Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×
IOS qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pekinda Tramp–Si uchrashuvi: savdo, Tayvan va geosiyosat muhokama qilindi

Pekinda Tramp–Si uchrashuvi: savdo, Tayvan va geosiyosat muhokama qilindi

Donald Tramp to‘qqiz yillik tanaffusdan so‘ng Xitoyga tashrif buyurdi. AQSh prezidentining uch kunlik davlat tashrifi doirasida Pekinda Xitoy raisi Si Szinpin bilan muzokaralari bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv Xalq yig‘ini uyida o‘tkazilib, ikki soatdan ortiq davom etgani xabar qilindi.

Trampga tashrif davomida davlat kotibi Marko Rubio, mudofaa vaziri Pit Xegset, moliya vaziri Skott Bessent va AQShning savdo vakili Jeymison Grir hamrohlik qildi. Shuningdek, delegatsiya tarkibiga 20 dan ortiq yirik amerikalik kompaniyalar vakillari ham kiritilgan.

Muzokaralar davomida tomonlar savdo-iqtisodiy munosabatlar, Tayvan masalasi, geosiyosiy xavfsizlik va ikki davlat o‘rtasidagi strategik raqobatni muhokama qildi.

Donald Tramp 2026-yilni AQSh va Xitoy munosabatlari uchun «tarixiy yil» deb atab, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilashga umid bildirgan. Uning ta’kidlashicha, Vashington Pekin bilan «o‘zaro manfaatli asosda» biznes yuritishni istaydi.

Si Szinpin esa savdo urushlarida g‘olib bo‘lmasligini ta’kidlab, AQSh va Xitoy o‘rtasidagi qarama-qarshilik har ikki tomonga ham zarar keltirishini aytdi. Xitoy rahbari Tayvan masalasini ikki davlat munosabatlaridagi «eng muhim masala» deb atadi hamda unga noto‘g‘ri yondashuv to‘g‘ridan-to‘g‘ri to‘qnashuvga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Shuningdek, Si Szinpin Xitoy va AQSh «Fukidid tuzog‘i»dan qochishi kerakligini ta’kidladi. Bu atama tarixda yuksalayotgan davlat va hukmron davlat o‘rtasidagi raqobatning urushga aylanishi xavfini anglatadi.

Marko Rubio esa Vashington Xitoy taraqqiyotini to‘xtatishni maqsad qilmaganini ma’lum qildi.

Tahlilchilar fikricha, mazkur uchrashuv so‘nggi yillarda keskinlashgan AQSh–Xitoy munosabatlarida yangi diplomatik bosqichni boshlab berishi mumkin. Ayniqsa, savdo cheklovlari, texnologiyalar raqobati va Tayvan atrofidagi taranglik sharoitida muzokaralar xalqaro hamjamiyat diqqat markazida bo‘lmoqda.

Izohlar 0

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring