so‘rayapti

Suriyaning muvaqqat hukumati rahbari Ahmad ash-Sharaa 15-oktyabr kuni Rossiyaga rasmiy tashrif bilan keldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi hukumat ilgarigi Damashq rejimi tuzgan barcha kelishuvlarni hurmat qiladi va Rossiya qo‘shinlarining Tartus hamda Xmeymimdagi harbiy bazalarini saqlab qolish niyatida. Bu ikki baza – Rossiyaning Yaqin Sharqdagi asosiy logistik va harbiy markazlari hisoblanadi.

Biroq Reuters agentligi manbalariga ko‘ra, yopiq eshiklar ortidagi muzokaralarda ash-Sharaa asosiy maqsad sifatida sobiq diktator Bashar Asadni ekstraditsiya qilish masalasini ko‘targan. Asad 2024 yil dekabrida ag‘darilganidan keyin Rossiyadan siyosiy boshpana olgan edi. Uning hibsga olinishi haqida order 2025 yil sentyabrida chiqarilgan.

Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov muzokaralar yakunida jurnalistlarga «Asad bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot yo‘q»ligini aytgan.

Bashar Asad Rossiyada yashash shartlaridan biri sifatida siyosiy faoliyatdan voz kechgan. U hanuz Moskvada turmush o‘rtog‘i Asma va bolalari bilan yashamoqda. Ular «Moskva-Siti»da 18 ta kvartiraga egaligi aytilmoqda.

The New York Times va Die Zeit ma’lumotlariga ko‘ra, Asadlar Suriyadan 250 million dollardan ortiq naqd pulni Rossiyaga olib chiqqan va uni mahalliy banklarda joylashtirgan.

Asadning ukasi, sobiq 4-zirhli diviziya qo‘mondoni Mohir Asad ham Moskvada yashaydi. U ilgari davlat nazoratidagi kaptagon (sintetik narkotik) savdosini boshqargani va hozir «Four Seasons» mehmonxonasida yashashi haqida ma’lumot bor.

Die Zeit xabariga ko‘ra, Asad rejimi ag‘darilgandan keyin Rossiyada kamida 1200 nafar sobiq suriyalik harbiylar va razvedka xodimlari boshpana topgan. Ular asosan alaviy diniy guruhiga mansub bo‘lib, Asad hokimiyatining tayanchi bo‘lgan.

The New York Times aniqlagan shaxslar orasida:

  • Ali Ayyub, sobiq bosh shtab nachalnigi va mudofaa vaziri – kimyoviy qurol ishlatilishida ishtirok etgani aytiladi;
  • Ali Abbos, Asad armiyasi qo‘mondonining o‘rinbosari;
  • Kamal al-Hasan, Suriya harbiy razvedkasi rahbari bo‘lgan;
  • Ali Mamluk va Kifa Malham, milliy xavfsizlik byurosining sobiq rahbarlari.

Shuningdek, Suxayil al-Hasan – Asad rejimi maxsus bo‘linmalari qo‘mondoni ham Moskvada ekanligi ma’lum qilingan. U Idlib va Halab operatsiyalarini boshqargan va shaharlarga bombardimon hamda kimyoviy qurol bilan hujum qilish buyruqlarini bergani haqida ayblovlar mavjud.

Tahlilchilar fikricha, ash-Sharaaning Asadni ekstraditsiya qilish talabi Moskva uchun og‘riqli masala bo‘lib, u Rossiyaning Suriyadagi nufuzini sinovga qo‘yishi mumkin.

Rossiya 2015-yildan beri Asad rejimiga harbiy yordam ko‘rsatib kelgan va uning hokimiyatda qolishida hal qiluvchi rol o‘ynagan edi. Ammo Asad ag‘darilgandan keyin, uning maslakdoshlari bilan birga Rossiyadagi siyosiy va huquqiy vaziyat yangi bosqichga kirdi.

Manba: t.me

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring