Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

Kashfiyotchisiga kulfat keltirgan ixtiro

Kashfiyotchisiga kulfat keltirgan ixtiro

foto: https://fishki.net/

Inson tabiati qiziq. Kundalik yumushlarini bajarish yoki xizmat vazifasini o‘tash jarayonida nimalardandir foydalanadi, ularni bearmon ishlatadi-yu, ammo ko‘pincha mushkulini oson, uzog‘ini yaqin qilayotgan o‘sha buyum, asbob-uskuna yoki texnika vositasi qachon, kim tomonidan, qanday yaratilganini xayoliga ham keltirmaydi. Agar shunday qilganida, talaygina qiziqarli va achchiq haqiqatlardan ogoh topardi. Bizningcha, quyida bayon etilayotgan voqealar bunga yorqin misol bo‘la oladi.

1903-yilning qirchillama qishi edi. Nyu-Yorkda izg‘irin avjiga chiqqan. Bu paytda ixtirochi ayol Meri Anderson tramvayda ketib borardi. U yo‘l-yo‘lakay azaldan o‘ziga tanish manzarani kuzatardi: tobora quturayotgan bo‘ron bo‘ralab yog‘ayotgan qorni tramvay eshik-derazalariga keltirib urar, oqibatda ularning oynalari ko‘chani ko‘rib bo‘lmaydigan darajaga kelib qolardi. Shu bois haydovchi dam-badam tramvayni to‘xtatib, tashqariga chiqishga va old oynaga yopishgan qorni qo‘llari bilan sidirib tashlashga majbur bo‘lardi.

Bu holat Merini hushyor torttirdi. Uning xayolida tramvay uchun maxsus oynatozalagich yaratish g‘oyasi tug‘ildi. Uyiga boriboq, dadil ishga kirishdi. Orzusini ro‘yobga chiqarish yo‘lida bir necha oy tinmay izlandi. Pirovardida kuzga borib, ezgu maqsadiga erishdi. Ixtiro qilgan oynatozalagichi uchun 743801 raqamli patent oldi.

Dastakli uzatmaga ega bu moslama faqat tramvaylarga mo‘ljallangan bo‘lib, peshoynaga prujina yordamida mahkam yopishtirilar va o‘qi kabina romi orasidan o‘tkazilardi. O‘sha kezlarda uni avtomobillarga ham o‘rnatish mumkinligi hech kimning xayoliga kelmagandi. Sababi, aksariyat mashinalarda shamol to‘sqich oyna yo‘q edi. Shu bois yomg‘ir yoki qor yog‘a boshlasa, ular ko‘cha-ko‘yda ko‘rinmay qolardi.

Binobarin, avtomobillarbop oynatozalagich birmuncha keyinroq paydo bo‘ldi. 1917-yili Amerikaning «Tri-Continental» (hozirgi «Tri-So»ning o‘tmishdoshi) kompaniyasi uning dastlabki seriyasini ishlab chiqardi. Mazkur moslama ham qo‘lda boshqarilardi. O‘qi kabina old oynasining pastki va ustki qismlari o‘rtasidagi tirqishga qotirilardi. Tirqishlarni shibbalagich bilan berkitish usuli joriy etilgach, bu uskuna kabinaning tepa qismiga ko‘chirildi.

1922-yili «Tri-Co» oynatozalagichlarning elektr toki yordamida ishlaydigan turlarini tayyorlashni o‘zlashtirdi. Cho‘tkalari u yon-bu yonga uzluksiz harakatlanadigan ushbu moslama asosan «Cadillak» rusumli lyuks avtomobillarga o‘rnatila boshlandi. Faqat bitta kamchiligi – uning harakatlanish tezligi motorga tushadigan og‘irlikka bog‘liq edi. Mabodo mashina keskin sur’atda tepalikka ko‘tarilsa yoki boshqa sababga ko‘ra dvigateli zo‘riqsa, oynatozalagich mutlaqo ishlamay qolardi. Shunga qaramay, tuzilishi juda oddiy, o‘zi ishonarli bo‘lgani sababli u uzoq «yashadi», qariyb yarim asr haydovchilar koriga yaradi. To‘g‘ri, o‘tgan davr mobaynida konstruktorlar aslo tinib-tinchishmadi. Natijada oynatozalagichlarning harorat o‘zgarishiga qarab, elektr quvvatini avtomatik ravishda ulab-uzadigan, qo‘sh metalldan yasalgan termoreleli va vaakkumli tizim asosida boshqariladigan turini kashf etishdi. Afsus, ularning ham natijasi ko‘ngildagidek bo‘lmadi. Birinchisi past haroratda yomon ishlasa, ikkinchisi, aksincha, mashina behad zo‘riqqanida pand berardi.

Baralla aytish joizki, bu muammoga Detroyt shahridagi Ueyn universitetining muhandislik fakulteti professori Robert Kirns 1963-yili tom ma’noda ijobiy yechim topdi. Buning o‘ziga xos sababi bor edi. Yoshligida Robertning chap ko‘zi jiddiy jarohatlangandi. Inchunin, u yog‘ingarchilik paytlari avtomobilini haydashga qiynalardi. Oyna sirtida goh chapga, goh o‘ngga tinmay borib keladigan oynatozalagich cho‘tkalari yo‘lni yaxshi ko‘rishga qor-yomg‘irdan ham ko‘ra ko‘proq xalaqit berardi. Shuning uchun ham Robert Kirns oynatozalagichning to‘xtab-to‘xtab ishlaydigan namunasini ixtiro qilish ustida bosh qotira boshladi. Ezgu niyatda bir qancha radio qismni jamlab, cho‘tkalarning harakatlanishi oralig‘idagi vaqt kondensator zaryadi yordamida belgilanadigan soddagina qurilma chizmasini hozirlab, uni «Ford» avtokompaniyasiga taqdim etdi.

«Ford»chilar yangi dastgohni 1969-yildan e’tiboran «Mercury» avtomobillariga tatbiq etish rejalashtirilganini ma’lum qilishdi-yu, amalda lafzlarida turishmadi. Buyam yetmaganday, munofiqona yo‘l tutishdi. Go‘yoki o‘sha kezlarda o‘zlari ham shunday asbob yaratishganini ro‘kach qilib, olimning ixtirosini chetga surishdi. Oradan yetti qovun pishig‘i o‘tgach, ularning yolg‘oni fosh bo‘ldi. R.Kirns bir kuni avtomobil ehtiyot qismlari do‘konidan xarid qilingan oynatozalagichni bo‘laklarga ajratdi-yu, lol qotib qoldi. Chunki «Ford» tamg‘asi bosilgan bu moslama bir vaqtlar u yaratgan uskunaning aynan o‘zginasi edi.

Keyin aniqlanishicha, tayyorga ayyor qabilidagi pinhona o‘g‘rilikka avtomobil ishlab chiqaruvchi boshqa kompaniyalar ham sherik bo‘lgan ekan. Bu xiyonatlarga chiday olmagan Robert jahl otiga mindi. Qonunbuzarlarni sudga berib, ular bilan uzoq tortishdi. Nihoyat, 1990-yilga kelgandagina «Ford»ning, 1995 yili esa «Chrysler»ning ustidan g‘olib chiqdi. Ammo bu g‘alabalar endilikda ancha keksayib, munkayib qolgan jabrdiyda professorga baxt keltirmadi. Negaki, u chorak asr davomida jamiki sarmoyasini sudlarda qatnashish va advokatlariga haq to‘lashga sarflab bor-budidan ayrilgan edi. Qolaversa, sud Robert Kirns da’vo-arizasining qolgan kompaniyalarga tegishli qismlarini asossiz hisoblab, qanoatlantirishni rad etdi. Oqibatda ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan abgor holga tushib qolgan olim bosh miya faoliyati buzilishi, xotiraning o‘ta susayishi va ruhiy siqilishlar bilan bog‘liq alsgeymer xastaligiga duchor bo‘ldi. U 2005-yili Merilend shahridagi qariyalar uyida vafot etdi.

Nachora, buni hayot deydilar. Hayot esa kurashlardan iborat. Unda goho kimdir nopok yo‘llar bilan g‘olib chiqadi, kimdir haq bo‘la turib, mag‘lubiyatga uchraydi. Afsuslanarlisi, zahmi osonlikcha bitmas bunday «o‘yin»lardan hamisha halol-sofdil kishilar qattiq ozor chekadi, jamiyat ham katta zarar ko‘radi...

A.Haydarov

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring