Kuniga 10 dollar daromad — insoniyat uchun ulkan tarixiy yutuq
Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2028-yilga borib tarixda ilk bor Yer yuzidagi median (o‘rtacha ta’minlangan) aholining kunlik daromadi 10 dollardan oshadi (inflyasiya va xarid qobiliyati pariteti hisobga olingan).
Oxirgi o‘n yil ichida dunyoda shunday daromadga ega bo‘lganlar ulushi sezilarli darajada kengaydi: 2016-yildagi 41,3 foizdan (3,11 milliard kishi) 2026-yilda 48,7 foizga (4,03 milliard kishiga) yetdi. Aniq raqamlar bilan aytganda, qariyb 900 million inson qashshoqlik iskanjasidan qutuldi. Ya’ni har yili o‘rtacha 90 million kishi qashshoqlar safini tark etmoqda — bu Turkiyaning jami aholisidan ham ko‘pdir.

Dunyo qashshoqlik piramidasining eng quyi qismida ham, yuqori demografik yuklamaga qaramasdan, ijobiy dinamika kuzatilmoqda. 2016-yilda sayyoramiz aholisining 12,6 foizi (947 million kishi) kuniga 3 dollardan kam mablag‘ bilan kun kechirgan bo‘lsa, 2026-yilda bu ko‘rsatkich 10 foizgacha (826 million kishi) kamaydi. Uchinchi dunyo mamlakatlarida tug‘ilish darajasining muqarrar pasayishi bilan bu ko‘rsatkich qisqarishi yanada tezlashadi.
Kuniga 10 dollar daromad — juda oz tuyulishi mumkin, lekin insoniyat tarixi uchun bu ulkan yutuqdir. Tasavvur qilish uchun: 1990-yilda dunyoda atigi 1,42 milliard inson bundan yaxshiroq sharoitda kun kechirgan, qariyb 2,20 milliard kishi esa kuniga 3 dollardan ham kam pulga yashashga majbur bo‘lgan. Bugungi kunda esa zamonaviy dunyo umumiy farovonlik yuksalayotgan misli ko‘rilmagan tarixiy davrni boshdan kechirmoqda — butun insoniyatning turmush darajasi global miqyosda yil sayin yaxshilanib bormoqda.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter