Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

O‘zbekiston ilk bor ekoturizm va barqaror turizm sammitiga mezbonlik qildi

O‘zbekiston ilk bor ekoturizm va barqaror turizm sammitiga mezbonlik qildi

Joriy yilning 26 avgust kuni Toshkentda yirik xalqaro tadbir — «Ekoturizm va barqaror turizm sammiti» muvaffaqiyatli tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi, Xalqaro ekoturizm assotsiatsiyasi hamda «TGS Travel» xalqaro sayyohlik tashkiloti hamkorligida tashkil etilgan ushbu nufuzli anjuman dunyoning 20 dan ortiq mamlakatidan yetakchi turizm mutaxassislari, davlat va xususiy sektor vakillarini birlashtirdi.
Ilgari Turkiya, Misr, Vetnam va Tanzaniya kabi dunyoning yetakchi turistik markazlarida o‘tkazilgan ushbu nufuzli xalqaro sammitga 2026 yilda O‘zbekiston birinchi marta mezbonlik qildi. Bu esa mamlakatimizning barqaror va ekologik turizm sohasidagi salohiyati xalqaro miqyosda tan olinayotgani, shuningdek, global turizm xaritasidagi o‘rni yanada mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.



Tadbirda AQSh, Kanada, Yangi Zelandiya, shuningdek, Yevropa va Osiyo mintaqasining yetakchi davlatlaridan 100 ga yaqin yirik xorijiy turoperatorlar, sayyohlik kompaniyalari vakillari va soha ekspertlari qatnashib, O‘zbekistonning turistik salohiyati bilan bevosita tanishish va yangi hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

Sammit doirasida ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda turizm sohasini jadal rivojlantirishga qaratilgan izchil davlat siyosati olib borilmoqda. BMT Turizm ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston dunyoning eng tez o‘sib borayotgan yetakchi 7 ta sayyohlik yo‘nalishi qatoridan o‘rin oldi. Xususan, joriy yil boshidan buyon mamlakatimizga 8 milliondan ortiq xorijiy sayyoh tashrif buyurgan bo‘lib, ularning O‘zbekistonda o‘rtacha bo‘lish muddati 8 kungacha uzaytirildi. Ushbu ko‘rsatkichlar O‘zbekistonning nafaqat mintaqada, balki butun dunyoda istiqbolli va barqaror rivojlanayotgan turistik yo‘nalish sifatida mustahkam o‘rin egallayotganidan dalolat beradi.

Turizm sohasiga xorijiy va mahalliy investitsiyalarni yanada jalb etish maqsadida davlat tomonidan qator yangi imtiyoz va rag‘batlantirish choralari joriy etilmoqda.



Jumladan, mehmonxonalar qurish, rekonstruksiya qilish va jihozlashga 50 million AQSh dollari miqdorida resurs ajratilib, tadbirkorlarga 10 yil muddatga 16 foizli imtiyozli kreditlar taqdim etiladi. Uch, to‘rt va besh yulduzli mehmonxonalar qurilishiga subsidiyalar berish muddati yana ikki yilga, mehmonxonalar uchun o‘n baravar kamaytirilgan yer va mol-mulk solig‘i stavkalari esa 2030 yilgacha uzaytiriladi. Bundan tashqari, turoperatorlarning xorijiy turistlarga ko‘rsatgan xizmatlari eksportga tenglashtirilib, qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilinadi, turistik avtobus, elektrobus va mikroavtobuslarni olib kirishda esa bojxona imtiyozlari yana bir yilga uzaytiriladi.

Tadbirning rasmiy ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sanjar Tadjiyev hamda «TravelShop Group of Companies» bosh direktori va Istanbul turizm assotsiatsiyasi prezidenti Murtaza Kalender tabrik so‘zlari bilan chiqish qilishdi. Marosimda, shuningdek, boshqa rasmiy mehmonlar va xorijiy delegatsiya rahbarlari ham ishtirok etdi.

Ekoturizm va barqaror turizm konferensiyasi doirasida dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan yetakchi mutaxassislar o‘z tajriba va bilimlari bilan o‘rtoqlashdi. Xususan, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika sayohat bozori bo‘yicha ekspert Anis Sexili, Italiyaning Bergamo universiteti professori Roberto Garibaldi kabi xalqaro turizm ekspertlari, shuningdek, bir qator mahalliy mutaxassislar barqaror turizmni rivojlantirish, ekologik salohiyatdan oqilona foydalanish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish mavzularida mazmunli taqdimot va ma’ruzalar bilan chiqish qilishdi.



26 avgustdagi asosiy dastur muvaffaqiyatli yakunlanganidan so‘ng, xorijiy mehmonlar uchun Toshkent, Samarqand va Buxoro viloyatlari bo‘ylab ekskursiyalar hamda qo‘shimcha biznes uchrashuvlari davom ettiriladi. Ushbu tashriflar xorijiy delegatlarga O‘zbekistonning ming yillik tarixi, boy madaniy merosi va yuksak turistik salohiyati bilan bevosita yaqindan tanishish, shuningdek, mintaqaviy turizm loyihalari bo‘yicha amaliy taassurot olish imkonini beradi.

Tadbirning eng samarali jihati aynan B2B sessiyalarida namoyon bo‘ldi. Xorijiy turoperatorlar va sayyohlik kompaniyalari hamda mahalliy hamkorlar o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etildi. Ayniqsa, Kanada, Buyuk Britaniya va Yevropadagi xarid qobiliyati yuqori, asli kelib chiqishi osiyolik musulmonlar diasporasi uchun turlarni tashkil etish salohiyatiga ega yetakchi kompaniyalar bilan strategik hamkorlik aloqalari o‘rnatildi. Ushbu uchrashuvlar natijasida mahalliy va xorijiy turizm subyektlari o‘rtasida bir qator amaliy kelishuvlarga erishildi hamda uzoq muddatli hamkorlik loyihalarini boshlash uchun mustahkam asos yaratildi.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring