O‘zbekistonda dala hovlilar ro‘yxatga, xizmat narxlari esa nazoratga olinadi
O‘zbekistonda turizm sohasida yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va xizmatlar bozorida shaffoflikni ta’minlashga qaratilgan yangi tartib ishlab chiqilmoqda. Hujjat hozircha loyiha bosqichida bo‘lib, u amalga oshirilsa, ayniqsa dala hovlilar orqali ijara bozorida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda.
Yangi tartibga ko‘ra, aholi tomonidan turistlarga vaqtincha ijaraga berilayotgan dala hovlilar rasman joylashtirish vositasi sifatida tan olinadi. Bu esa ularni yagona elektron bazaga kiritish va faoliyatini tizimli hisobga olish imkonini beradi.
Eng muhim o‘zgarishlardan biri — barcha joylashtirish vositalari, jumladan dala hovlilar ham o‘z xizmatlari narxini maxsus milliy turizm platformasiga kiritib borishi majburiy qilib belgilanmoqda. Bu talab 2027-yil 1-yanvardan joriy etilishi rejalashtirilgan.
Mazkur yondashuv orqali bozordagi yashirin narxlar siyosatiga barham berish, turistlar uchun ochiq va tushunarli narxlar muhitini shakllantirish ko‘zda tutilmoqda. Shu bilan birga, bu raqobatni sog‘lomlashtirib, barcha ishtirokchilar uchun teng sharoit yaratishi kutilmoqda.
Loyihaga muvofiq, turistik dala hovlilarda faoliyat yuritish uchun alohida litsenziya talab etilmaydi. Shuningdek, bunday hovlilarda joylashgan mijozlardan turistik yig‘im undirilmaydi. Bu esa sohani ortiqcha byurokratik to‘siqlarsiz tartibga solishga qaratilgan.
Davlat organlari esa sohani raqamlashtirishga alohida e’tibor qaratadi. Turizm qo‘mitasi dala hovlilarning elektron reyestrini shakllantirishi, Soliq qo‘mitasi esa ularni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ma’lumotlarni yagona tizimga kiritishni ta’minlashi rejalashtirilgan.
Shuningdek, yangi tizim doirasida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish ham ko‘zda tutilgan. Agar fuqarolar ro‘yxatdan o‘tmagan yoki noqonuniy faoliyat yuritayotgan ijara ob’yektlari haqida xabar bersa va bu holat tasdiqlansa, ularga undirilgan jarimaning bir qismi mukofot sifatida berilishi mumkin.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter