Poytaxt bekatlaridagi do‘konlar olib tashlanadi
Poytaxtdagi bekat infratuzilmasini tartibga solish va yangilash bo‘yicha o‘tgan yili boshlangan ishlar davom ettirilmoqda. Raqamli transport markazi tashkil etilganidan buyon bu vazifa yangi markaz mutaxassislari va xodimlari tomonidan muvofiqlashtirib kelinmoqda.
Birinchi bosqichda poytaxtning eng tirband 100 kmlik masofa o‘rganilib, 360 dan ortiq bekat va 190 ta katta-kichik chorraha xatlovdan o‘tkazildi.
O‘tkazilgan audit natijalari jamoat transporti yo‘nalishida bekatlar o‘rnida xalq tilida «tijorat do‘konlari» deb ataladigan 110 ta savdo obekti joylashganini ko‘rsatgan. Ulardan 61 tasi bekat majmuasi hududiga egalik qilish va uni tasarruf etish huquqini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim eta olmagan.
Poytaxt hokimligiga ko‘ra, ularning faoliyatiga huquqiy baho berilib, tegishli choralar ko‘riladi.
«Shahar ma’muriyatining tegishli qaroriga asosan barcha bekatlar yangilanadi. Ruxsat beruvchi hujjatlarga ega tadbirkorlarga savdo nuqtalarini o‘rnatish uchun boshqa joy ajratish orqali kompensatsiya to‘lash mexanizmi ko‘zda tutilgan», – deyiladi xabarda.
Qo‘shimcha qilinishicha, jahon amaliyoti jamoat transporti bekatlarining zamonaviy konsepsiyalari bekat hududida savdo ob’yektlarining bo‘lmasligini, yo‘lovchilarning transportni erkin va xavfsiz kutishini, platformalarning yetarlicha keng bo‘lishini hamda tirbandlik yuqori bo‘lganda ularni kengaytirish imkoniyatini, shuningdek, inklyuziv muhit yaratilishini nazarda tutadi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter