Muhammad Ali va Saddam Husayn: garovdagi amerikaliklar uchun uchrashuv

1990-yilda mashhur bokschi Muhammad Ali 15 nafar amerikalik garovga olingan shaxslarni ozod etishga yordam berish maqsadida Iroqqa uchib borgan.
U AQSh hukumati ruxsatisiz og‘ir vazn toifasidagi jahon chempioni sifatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri Saddam Husayn bilan muzokara olib bordi va uni amerikaliklarni sog‘-salomat uylariga qaytarishga ko‘ndirdi.
1990-yilga kelib, Ali endilikda ringda hukmronlik qiladigan jangchi emasdi. U nafaqaga chiqqan, vujudida Parkinson kasalligining ta’sirlari sezila boshlagan edi. Biroq aytar so‘zi va obro‘si hali hanuz jahon miqyosida katta ta’sir kuchiga egalini isbotlardi.
O‘sha yili Iroq Quvaytni bosib olgach, Saddam Husayn yuzlab xorijliklarni garovga olib, ulardan ehtimoliy AQSh harbiy hujumiga qarshi tirik qalqon sifatida foydalangan. Ular orasida 15 nafar amerikalik ham bor edi.
Vaziyat juda tarang, diplomatik harakatlar esa to‘xtab qolgan bir paytda Ali yeng shimarib ishga kirishdi.
Missiyasi teskari natija berishi mumkinligidan xavotirlangan AQSh hukumatining e’tirozlariga qaramay, u Bag‘dodga uchdi.
Alining shuhrati sport doirasidan ancha uzoqlarga ketgan edi. U Sharq olamida nafaqat bokschi sifatida, balki musulmon va G‘arb kuchiga qarshi kurash ramzi bo‘lib ham hurmat-e’tirofga sazovor edi. Shu bois Saddam Husayn Alini qabul qilishga rozilik bildirdi.
Uchrashuv paytida Ali siyosatchi sifatida emas, inson sifatida munosabatni yo‘lga qo‘ydi. Uning sog‘ligi yomonlashgan, gapirish sur’ati sekinlashgan edi, ammo samimiyatini inkor etib bo‘lmasdi.
Saddam Husayn, ehtimol, bu vaziyatdan o‘z manfaati uchun foydalanmoqchi bo‘lgandir yoki Alining shaxsiyatidan ta’sirlangan. Nima bo‘lganda ham u oxirida amerikalik garovdagilarni ozod etishga ko‘ndi.
Muhammad Ali 15 nafar garovdagilarning barchasini sog‘-salomat ozod ettirib, o‘z vataniga qaytdi va ta’sir kuchi boks chegarasidan ancha keng ekanini yana bir bor isbotladi.
Bu zamonaviy tarixdagi eng g‘aroyib shaxsiy diplomatiya misollaridan biri bo‘lib qoldi.
A.Fathullayev
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter