Xabarlar tezkor Telegram kanalimizda Obuna bo'lish ×

O‘zbekiston: aholi, uy-joy va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha yangi raqamlar

O‘zbekiston: aholi, uy-joy va qishloq xo‘jaligi bo‘yicha yangi raqamlar

2026-yilgi aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olishning dastlabki natijalari O‘zbekistonning demografik va agrar qiyofasiga oid qator qiziqarli ma’lumotlarni ochib berdi. Mamlakat aholisi 39 milliondan oshgan, shahar aholisi qishloq aholisidan ko‘paygan, qishloq xo‘jaligida esa avvalgi rasmiy statistikada aks etmagan qariyb 1 million gektar yer aniqlangan.

2026-yil 15-yanvar holatiga ko‘ra, O‘zbekistonning doimiy aholisi 39 million 47 ming 321 nafarni tashkil etgan.

Shundan:

  • erkaklar — 19 766 166 nafar yoki 50,6 foiz;
  • ayollar — 19 281 155 nafar yoki 49,4 foiz.

Aholining 21 276 729 nafari — 54,5 foizi shaharlarda, 17 770 592 nafari yoki 45,5 foizi qishloqlarda istiqomat qiladi.

Hududlar kesimida Toshkent shahri aholisi to‘liq shahar aholisi hisoblanadi. Shahar aholisi ulushi Namangan viloyatida 66,2 foiz, Navoiy viloyatida 59,3 foiz, Toshkent viloyatida 58,7 foizni tashkil etgan. Samarqand viloyatida esa shahar aholisi ulushi 39,9 foiz, Xorazm viloyatida 38,1 foiz bo‘lgan.

Ro‘yxatga olishning dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakat aholisining milliy tarkibida:

  • o‘zbeklar — 89,4 foiz;
  • tojiklar — 3,3 foiz;
  • qoraqalpoqlar — 2,2 foiz;
  • qozoqlar — 1,8 foiz;
  • ruslar — 1,6 foiz;
  • qirg‘izlar — 0,6 foiz;
  • turkmanlar — 0,5 foizni tashkil etgan.

Til xususiyatlari bo‘yicha esa aholining 91,3 foizi o‘zbek tili, 2,3 foizi qoraqalpoq tili, 2,2 foizi tojik tili, 2 foizi rus tili, 1,4 foizi qozoq tili hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Hududlar kesimida aholining median yoshi eng past ko‘rsatkich Farg‘ona viloyatida — 26,7 yosh bo‘lgan. Keyingi o‘rinlarda Navoiy viloyati — 27 yosh va Andijon viloyati — 27,1 yosh qayd etilgan.

Median yosh eng yuqori hududlar:

  • Toshkent shahri — 30,9 yosh;
  • Samarqand viloyati — 30,2 yosh;
  • Buxoro viloyati — 30,1 yosh.

Ro‘yxat natijalariga ko‘ra, mamlakat aholisining 99,5 foizi O‘zbekistonda tug‘ilgan.

Xususan, Toshkent shahrida yashovchi 3,225 million aholining 81,5 foizi poytaxtning o‘zida tug‘ilgan. Qolgan 18,5 foizi O‘zbekistonning boshqa hududlari yoki xorijda tug‘ilgan.

Toshkent viloyatida esa 3,763 million aholining 90,9 foizi shu viloyatda, 9,1 foizi boshqa hududlar yoki xorijda tug‘ilgan.

Uy-joy sharoitlari bo‘yicha aholining asosiy qismi — 85,3 foizi yakka tartibdagi turar-joy uylarida istiqomat qiladi.

Ko‘p kvartirali uylarda yashovchilar ulushi — 12,4 foiz, dala hovlilarda — 1 foiz, boshqa turdagi turar-joylarda esa 1,4 foizni tashkil etgan.

Ko‘p qavatli uylarda yashovchilar ulushi eng yuqori Toshkent shahrida — 51,3 foiz. Navoiy viloyatida bu ko‘rsatkich 25,4 foiz, Toshkent viloyatida 18,7 foizni tashkil etgan.

Qishloq xo‘jaligida jami 1,03 million nafar xodim mehnat qiladi.

Ularning:

  • 629,3 ming nafari — doimiy xodimlar;
  • 400 ming nafari — vaqtinchalik xodimlar.

Eng e’tiborli natijalardan biri — qishloq xo‘jaligida avvalgi rasmiy statistik ma’lumotlarda qayd etilmagan 985,4 ming gektar qo‘shimcha yer resursi aniqlangani bo‘ldi.

Umuman, 2026-yilgi ro‘yxatga olishning dastlabki natijalari O‘zbekistonning nafaqat demografik holati, balki uy-joy sharoitlari, mehnat resurslari, yer va suv zaxiralari hamda chorvachilik tarkibi haqida ham ancha batafsil tasavvur bermoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring