Endi fuqaroning Ozarbayjondagi ish staji O‘zbekistonda pensiya tayinlashda hisobga olinishi mumkin
O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida pensiya ta’minoti sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim imzolandi. Hujjat ikki davlat hududida mehnat faoliyatini amalga oshirgan fuqarolarning pensiya huquqlarini ta’minlashga qaratilgan.
Bitimga ko‘ra, fuqarolarning O‘zbekiston va Ozarbayjonda orttirgan ish staji pensiya huquqini aniqlashda hisobga olinadi. Agar bir davlatdagi ish staji pensiya olish huquqini yuzaga keltirish uchun yetarli bo‘lmasa, ikkinchi davlatda orttirilgan tegishli staj ham inobatga olinishi mumkin.
Bunda har bir davlat pensiya miqdorini o‘z hududida orttirilgan ish stajiga muvofiq belgilaydi va o‘z qonunchiligi asosida to‘lovlarni amalga oshiradi.
Shuningdek, pensiya tayinlash, qayta hisoblash, to‘lash yoki qayta ko‘rib chiqish bilan bog‘liq murojaatlarni tomonlardan birining tegishli muassasasiga berish imkoniyati yaratiladi. Zarur hollarda murojaat ikkinchi davlatga ham berilgan deb hisoblanadi, ma’lumot va hujjatlar esa ikki davlatning vakolatli muassasalari o‘rtasida almashiladi.
Bitim doirasida O‘zbekiston va Ozarbayjonning pensiya sohasidagi vakolatli organlari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri axborot almashinuvi va amaliy hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Bu fuqarolar uchun ma’muriy jarayonlarni soddalashtirish va pensiya masalalarini tezkor hal etishga xizmat qiladi.
Hujjat tegishli tartib-taomillar yakunlanganidan so‘ng kuchga kiradi. Bitimni amalda qo‘llashning tashkiliy va texnik tartiblari tomonlar o‘rtasida tuziladigan alohida Ma’muriy kelishuv asosida belgilanadi.
Qayd etilishicha, yangi Bitim ikki davlatda mehnat qilgan fuqarolarning pensiya huquqlarini davlat chegaralaridan qat’i nazar himoya qilishga, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirishga hamda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter